Kulollar sulolasining 4-avlodi Baxtiyor tandirchi yiliga 100 million daromad ko‘rmoqda

26.01.2022, 16:00

Kulollar sulolasining 4-avlodi Baxtiyor tandirchi yiliga 100 million daromad ko‘rmoqda

Karmanada bir mahalla bor. Mahallaning rasmiy nomi Talqoq deb atalsa-da, bu yerni ko‘pchilik Kulollar mahallasi, deydi. Sababi, mahallada joylashgan ikki katta ko‘chaning har bir xonadonida kulolchi ustalar yashaydi.

O’zLiDeP Navoiy viloyati hududiy partiya tashkiloti vakillari ota-bobolarining ortidan tandirsozlik hunarini davom ettirib kelayotgan Baxtiyor Hamroyev faoliyatini o‘rgandi.

Muqim kulolning o‘g‘li Hamro kulol, Hamro kulolning o‘g‘li Tolib kulol qo‘lidan qadimiy hunarni meros qilib olib, bugungi kunda yiliga minglab tandir yasayotgan Baxtiyor aka mahalladagi Kulollar ko‘chasi 111-uyda istiqomat qiladi.

Uning tandirlari 250 ming so‘mdan boshlanib, 2 yarim million so‘mgacha sotilmoqda.

-Men kulollar sulolasining 4-avlodiman. Esimni taniganimdan beri shu hunar bilan shug‘ullanaman. Tandirsozligim uchun tog‘lardagi shirali gil tuproqdan har oyda 7-8 tonna tuproq olib kelaman. Bir dona katta tandirni yasash uchun 200 kilogramm gil-tuproqqa ishlov beraman. Butun O’zbekiston bo‘ylab sotamiz tandirlarimizni, - deydi hunarining ortidan yiliga eng kamida 100 million so‘m daromad ko‘rayotgan bo‘lsa-da, kamtarlik va samimimiylik to‘la saqlab qolgan karmanalik tandirsoz usta B.Hamroyev.

“Hunar, hunardan unar”, deganlariday, kulolchilik ortidan kelayotgan daromad hamroyevlar oilasining yagona daromadi faqat shugina emas. Bu oila o‘z hovlisida 80 bosh zotdor qoramol boqish bilan ham shug‘ullanadi. Qoramollarga qarash uchun o‘zlaridan tashqari yana ikki kishini yollab, doimiy ish bilan ham ta’minlashgan. Oyiga 50-60 million so‘mlik yemishni ko‘rdim demaydigan mol-hollar uchun  aylanma xarajat juda katta bo‘lishiga qaramay, usta yo birovdan bir so‘m qarz, yo davlatdan kredit ko‘targan emas.

Tadbirkorlik xalqimizning qon-qoniga singib ketgan soha aslida. Yangi davr uddasidan chiqilgan ishlar, tadbiri topilgan masalalar uchun yaxlit bir nom topib berdi, xolos. Tandnirsozlar, beshiksozlar, sandiqchilar, somsapazlar shunchaki bir hunar egalarigina emas, o‘z kasbining tadbirkorligi bilan shug‘ullanib kelgan asil tadbirkorlardir.

Muhayyo Pirnafasova,

O’zLiDeP Navoiy viloyat Kengashi

jamoatchilik bilan aloqalar va

mafkuraviy ishlar bo‘limi mudiri

  • Ko'rildi
    338
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+