Konstitutsiyaviy islohotlar - inson qadri uchun

19.10.2022, 18:58

Konstitutsiyaviy islohotlar - inson qadri uchun

O’zLiDeP Mirobod tuman Kengashi va Xalq deputatlari Mirobod tuman Kengashi deputatlari tashabbusi bilan M.V.Lomonosov nomidagi Moskva davlat universitetining Toshkent shahridagi filialida “Konstitutsiyaviy islohotlar - inson qadri uchun” mavzusida ochiq muloqot tashkil etildi.

Uchrashuvdan ko‘zlangan asosiy maqsad – O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga kiritilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalarning mazmun-mohiyati va ahamiyatini yosh avlodga tushuntirishdan iborat. Ayni paytda yurtimizda Konstitutsiyaga kiritilayotgan o‘zgartirishlar qizg‘in muhokama qilinmoqda. Darhaqiqat, mamlakatimiz Konstitutsiyasi xalqaro andoza va talablarga, ilg‘or xorijiy tajribalarga to‘la mos keladi. Shu bilan birga, bugungi jadal taraqqiyot oldimizga qo‘yayotgan muhim talablarni chuqur anglashimiz kerak. O’tgan qisqa vaqt ichida, albatta, jamiyatimizning siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy va ma’naviy-madaniy qiyofasi tubdan o‘zgardi. Yurtdoshlarimizning olti yil avvalgi va bugungi dunyoqarashi tubdan farq qiladi. Bugungi xalqimiz – kechagi xalq emas. Bugungi O’zbekiston ham – kechagi O’zbekiston emas. Demokratik islohotlar yo‘li – biz uchun yakkayu yagona va eng to‘g‘ri yo‘ldir. Shu munosabat bilan mamlakatimizda demokratik huquqiy davlat va adolatli fuqarolik jamiyati barpo etish g‘oyasiga sodiq qolgan holda, Konstitutsiyamizda chuqur o‘ylangan konstitutsiyaviy islohotlar boshlandi va amalga oshirilmoqda.

Bugun barcha sa’y-harakatlar, muxtasar aytganda, inson qadrini yuksaltirishga qaratilgan ekan, Bosh qomusimizga kiritiladigan barcha o‘zgartishlarning negizida ham O’zbekistonda kechayotgan islohotlar mohiyatini belgilovchi “Inson qadri uchun” ulug‘vor g‘oyasi yotganligini ko‘rishimiz mumkin. Tadbir ishtirokchilari o‘z takliflarini va fikr-mulohazalarini bildirdilar. Tadbir savol-javoblar bilan ko‘tarinki ruhda bo‘lib o‘tdi.

  • Ko'rildi
    220
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+