Tarbiya bilan bugun biz shug‘ullanmasak... ertaga o‘zgalar shug‘ullanishadi

06.10.2022, 10:45

Tarbiya bilan bugun biz shug‘ullanmasak... ertaga o‘zgalar shug‘ullanishadi

Bu haqda necha o‘n yillarki, gapiryap­miz, yozyapmiz, bong uryapmiz. Lekin natija-chi? Nega o‘zgarish kam? Yil sayin bu borada quvonch o‘rnini nega tashvish egallamoqda? Biz esa hamon ta’lim birlamchimi yo tarbiya, deya tortishib yotibmiz. Kattalar yoshlardan, yoshlar bo‘lsa kattalardan noliyverib, vaqtni, fursatni boy beryapmiz. Xo‘sh, nima qilish kerak?

Yoshlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish Yangi O’zbekistondagi islohotlarning muhim yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Ayniqsa, o‘sib kelayotgan navqiron avlodni yot g‘oyalar va mafkuraviy xurujlar ta’siridan ishonchli muhofazalash, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan ishlar ko‘lami tobora ortib bormoqda. O’zbekiston Respublikasining “Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida”gi qonuni bu boradagi ishlarni yanada yuqori darajaga ko‘tarishda dasturilamal bo‘layotgani ham bor gap.

Mazkur qonunda yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash yuzasidan davlat organlari, nodavlat tashkilotlar, jamoatchilik institutlarining vazifalari aniq belgilab berilgan. Samaradorlikni ta’minlash nuqtai nazaridan jamoatchilik nazorati masalasiga alohida e’tibor qaratilgan.

To‘g‘ri, bugun mamlakatimizda yoshlarning o‘z iqtidor va salohiyatini namoyon etmog‘i uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Biroq globallashuv jarayoni shiddat bilan davom etayotgan, turli kurashlar avj olgan tahlikali zamonda ota-onalar, mahalla, ustoz-murabbiylarning yanada hushyor va ogoh bo‘lishi suv va havodek zarur ehtiyojga aylandi bugun.

Yoshlarni nafaqat faol, balki yuqoridagi kabi tahdidlarga qarshi tura oladigan bilimdon, yuksak ma’naviyatli qilib tarbiyalash o‘ta dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Prezidentimiz ta’kidlaganidek, bolalarimizni birovlarning qo‘liga berib qo‘ymasdan, o‘zimiz tarbiyalashimiz lozim. Buning uchun yoshlar bilan ko‘proq gaplashib, ularning qalbiga quloq solish, dardini bilish, muammolarini yechishda amaliy yordam ko‘rsatishimiz, ayniqsa, uyushmagan qatlam bilan ishlashga alohida e’tibor qaratishimiz zarur. Bu vazifani samarali amalga oshirishda esa asrlar mobaynida shakllangan milliy an’analarimizga, ajdodlarimizning boy merosiga tayanish katta natija berishi aniq.

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O’zbekis­ton Liberal-demokratik partiyasi “Yoshlar qanoti” barcha ta’lim muassasalari o‘quvchilarini kichik biznesga jalb qilish maqsadida qator loyihalarni amalga oshirmoqda. Jumladan, O’zLiDeP ishbilarmonlik ko‘nikmalarini o‘zlashtirish, zamonaviy axborot-kompyuter texnologiyalari, internet xizmatidan, milliy va xorijiy axborot-kutubxona fondlaridan foydalanish, ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatish, servis va qishloq xo‘jaligi sohasini rivojlantirish borasidagi innovatsion loyihalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlaydi. Bu esa Yangi O’zbekistonni barpo etishga qaratilgan umumxalq harakatida yoshlarning qudratli to‘lqin bo‘lib maydonga chiqishida poydevor bo‘lib xizmat qiladi.

Tarixga nazar tashlaydigan bo‘lsak, buyuk ajdodlarimiz erishgan olamshumul yutuqlar zamirida, avvalo, ona Vatanga xizmat qilishdek olijanob maqsad mujassam ekanini ko‘ramiz. Masalan, Abu Rayhon Beruniy, Mirzo Ulug‘bek singari ulug‘ allomalar, Alisher Navoiy, Bobur Mirzo kabi shoir va mutafakkirlar, Abdulla Avloniy, Fitrat, Abdulla Qodiriydek ma’rifatparvarlar mashhur ilmiy kashfiyotlarini, o‘lmas badiiy asarlarini aynan navqiron vaqtlarida yaratganlarini hammamiz yaxshi bilamiz va bu bilan faxrlanamiz ham hatto. Shu o‘rinda haqli savol tug‘iladi: xo‘sh, necha asrlarki, tomirimizda ulug‘larimizning qoni oqyapti, ularning munosib vorislari bo‘lishimiz shart, degan shiorbop va’dalarimizni qay darajada oqlayapmiz? Maqtanish, faxrlanish o‘z yo‘liga, lekin bugun kechagi davr emas, texnika, internet, globallashuv jarayoni yashin tezligida o‘zgaryapti. Dunyoga O’zbekiston nomini tanitayotgan, bayrog‘ini baland ko‘tarayotgan avloddan umidimiz katta. Demak, mamlakat rahbari qayta-qayta ta’kidlayotgan ta’lim masalasiga davlat siyosatining asosiy yo‘nalishi sifatida katta e’tibor qaratilayotgan bir paytda tarbiyaga ham ana shunday munosabat shakllanmog‘i shart.

Bugun davlatimiz va jamiyatimizning bor kuch va imkoniyatlarini safarbar etgan holda, mamlakatimizda Uchinchi Renessans poydevorini yaratish yo‘lida ulkan qadamlar qo‘yilmoqda. Bu borada mutlaqo yangicha shakl va mazmundagi Prezident maktablari, ijod va ixtisoslashgan maktablar tizimi yaratilganini ta’kidlash lozim. Ushbu maktablarda ta’lim olayotgan ko‘plab o‘quvchilar nufuzli xalqaro tanlovlarda yuqori natijalarni qo‘lga kiritishyapti.

Parlamentlararo ittifoqning Bosh kotibi Martin Chungong mamlakatimizga tashrifi chog‘ida ta’kidlaganidek, sayyoramiz aholisining yarmidan ko‘pini 30 yoshgacha bo‘lgan insonlar tashkil etsa-da, butun dunyo bo‘yicha yosh deputatlarning ulushi 2,6 foizga yetmaydi. O’zbekistonda esa bu ko‘rsatkich 6 foizdan oshgan. Bu – katta e’tirof, albatta.

Parlamentlararo ittifoq ko‘magida “Biz parlamentda yoshlarni qo‘llab-quvvatlaymiz!” degan ezgu tashabbusni amalga oshiramiz. Ushbu tizim asosida siyosiy yetuk va faol yigit-qizlarni milliy parlament va mahalliy kengashlar faoliyatiga yanada kengroq jalb etamiz.

Xalq deputatlari kengashlari tavsiyasi asosida g‘ayratli, fidoyi o‘g‘il-qizlarimiz Oliy Majlis deputati va senatorlariga biriktirildi. Shu bilan birga, Prezidentimiz tashabbusi bilan mahalliy kengashlarda Senat va Qonunchilik palatasidagi kabi yoshlar parlamenti vakillari maktabi tashkil etildi. Iqtidorli yoshlar orasidan yangi avlod zaxira kadrlari – “Kelajak liderlari” shaklladi.

Barchamizni jiddiy o‘ylantirayotgan, tashvishga solayotgan yana bir kechiktirib bo‘lmaydigan masala bu – ertamiz egalari bo‘lgan yoshlarimizning tarbiyasi, ya’ni odob-axloqi, madaniy saviyasi bilan bog‘liq. Tabiiyki, bu borada ham amaliy ishlar davom etyapti. Ammo bular hali yetarli darajada emasligini ochiq tan olishimiz lozim. Oldimizda turgan quyidagi muhim jihatlarni ham unutmasligimiz kerak.

Avvalo, yoshlar o‘rtasida kitobxonlikni, mutolaa madaniyatini yanada rivojlantirish doimiy e’tiborimiz markazida bo‘lishi lozim. Zotan, yoshlar o‘rtasida jinoyatchilik, giyohvandlik, ichkilikbozlik, oilaviy ajralishlar, buzg‘unchi va radikal oqimlar ta’siriga tushish holatlari  hozir ham davom etayotganini yashirishga hojat yo‘q.

Farzandlarimizga mutlaqo yarashmaydigan, bizga isnod keltiradigan be’mani voqealarga guvoh bo‘lyapmizki, ulardan ham ko‘z yummasligimiz lozim. Masalan, xalqimizning muqaddas qadriyatlari, an’analariga zid qiliqlarni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatyapmiz. Tabarruk qadamjolarga bepisand munosabatda bo‘layotgan yoki ulug‘ bobolarimizning qadamjolari, haykallarini kalaka qilish holatlari uchrayotganini ko‘ryap­miz-ku!

Bolalarimizni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash yoki ularning fuqarolik pozitsiyasini mustahkamlash naqadar zarur ekanini qayta-qayta ta’kid­lash shart emas deb o‘ylayman. Navqiron avlodning ongi, tafakkurini salbiy, noxush ta’sirlardan himoya qilish, adashganlarni to‘g‘ri yo‘lga qaytarish o‘zini shu yurtning fuqarosiman deb hisoblaydigan har bir inson uchun asosiy burch va vazifa bo‘lib qolishi zarur.

G’ayrat ABDIYEV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,

O’zLiDeP fraksiyasi a’zosi

  • Ko'rildi
    294
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+