Konstitutsiyaviy islohotlarda yoshlarimiz ham faol

03.06.2022, 10:54

Konstitutsiyaviy islohotlarda yoshlarimiz ham faol

Bugun har sohada o‘zgarishga yuz tutdik. Yangi soha va yo‘nalishlarni hayotga joriy etdik. Tabiiy ravishda yangi terminlar kundalik hayotimizdan o‘rin oldi. Demakki, shu tendensiyaga mos ravishda qonunlarimizni ham o‘zgartirishga ehtiyoj sezilmoqda. Shu bois, O’zLiDeP Konstitutsiyamizga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish taklifi bilan chiqdi.

Vaholanki, bu jarayonda shu yurtga daxldor bo‘lgan barcha fuqarolar ishtirok etishi, o‘z taklif va mulohazalarini bayon etishi lozim. O’zLiDeP Surxondaryo viloyati Kengashida bo‘lib o‘tgan tadbirda bir guruh faol yoshlar jam bo‘lishdi va ularning ushbu jarayon haqidagi fikrlari o‘rganildi. Umuman, konstitutsiyaviy islohotlar jarayonida yoshlarning huquq va manfaatlarini to‘liq ta’minlash, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash masalasi haqida so‘z bordi.

Tadbirda viloyat adliya boshqarmasi vakili A.Abduraxmonov amaldagi O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga kiritilgan o‘zgartirishlar va ularning mohiyati haqida to‘xtalar ekan Konstitutsiyamiz mamlakatimizda mustaqillik yillarida erishilgan yutuq va o‘zgarishlarning mustahkam huquqiy poydevori bo‘lib kelganligini alohida e’tirof etdi. Shu bilan birga Yangi O’zbekistonning taraqqiyot strategiyasidagi ulkan marralarga erishishda Konstitutsiyamizni zamon talablari darajasiga moslashtirish lozimligini aytib o‘tdi.

Birgina ta’lim tizimida oxirgi yillarda katta o‘zgarishlar ro‘y berdi. Asosan, talabalarga kontrakt to‘lovi bo‘yicha yengilliklar va moliyaviy yordamlar berildi. Yosh mutaxassislarni xorijda tayyorlash va vatandoshlar bilan muloqot qilish bo‘yicha «El-yurt umidi» jamg‘armasi faoliyati tashkil etilgani,  2022/2023 o‘quv yilidan boshlab oliygoh, texnikum va kollejlarda o‘qiyotgan qizlarga ta’lim kontraktlarini to‘lash uchun,ilk marotaba, 7 yil muddatga foizsiz kredit berilishi, magistraturada o‘qiyotgan qizlarning kontrakt pullari to‘liq budjetdan qoplab berilishi, har bir viloyatda ehtiyojmand oila vakillari, ota yoki onasini yo‘qotgan 150 nafar qizlarning ta’lim kontrakti mahalliy budjetdan to‘lab berilishi joriy qilindi.

Tadbir davomida “Men ham tadbirkor bo‘laman” loyihasi doirasida tashkil etilgan o‘quv seminarda faol qatnashgan yosh faollarga O’zLiDeP Siyosiy Kengash Ijroiya qo‘mitasi hamda O’zbekiston tadbirkorlik va fermerlikni qo‘llab-quvvatlash markazining sertifikatlari va sohaga oid qo‘llanmalari topshirildi.

Tadbir so‘nggida partiyamizga xayrixoh bo‘lgan Surxondaryo viloyati “Qizlar ovozi” klubi koordinatori Aziza Qosimova hamda tumandagi koordinator qizlar partiyamiz safiga qabul qilindilar va ularga tantanali ravishda a’zolik guvohnomalari topshirildi.

Dilrabo Raxmanova,

O’zLiDeP Surxondaryo viloyati Kengashi

Jamoatchilik bilan aloqalar va mafkuraviy ishlar bo‘limi mudiri

  • Ko'rildi
    413
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+