Shijoatli, izlanuvchan, tashabbuskor

16.08.2022, 11:05

Shijoatli, izlanuvchan, tashabbuskor

Yurtimizda kichik biznes va xususiy sektorning rivojlanishida faol ishtirok etayotgan shijoatli, izlanuvchan, tashabbuskor tadbirkor va fermer xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida tashkil etilgan «Ishbilarmon ayol-2022» ko‘rik-tanlovining hududiy respublika bosqichlari bo‘lib o‘tmoqda. Ushbu tanlov Samarqand viloyatida ham tashkil qilindi.

Bugungi kunda Samarqand viloyatda 22 mingdan ortiq kishi tadbirkorlik bilan shug‘ullanayotgan bo‘lsa, ularning 3 mingdan ziyodini xotin-qizlar tashkil qiladi.

Joriy yilida «Ishbilarmon ayol» an’anaviy ko‘rik-tanlovining quyi bosqichlarida 1 ming 22 nafar opa-singillarimiz xususiy tadbirkorlik, fermerlik, hunarmandchilik va ishlab chiqarish sohalarida o‘z salohiyatini namoyish etdi. Ular ichidan saralangan 16 nafari tanlovning viloyat bosqichida yana bir bor bahs yuritdilar.

Tanlov jarayonida ishtirokchilar faoliyatini baholashda hakamlar hay’ati tomonidan ishbilarmon ayollarning zamonaviy ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish orqali yangi ish o‘rinlarini yaratgani, eksportga yo‘naltirilgan yoki import o‘rnini bosadigan mahsulot ishlab chiqarishi, aholiga xizmat ko‘rsatishni qay darajada tashkillashtirgani inobatga olindi.

Natijaga ko‘ra, 1-o‘ringa Samarqand tumanidagi zardo‘zlik yo‘nalishida milliy kiyim - kechak mahsulotlari bilan ishtirok etgan «Zulxumor» xususiy korxonasi rahbari Zulxumor Zoxidova, 2-o‘ringa Jomboy tumanidan «Sherboyev Murodullo» chorvachilik fermer xo‘jaligi raisi Gulchehra Sherboyeva va 3-o‘ringa toyloqlik «Farhod montaj servis» MChJ direktori Sabina Hakimova munosib ko‘rildi.

G’olib va sovrindorlarga diplom hamda qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.

  • Ko'rildi
    354
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+