Deputatlik eshituvi: Sirdaryoda elektr energiyasi hamda budjet ijrosi bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar tahlil qilindi

02.08.2022, 12:18

Deputatlik eshituvi: Sirdaryoda elektr energiyasi hamda budjet ijrosi bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar tahlil qilindi

Xalq deputatlari Sirdaryo viloyat kengashidagi O’zLiDeP deputatlik guruhining navbatdagi eshituvi bo‘lib o‘tdi. Unda deputatlar dastlab Prezidentimizning 2018 yil 23 oktyabrdagi “Elektr energetikasi tarmog‘ini jadal rivojlantirish va moliyaviy barqarorligini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarori ijrosi yuzasidan “Sirdaryo hududiy elektr tarmoqlari” AJ raisi o‘rinbosarining hisobotini tingladilar.

Hisobotga ko‘ra, 2022 yilning yanvar-iyul oylari davomida jismoniy va yuridik shaxslardan kelib tushgan murojaatlarning ko‘rib chiqilishi jami 1589 ta bo‘lib, shundan, 1083 tasi ijobiy, 567 tasiga tushuntirish ishlari berilgan, hozirda 39 tasi jarayondadir. Murojaatlar asosan, elektr energiyasi bilan sifatsiz ta’minlash (o‘chish), elektr tarmog‘i qurib berish, tarmoqqa ulanish, simyog‘oya hamda TP o‘rnatib berish, xodimlar harakatidan noroziligi, qarzdorlikka aniqlik kiritib berish bo‘yicha tushmoqda.

Shuningdek, “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlariga asosan, “Sirdaryo XETK” AJ tomonidan 2022 yilda bajarilayotgan rekonstruksiya ishlari to‘g‘risida ham batafsil ma’lumotlar berib o‘tildi.

Unga ko‘ra, Guliston shaharning “Do‘stlik” hamda “Ibratli” MFYlarida transformator punktlarini o‘rnatish yillik rejada 33 dona bo‘lgan bo‘lsa, bugungi kungacha 5 dona o‘rnatilganligi aytildi. Yangiyer shaharning “Yuksalish”, “Shodiyona” MFYlarida jami TP o‘rnatish yillik rejada 12 dona bo‘lgan bo‘lsa, amalda 11 donasi o‘rnatilganligi, Oqoltin tumanining “Toshkent” va “Yangi hayot” MFYlarida TP yillik rejada 7 dona bo‘lgan bo‘lsa, amalda faqatgina 1 donasi o‘rnatilganligi bo‘yicha ham ma’lumot berildi.

Shundan so‘ng, viloyat Moliya boshqarmasi mutaxassisining 2022 yil 6 oyligi budjeti ijrosi yuzasidan axboroti tinglandi.

Ochiqlik va oshkoralik, tanqidiy-tahliliy ruxda o‘tgan mazkur deputatlik eshituvida deputatlar tomonidan bir qator og‘riqli masalalar aytilib, savollar berildi. Ularning ijobiy yechimi tez orada hal etilishi, bu bo‘yicha deputatlik guruhiga ma’lumot taqdim etishi zarurligi eshituv so‘ngida aytildi.

  • Ko'rildi
    523
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+