Nishonda kartoshkachilik rivojlanmoqda

27.04.2024, 16:29

Nishonda kartoshkachilik rivojlanmoqda

Ilgari nishonliklar kartoshkani bozordan sotib olishardi. Tuman yerlarida kartoshka yetishtirib bo‘lmaydi, degan gap bor edi odamlar orasida. Shu bois kartoshka ekishga hech kim jurʼat eta olmasdi.  Mana yetti yildirki, nishonliklar tomorqalarida kartoshka ekishni  boshlab yubordilar. Orzu bo‘stoni mahallasida yashovchi fuqarolarning tashabbuslari o‘z samarasini berdi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari, O‘zLiDeP fraksiyasi rahbari Aktam Xaitov Nishon tumanidagi Orzu bo‘stoni mahalla aholisining tomorqachilik tajribasi bilan tanishdi. Sherzod Jumayev kartoshkachilikda erishayotgan yutuqlari haqida so‘zlab berdi.

- Avvaliga yarim sotix maydonda kartoshka ekib, sinab ko‘rdim, - deydi Sherzod Jumayev. – Dastlabki yil urug‘ tanlashda adashgan ekanman. Hosil yaxshi bo‘lmadi. Lekin ahdimdan qaytmadim. Keyingi yili 1 sotix maydonga sifatli urug‘lik topib, ekdim. Bugungi kunda 4 sotix maydonga “Orizona” navidan ekkanman. Nihollarning rivoji yaxshi, bitta yarim gullay boshladi. Kattagina daromaddan umidim bor. Kelgusida kattaroq maydonda dehqonchilik qilishni mo‘ljallab turibman. Eng muhimi, bizda ham kartoshka yetishtirsa bularkan. Mahalladoshlarim mendan o‘rnak olishib, kartoshkachilikni yo‘lga qo‘yishdi. Daromad yaxshi, hech kim qilgan mehnatiga kuygani yo‘q. Aksincha ro‘zg‘orlari farovon bo‘lib, yangi-yangi uy, to‘ylar qilishayapti. Chori Nurmatov, Bakir Ismoilov, Alyor Abdurasulovlar dehqonchilikni hadisini olgan tomorqachilar hisoblanishadi. Ko‘pchilik mendan kartoshka yetishtirish borasida saboq olishib, yer bilan tillashishni boshlab yubordilar.

Darhaqiqat, bugungi kunda tumandagi Orzu bekati, Yuksalish, Paxtaobod va Jalajin qishloqlarida dehqonchilik qilib, yaxshigina daromad topayotgan oilalar soni anchagina. Alisher Yo‘ldoshev 3,5 sotix maydonda kartoshka, 1,5 sotix yerda pomidor yetishtirib kelmoqda. Shohzamon Mixliyev oilasi 2,5 sotix maydondagi issiqxonasida  limon, mandarin, apelsin ko‘chatlari yetishtirib, yiliga o‘ttiz million so‘m daromad qilmoqda.  Ko‘chatlar qo‘shni tumanlardagi issiqxonachilarga ham yetkazib berilayapti.

  • Ko'rildi
    23
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+