Andijonda vodiy yoshlari forumi o‘tkazildi

01.04.2022, 17:41

Andijonda vodiy yoshlari forumi o‘tkazildi

O‘zLiDeP “Yoshlar qanoti” tashabbusi bilan “Kichik targ‘ibot-yuksak natija” shiori ostida tashkil etilgan tadbirda oltin vodiyning  ilg‘or fikrli, yangilikka intiluvchan, zamon rivoji bilan hamqadam navqiron avlod vakillari jamuljam bo‘lishdi. Mehmonlar Andijon shahrining Bog‘ishamol dahasidagi “Bog‘i Bobur” milliy bog‘ida tantanali kutib olindi.

Forum ishtirokchilari ekskursiyani “Bog‘i Bobur” majmuasi anjumanlar zalida  Bobur nomidagi Xalqaro jamoat fondi raisi Zokirjon Mashrapov ishtirokidagi uchrashuvdan boshladilar. Forumni O‘zLiDeP Andijon viloyat Kengash raisi Xurshidaxon Xalilova kirish so‘zi bilan ochib berdi. Partiyaning kelajagi deya e’tirof etilayotgan yigit-qizlarning diydorlashuv chog‘idagi suhbatlaridayoq davlatimiz rahbari tomonidan olib borilayotgan izchil islohotlar, yoshlarga berilayotgan imkoniyatlar va “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili” davlat dasturi asosida qilinayotgan ishlarning dolzarb ahamiyati xususida so‘z yuritildi.

Tadbir davomida Bobur Xalqaro jamoat fondi raisi Z.Mashrapov hamyurtimiz, shoh va shoir, yirik davlat arbobi Z.M.Bobur hayoti va ijodi, shuningdek, ekspeditsiya jarayonlaridan tortib shu kunga qadar qilingan va qilinayotgan ishlar to‘g‘risida forum ishtirokchilariga yetarlicha ma’lumot berdilar. Tadbir davomida yoshlarni qiziqtirgan savollarga yetarlicha javoblar berildi. Forum doirasida mehmonlar Bobur va jahon adabiyoti muzeyiga sayohat qildilar va muzey faoliyati bilan yaqindan tanishdilar.

Vodiy yoshlarining Andijon shahridagi “Digital City” texnoparkida ko‘rgazmali sayohat tarzda davom etgan uchrashuvdan taassurotlari bir dunyocha. 5,6 gektar maydonda qurib bitkazilgan, 4 qavatli 3,5 ming kv.m. ni tashkil etadigan ushbu majmua axborot texnologiyalari va innovatsion loyihalarni qo‘llab-quvvatlash, dasturiy mahsulotlar eksportini yo‘lga qo‘yishga qaratilgan. Hozirgi kunda bu yerga tumanlardan 328 nafar mutaxassis jalb etilgan.

Texnoparkda mahalliy yoshlar, tadbirkorlar, yangi hunar o‘rganish istagida bo‘lgan fuqarolar uchun keng qulayliklar yaratilgan. Jumladan, kovorking markazi, data-tsentr, konferens-zal, kutubxona, innovatsion laboratoriya va o‘quv xonalari, biznes-inkubator, mediamarkaz, kibersport xonasi tashkil etilgan. Ko‘rgazmali sayohat davomida yoshlar “Digital City” texnoparki xususida mutaxassislar tomonidan yetarlicha ma’lumotlarga ega bo‘ldilar.

Kunning ikkinchi yarmida forum ishtirokchilarining sayohati  Andijon shahridagi ”DIRROMM Textil” MChJ da tashkil etildi. 

– Korxonada yaratilgan shart-sharoitlar havas qilsa arzigulik ekan, – dey¬di O‘zLiDeP Namangan viloyat Kengashi faoli, Yoshlar Parlamenti a’zosi Jaxongir Rashidov. – 2020 yili tashkil etilganiga qaramay, qisqa vaqtda katta yutuqlarni qo‘lga kiritgani tahsinga loyiq. Ishchi-xizmatchilarning 80 foizini yoshlar tashkil qilarkan.

O‘zLiDeP Namangan viloyat Kengashi mutasaddilari, partiya viloyat kengashi mas’ullarining “Kelajak deputatlari” guruhi a’zolari, yosh ijodkorlar, tadbirkorlikni boshlamoqchi bo‘lgan faol yigit-qizlar bilan o‘tkazilgan ochiq muloqoti samimiy kechdi.

  • Ko'rildi
    233
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+