Orden muborak, mahallaning onasi!

05.09.2022, 12:32

Orden muborak, mahallaning onasi!

Bibisora Begnayevani “Yertepa mahallasining onasi” deb atashadi. Bu bejizga emas. Qirq yildan ortiq maktabda o‘qituvchi bo‘lib ishlagan tashabbuskor ayolni mahallaga rais etib saylashganidan so‘ng, tashabbuskor ayol qisqa fursatda hududni obodonlashtirish, aholini ijtimoiy muhofaza qilish, bandligini ta’minlash borasida qator ibratli ishlarni amalga oshirib, elning hurmatiga sazovor bo‘ldi. Mahalla qoshida tikuvchilik sexi tashkil etilib, 12 nafar “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlar ishga olindi. 2019-2021 yillarda tumanda “Eng namunali mahalla” deb topilgan maskanda 617 ta oila, 505 ta xonadonlar bo‘lib, 2817 nafar turli millat vakillari fuqaro istiqomat qiladi. Mahalla hududida 28 ming tupdan ortiq mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari ekildi.

 17 ta savdo do‘koni, sartaroshxona, dorixona, tikuvchilik sexi, avtoservis hamda 3 ta (50 tonnagacha) ho‘l mevalarni saqlash uchun muzlatkich omborxonalari bunyod etildi. 20 ta zamonaviy chiqindi qutilari, 3 ta chiqindixonalar hamda 1 ta aholiga suyultirilgan gaz ballonlari saqlash markazi tashkil etilgan. “Yertepa” qabristoniga kiradigan 1,6 km avtomobil yo‘lini mukammal ta’mirlandi. 

Oilalarning tinch-totuvligini mustahkamlash, yoshlarni yuksak ma’naviy-ahloqiy ruhda tarbiyalash, “Maktab-oila-mahalla” hamkorligini yo‘lga qo‘yish borasida ham qator ibratli ishlarni amalga oshirilmoqda.  Xonadonlardagi tomorqa xo‘jaliklaridan samarali foydalanish yo‘lga qo‘yilgach, aholining bandligi va turmush farovonligi keskin ortdi.  35 ta issiqxona tashkil etilib, pomidor, bodring, sitrus mevalar yetishtirish yo‘lga qo‘yildi. 505 ta xonadondagi 303 gektar maydonda besh ming tonnadan ortiq meva-savzavot yetishtirilib, bozorga chiqarilgan.

 Kam ta’minlangan oilalarga moddiy yordamlar ko‘rsatib kelinmoqda. Homiylar hisobidan 12 ta oilaga 600 ta parranda olib berildi. Natijada, kam ta’minlangan oilalar soni kamaygan. Mahallada moddiy yordam so‘rab murojaat qilgan fuqarolarning uchramasligi ham buni isbotlab turibdi.   Mahallada yashovchi 3 nafar nogironlarga homiylar yordamida nogironlar eshitish moslamalari va hassalar olib berildi.

- Mahallamizda taniqli ziyolilar, ma’naviyat va ma’rifat targ‘ibotchilari, deputatlar va olimlarni jalb etgan holda yoshlarni   vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, sog‘lom turmush tarzini shakllantirish,   mustaqil hayotga tayyorlashga qaratilgan “Vatan ostonadan boshlanadi”, “Vatan sajdagoh kabi muqaddasdir”, “Mustaqillik-buyuk ne’mat”, “O’z uyingni o‘zing asra”, “Nikohlanuvchi shaxslarning tibbiy ko‘rikdan o‘tishining ahamiyati” kabi 50 dan ortiq ma’naviy targ‘ibot tadbirlarini o‘tkazdik, -deydi Bibisora opa. - “Maktab-oila-mahalla” hamkorligi namunali yo‘lga qo‘yilganligi bois yoshlar o‘rtasida huquqbuzarliklar va erta nikohlanishlarning oldi olinib, huquqbuzarliklar va ajrimlar qayd etilmayapti. Diniy ekstremizm va aqidaparastlikka qarshi kurashish bo‘yicha so‘nggi uch yil mobaynida 100 dan ortiq uchrashuv va davra suhbatlari tashkil etdik. Tushuntirish-targ‘ibot ishlari natijasida o‘nta oila yarashtirildi. O’tgan davrda birorta ham oilaviy ajrimlar,  xotin-qizlarning hamda voyaga yetmaganlarning o‘z joniga qasd qilishi holatlari sodir bo‘lmadi. 

-Partiyadoshlarimiz o‘rtasida Bibisora opaning raislik tajribasini ommalashtirish maqsadida targ‘ibot tadbirlari tashkil etayapmiz, - deydi O’zLiDeP Qashqadaryo viloyat kengashi raisi Shuhrat Aslanov. – Onaxon mahallasidagi har bir oilaning yashash sharoiti, imkoniyatlarini juda yaxshi biladi. Odamlarni qalbiga  yo‘l topib, ularni tadbirkorlikka yo‘naltira olayapti. Ularni qiynab kelayotgan muammolarning maqbul yechimlarini topib, oilalarning mustahkamligi va tumush farovonligini oshirishga munosib hissa qo‘shib kelmoqda.

 Darhaqiqat, fuqarolar yig‘inida namunali oilalarni ko‘paytirish va ko‘chalarni obodonlashtirish, tomorqalardan maqsadli foydalanish ishlarini yanada jonlantirish maqsadida har yili “Eng obod ko‘cha” va “Eng namunali xonadon” ko‘rik-tanlovlarini o‘tkazilib, g‘oliblar rag‘batlantirib boriladi.  Onaxonning tashabbusi bilan 1 nodavlat maktabgacha ta’lim muassassasi, 1 ta nodavlat ta’lim muassasasi, 1 ta qishloq oilaviy poliklinikasi, otalar choyxonasi qurib bitkazildi. 3,3 km ichimlik suv suv quvurlari tortildi. 7,7 km yo‘l to‘lik ta’mirdan chiqarildi. 160 kVA kuvvatli so‘ngi rusumdagi transformator punkti qurilib 2,3 km uzunlikdagi  yangi tarmoq tortilib mavjud yaroqsiz holga kelib qolgan ustunlar o‘rniga jami 104 dona temir beton ustunlar o‘rnatildi.

Bibisora Begnayeva Prezident Farmoniga ko‘ra “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlangani haqidagi xabar barcha yertepaliklarning bayram quvonchiga quvonch qo‘shdi. Onaxonni yuksak mukofot bilan tabriklash uchun kelayotganlarning keti uzilmaydi. Bu mukofot el tashvishida yelib-yugurib, odamlarga farovonlik keltirayotgan zahmatkash o‘zbek ayolining jasoratiga berilgan yuksak baho desak, ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz. Orden muborak, mahallaning onasi!  

Sayfulla IKROMOV, 

“XXI asr” muxbiri

  • Ko'rildi
    236
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+