Konstitutsiyaviy qonun loyihasida davlat aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalarni to‘liq qo‘llab-quvvatlashi belgilab qo‘yilmoqda

16.07.2022, 16:06

Konstitutsiyaviy qonun loyihasida davlat aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalarni to‘liq qo‘llab-quvvatlashi belgilab qo‘yilmoqda

Xalq deputatlari Mirobod tuman Kengashidagi O’zLiDeP deputatlik guruhi a’zolari, partiya faollari, “Sharof Rashidov”, “At Termiziy”, “Afrosiyob” mahallalari raislari va faollari hamda hokim yordamchilari, yoshlar yetakchilari ishtirokida “Konstitutsiyaning yagona manbai va muallifi – xalqdir” mavzusida ochiq muloqot tashkil etildi.

Tadbirda “O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy qonun loyihasining mazmun-mohiyati tushuntirildi. Bosh qomusimizda fuqarolarning mehnat, ijtimoiy va ekologik huquqlarini, shu jumladan aholining ehtiyojmand qatlamlari huquqlarini konstitutsiyaviy jihatdan kafolatlashni kuchaytirish ko‘zda tutilgan. Bunda: nogironligi bo‘lgan shaxslarga nisbatan turli cheklovlar o‘rnatish, shuningdek ularning ob’ektlar va xizmatlardan foydalanishi uchun shart-sharoitlar yaratishdan bo‘yin tovlash taqiqlanmoqda. Davlat aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalarining hayoti sifatini oshirishga, ularga jamiyat hayotida boshqa fuqarolar bilan teng ravishda ishtirok etishi uchun sharoitlar yaratishga hamda o‘zining hayotiy ehtiyojlarini mustaqil ravishda ta’minlash imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan chora-tadbirlar ko‘rishi belgilanmokda, davlat ijtimoiy xizmatlar tizimini rivojlantirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratishi, davlat pensiyalarini, nafaqalarini va ijtimoiy yordam ko‘rsatishning boshqa turlarini ta’minlashi mustahkamlanmoqda.

Pensiyalar, nafaqalar, ijtimoiy yordam ko‘rsatishning boshqa turlari rasman belgilangan eng kam iste’mol xarajatlaridan kam bo‘lishi mumkin emasligi aniq ko‘rsatilmoqda. Homiladorligi yoki bolasi borligi sababli ayollarni ishga qabul qilishni rad etish, ularning ish haqini kamaytirishning taqiqlanishi, bolalar mehnatining eng yomon shakllaridan foydalanish qonunga binoan javobgarlikka sabab bo‘lishi Konstitutsiya bilan belgilanmoqda.

Muloqot jarayonida ishtirokchilar o‘z takliflarini va fikr-mulohazalarini bildirdilar.

  • Ko'rildi
    215
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+