Davlatimiz bayrog‘ining 30 yilligiga bag‘ishlangan tadbirlar tashkil etildi

18.11.2021, 17:38

Davlatimiz bayrog‘ining 30 yilligiga bag‘ishlangan tadbirlar tashkil etildi

Davlat ramzlari hamisha muqaddas va ulug‘ sanaladi. Chunki u xalqning o‘tmishi, buguni va kelajagini o‘zida mujassam etgan Vatanning yorqin timsollaridir.

Shunday timsollardan biri – bugun Birlashgan Millatlar tashkiloti oldida dunyo davlatlari orasida teng huquqligimizni bildirib hilpirab turgan Yarim oy va o‘n ikki yulduzli muzaffar bayrog‘imizdir.

Davlatimiz mustaqilligining ramzlaridan biri – mustaqil O’zbekiston Respublikasining “Davlat bayrog‘i to‘g‘risida”gi qonuni qabul qilinganligiga 30 yil to‘ldi.

Shu munosabat bilan O’zLiDeP Jizzax viloyat Kengashi “Yoshlar qanoti” faollari tomonidan Jizzax viloyat IT-Park filialida “Bayrog‘im-mening faxrim” nomli tadbir tashkil etildi.

Tadbirda partiya viloyat Kengashi mas’ul xodimlari,  xalq deputatlari Jizzax shahar Kengashi deputatlari va “Yoshlar qanoti” guruhi faollari ishtirok etdilar.

Tadbirda so‘zga chiqqanlar davlat ramzlari, jumladan, O’zbekiston bayrog‘ining muqaddasligi haqida fikr yuritar ekanlar, tarixda o‘z tug‘larini baland tutgan ajdodlarimiz, jumladan Najmiddin Kubro, Amir Temur, Jaloliddin Manguberdilarning jasorati bugungi avlodga ibrat ekanligini ta’kidlab o‘tdilar.

- Yoshlarimiz ham xalqaro arenalarda bayrog‘imizni baland ko‘tarib, yurtimiz shuhratiga shuhrat, obro‘siga obro‘ qo‘shmoqdalar, - deydi O’zLiDeP Jizzax shahar Kengashining apparat rahbari Iroda Mamatqulova. – Bunga Tokio olimpiadasida sportchilarimiz qo‘lga kiritgan g‘alabalar yorqin misol. Bundan keyin ham yoshlarimizni davlat ramzlariga, jumladan Davlatimiz bayrog‘iga hurmat-ehtirom ruhida tarbiyalash barchamizning burchimizdir.

Tadbir davomida yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, yot g‘oyalar ta’siridan asrash, bu boradagi ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarda davlatimiz ramzlariga bo‘lgan ehtiromni shakllantirish borasidagi amaliy chora-tadbirlar ham kelishib olindi.

Xolbek ASATOV,  

O’zLiDeP Jizzax viloyat Kengashi

Yoshlar bilan ishlash bo‘limi mudiri 

  • Ko'rildi
    485
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+