Qiziltepalik muallim asalarichilikdan bir yilda 150 mln. so‘m daromad ko‘ryapti

07.02.2022, 14:54

Qiziltepalik muallim asalarichilikdan bir yilda 150 mln. so‘m daromad ko‘ryapti

Qiziltepa tumanidagi umumta’lim maktabida 39 yil rus tili fanidan dars berib kelgan Hoji aka Yo‘ldoshev kasbini o‘zgartirdi.

O’qituvchilik bilan bir qatorda shaxsiy qiziqishlari ortidan asalarichilik bilan shug‘ullanib kelgan ustoz pensiya yoshiga yetib, o‘rta ta’lim tizimidan iftixor bilan kuzatildi.

Shu bo‘ldi-yu, asalarichilik faoliyatini kengaytirdi. Ukrainadan olib kelinadigan “Karpat” zotli asalari onaboshisidan sotib olib, tadbirkorlikni boshlab yubordi.

Ayni paytda faxriy ustoz xonadonida 80 oila asalari uyasi bo‘lib, har oila asalaridan 35-40 kilogacha asal olinyapti.

O’zida 29 xil mineral va 9 turdagi vitaminni jamlovchi shifobaxsh ne’matni el dasturxoniga chiqarish uchun asalarilarga  havo haroratining bir xilligini ta’minlash, boshqa paytlarda kuniga 2-3 soat, mavsumida esa 10-15 soat ishlash zarur.

- Asalarichilik bilan 33 yildan buyon shug‘ullanib kelaman. Bir yilda 150-160 million atrofida foyda ko‘raman.  Shu yil asalarining yoniga ko‘chat ham qo‘shdim. Har xil mevali daraxt ko‘chatlarini payvandlab, mevaga tayyorlab sotaman. O’g‘il-qizlarni o‘qitdik, uylab-joyladik. Mehnatning tagi rohat-da, - deydi H.Yo‘ldoshev.

Bundan tashqari, Hoji muallim asalarichilik sohasiga yana 8 shogirdni yetqizib berdiki, bu degani yana 8 oila o‘zini o‘zi band qildi, daromad manbaiga ega bo‘ldi.

O’zLiDeP Navoiy viloyati hududiy partiya tashkiloti tashabbusi bilan nuroniy taddirkor partiya a’zoligiga qabul qilinib, Xalq deputatlari Qiziltepa tuman Kengashi deputati X. Soliyeva tomonidan asalarichilik sir-asrorlarini boshqalarga ulashish maqsadida H.Yo‘ldoshev bilan mahorat darslarini tashkil etishga kelishib olindi.

M.Pirnafasova,

O’zLiDeP Navoiy viloyati jamoatchilik bilan aloqalar

va mafkuraviy ishlar bo‘limi mudiri

  • Ko'rildi
    297
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+