Mahallada aholi bandligini ta’minlash, daromad manbalarini shakllantirish uchun imkoniyatlar yetarli

13.05.2022, 16:34

Mahallada aholi bandligini ta’minlash, daromad manbalarini shakllantirish uchun imkoniyatlar yetarli

O’zLiDeP Jizzax viloyat Kengashi Jamoatchilik bilan aloqalar va mafkuraviy ishlar bo‘limi hamda partiya Mirzacho‘l tuman Kengashi tashabbusi bilan “Taraqqiyot strategiyasi: Mahalla obodligi – yurt obodligi demakdir” deb nomlangan amaliy muloqot tashkil etildi.

Mirzacho‘l tumanidagi Paxtazor ShFYda bo‘lib o‘tgan mazkur tadbirda xalq deputatlari Jizzax viloyat Kengashi deputati Sabohat Azimova, xalq deputatlari tuman Kengashidagi O’zLiDeP deputatlik guruhi rahbari Erjigit Ergashev, partiya faollari, xotin-qizlar, yoshlar ishtirok etishdi.

Ayni paytda tumandagi mavjud 12 ta mahallada aholi bandligini ta’minlash, xotin-qizlarni, yoshlarni kasb-hunarga o‘qitish, tomorqachilikni rivojlantirish va boshqa “o‘sish nuqtalar”ini topish borasida mutasaddi tashkilotlar, hokim yordamchilari, sektor vakillari bilan deputatlar, partiya faollari yaqindan hamkorlikni yo‘lga qo‘yishgan.

Tumandagi Paxtazor mahallasida o‘tkazilayotgan amaliy muloqot mazkur yo‘nalishdagi ishlarning uzviy davomi bo‘ldi. Mazkur mahallada 2900 nafardan oshiq aholi istiqomat qiladi. Ularning 753 nafarini xotin-qizlar, 623 nafarini yoshlar tashkil qiladi. 38 nafar yoshlar rasman ishsiz hisoblanadi. Tadbir davomida ishtirokchilar bevosita tomorqachilar va tadbirkorlar bilan muloqot qilish, o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olish imkoniga ega bo‘ldilar. Eng ahamiyatlisi, barcha tomorqachilar, tadbirkorlik faoliyatlarini boshlash istagida bo‘lgan mahalladoshlariga amaliy yordam ko‘rsatishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

Marjona ko‘chasida istiqomat qiluvchi Mavlon Qurbonov an’anaviy ekin turlari bilan birgalikda 1 sotix maydonda Biogumus organik o‘g‘it yetishtirish bilan shug‘ullanmoqda.

Samarqand ko‘chasida istiqomat qiluvchi Xolmurod Xolmonov ham o‘z tomorqachisidan unumli foydalanayotgan insonlardan biri. Tomorqada yetishtirilayotgan mahsulotlar oilasi dasturxonining to‘kinligini ta’minlayapti. Ehtiyojdan oshiq qismi bozorga olib chiqilmoqda.

Mirzo Ulug‘bek ko‘chasida yashovchi Nargiza Yusupova esa parrandachilik bilan shug‘ullanmoqda. Mahalladagi 9-maktabda esa quyonchilik fermasi tashkil qilinibdi. Ko‘rinib turibdiki, mahallada turli xil yo‘nalishlarda tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish mumkin ekan.

Amaliy misollarda ko‘rsatilgan mahalladoshlar faoliyati tadbir ishtirokchilarida katta taassurot qoldirdi.

O’zLiDeP Jizzax viloyat Kengashi

Matbuot xizmati

  • Ko'rildi
    218
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+