O’zLiDeP tomonidan ommaviy axborot vositalari uchun brifing tashkil qilindi

20.10.2021, 17:03

O’zLiDeP tomonidan ommaviy axborot vositalari uchun brifing tashkil qilindi

Joriy yilning 20 oktabr kuni Xalqaro Media-xollda O’zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi tomonidan ommaviy axborot vositalari uchun brifing tashkil qilindi.

Unda O’zLiDePning O’zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik jarayonlari va amalga oshirilgan ishlari xususida so‘z yuritildi.

Ta’kidlash joizki, O’zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga partiyadan ko‘rsatiladigan nomzodning Saylovoldi dasturi loyihasi ishlab chiqildi. Mazkur yo‘nalishda doimiy faoliyat olib boruvchi ishchi guruh tuzildi. Uning tarkibida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, tajribali huquqshunoslar, iqtisodchilar, tadbirkorlar va boshqa sohalarda ish yurituvchi partiya faollari mehnat qildi. Dastur loyihasini pishiq-puxta, xalqchil tarzda tayyorlash uchun O‘zLiDePning tuman (shahar), viloyat Kengashlari tomonidan joylarda loyiha muhokamasiga bag‘ishlangan turkum davra suhbatlari, ochiq muloqotlar tashkil etildi.

Bundan tashqari, shu yilning aprel-may oylarida siyosiy partiyalarning mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarga ta’siri hamda aholining siyosiy jarayonlarga munosabati, fikr-mulohazalarini atroflicha o‘rganish maqsadida tuman (shahar)larda so‘rovlar o‘tkazildi va unda 30 mingga yaqin respondent qatnashdi. Shu tariqa bo‘lajak saylov oldidan aholining kayfiyati, ularning siyosiy jarayonlarga, xususan, partiya tomonidan amalga oshirilayotgan ishlarga munosabati o‘rganildi. Shuningdek, kelgusida partiya aholi orasiga yanada chuqurroq kirib borish uchun o‘z ish uslubiga qanday o‘zgartishlarni  kiritish kerakligi to‘g‘risida xulosalar chiqardi.

  Ana shu ishlar bilan bir vaqtda partiya avvalgi saylovda berilgan va’dalar ijrosini har bir viloyat kesimida sarhisob qildi. Bu yo‘nalishda videoroliklar, maqolalar tayyorlandi, shuningdek, aholi bilan yuzma-yuz muloqotlar tashkil qilindi.

Shuningdek Saylov bilan bog‘liq jarayonlar uchun turli tashviqot materiallari tayyorlanib, tarqatildi.

Bundan tashqari partiyadan Prezidentlikka ko‘rsatilgan nomzodining saylovoldi dasturi 7 ta tilda kitobcha shaklida chiqarilib, saylovchilar e’tiboriga havola etildi. “Saylovoldi tashviqotiga oid tavsiyalar”, “Vakolatli vakil va kuzatuvchilar uchun eslatma” va boshqa shu singari qo‘llanma, yo‘riqnomalar ham chop etilib, tarqatilgani alohida ta’kidlandi.

Saylovoldi targ‘ibot-tashviqot ishlari samaradorligini oshirish maqsadida event tadbirlari, nomzod ishonchli vakillarining targ‘ibot uchrashuvlari tashkil qilinmoqda. Shuningdek, partiya faollari uyma-uy yurib, saylovchilar bilan uchrashish, ya’ni bevosita targ‘ibot usulidan ham keng foydalanmoqdalar.

Masalan, partiya “Ayollar qanoti” tomonidan partiya markaziy saylovoldi shtabi negizida ayol saylovchilar bilan ish olib boruvchi guruh shakllantirildi. Rejaga asosan, respublikaning barcha hududlarida “Prezident saylovida xotin-qizlarning faol ishtirokini ta’minlash masalalari” mavzuida turkum o‘quv-seminarlar, davra suhbatlari, uchrashuvlar tashkil etildi.

Shuningdek, barcha tuman va shaharlarimizda “Oilam va yurtimda barqaror tinchlik, farovonlik uchun ovoz beraman!”, “Biz shifokorlarning tanlovi – Shavkat Mirziyoyev!”, “Men Shavkat Mirziyoyevga  ovoz beraman!” nomli targ‘ibot aksiyalari  hamda “O‘zLiDeP faoli - islohotlar targ‘ibotchisi!” klubi a’zolari ishtirokida  “Biz taraqqiyot va yorqin kelajak uchun ovoz beramiz!” shiori ostida “Eshikma-eshik” aksiyasi, “Shavkat Mirziyoyev - tadbirkor va fermerlarning eng ishonchli himoyachisi!”, “Farovon hayot sari!” shiorlari ostida ochiq muloqotlar o‘tkazib kelinmoqda. Ayni paytda ijtimoiy tarmoqlarda “Inson qadri uchun Shavkat Mirziyoyevga ovoz bering!” xesh-tegi ostida chellenjlar amalga oshirilyapti.

Qolaversa, mazkur guruh hududlarda “Inson qadri uchun Shavkat Mirziyoyevga ovoz bering!” shiori ostida targ‘ibot tadbirlarini tashkil qilyapti.

O’zLiDePning 1 mln. dan ziyod a’zosi bo‘lib, ularning yarmi – deyarli 500 mingdan ziyodi yoshlardir. Partiyamiz “Yoshlar qanoti” shu yil boshidan 30 ga yaqin mavzu va yo‘nalishda 4,5 mingdan ziyod tadbir o‘tkazdi. Saylovga start berilishi bilan har bir tumanda faol bo‘lgan yoshlardan iborat jami 3,5 mingga yaqin volontyor hamda 70 dan ziyod yoshlar parlamenti a’zolaridan iborat Yosh saylovchilar va volontyorlar targ‘ibot guruhlari tuzildi.

Hozirda targ‘ibot guruhlari joylarda mahallama-mahalla, uyma-uy yurib, targ‘ibot ishlarini olib bormoqda.

Bundan tashqari, O’zbekiston Respublikasi Prezidentligiga O’zLiDePdan nomzodning targ‘ibot flayerlari hamda bukletlari, shuningdek kitobcha shaklida chop etilgan saylovoldi dasturi hududlarda saylovchilarga tarqatildi.

Shu bilan birga ko‘zi ojiz saylovchilarga qulaylik yaratish maqsadida nomzodning saylovoldi dasturi maxsus brayl alifbosi hamda audioyozuv ko‘rinishida tayyorlanib, respublikadagi Ko‘zi ojizlar jamiyatlariga taqdim etildi.

Brifing yakunida ommaviy axborot vositalari uchun intervyu tashkil qilindi va jurnalistlarning savollariga javob berildi.

Teglar
  • Ko'rildi
    602
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+