Islohotlar bardavomligi uchun mas’ulmiz

24.11.2022, 17:08

Islohotlar bardavomligi uchun  mas’ulmiz

O’zLiDeP Qashqadaryo viloyat kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar kengashlari xodimlari, deputatlar va partiya faollari ishtirok etgan anjumanda joriy yilning o‘tgan 10 oyi mobaynida viloyatda amalga oshirilgan ishlar yuzasidan viloyat kengashi raisi Shuhrat Aslanov ma’ruza qildi. 

- Partiyamiz saylovoldi dasturi 2022—2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O’zbekiston taraqqiyot strategiyasiga har jihatdan uyg‘un va hamohangdir, -deydi Shuhrat Aslanov. - Uning har  bir bandida “Inson qadri uchun”, “inson-jamiyat-davlat” degan muhim tamoyil va g‘oyalar aks etganini alohida ta’kidlamoqchiman. Davlat dasturi ijrosi ustidan jamoatchilik va deputatlik nazoratini olib borish uchun har bir yo‘nalish kesimida viloyatda 21 ta ishchi guruhlar tuzilgandi. Ular tomonidan reja asosida 190 dan ortiq davra suhbatlari, eshituvlar, amaliy seminarlar o‘tkazildi.

 Yil boshidan viloyat bo‘yicha maslakdoshlarimiz safi 2 ming 918 nafarga kengaydi. Boshlang‘ich partiya tashkilotlarimiz soni 31 taga ko‘payib, 1115 taga yetdi. Bu borada Chiroqchi, Koson tumanlari faollik ko‘rsatgan holda, Yakkabog‘, Shahrisabz shahar, Dehqonobod va Ko‘kdala tumanlari quyi bo‘g‘in ochishda sustkashlikka yo‘l qo‘yishdi. O’tgan 10 oyda Mirishkor va Qamashi tumanlarida partiyaning birorta ham quyi bo‘g‘ini ochilmaganini qanday baholash mumkin? 

Xalq deputatlari viloyat Kengashida 20 nafar, tuman, shahar Kengashlarida 146 nafar deputatlar faoliyat olib bormoqda. Ular tomonidan hududlardagi muammolarni o‘rganish yuzasidan tegishli tashkilot va idoralarga jami 1245 ta deputatlik so‘rovi yo‘llangan.  204 ta axborot va hisobotlari eshituvi tashkil etildi. Koson, Kitob, Shahrisabz, Qarshi tumanlari deputatlik guruhlari faol ishlashdi. Tuman Kengashlari sessiyalariga jami 50 ta masala kiritilib, 30 tasining yechimi bo‘yicha tegishli qarorlar qabul qilingan.

Partiyaning murojaatlar bilan ishlash, yoshlar va ayollar yo‘nalishida ham qator ijobiy ishlar amalga oshirilayotganligi e’tirof etildi.

Yaqin istiqbolda birlamchi e’tibor berishimiz lozim bo‘lgan yana bir vazifa xalqimizni o‘ylantirayotgan masalalarning joylarda hal qilinishi, qabul qilinayotgan qonunlar, farmon va qarorlarning ijrosi ustidan qat’iy deputatlik va jamoatchilik nazoratini o‘rnatishdan iboratdir.

Mahallalarda, korxonalarda, tadbirkorlik sub’ektlarida faoliyat yuritayotgan boshlang‘ich partiya tashkilotlari  faoliyatini ham g‘oyaviy, ham tashkiliy jihatdan kuchaytirib borish hamda shu orqali ularning partiya targ‘ibotchisi, islohotlarimiz targ‘ibotchisi sifatidagi rolini oshirib borish keyingi davrda partiyamiz oldidagi ustuvorliklardan biri bo‘lib qoladi.

 Yig‘ilish so‘ngida partiyaning dasturiy maqsadlarini targ‘ib qilishda o‘rnak ko‘rsatgan bir guruh deputatlar va partiya faollariga O’zLiDeP Qashqadaryo viloyat kengashining “Tashakkurnoma” va esdalik sovg‘alari topshirildi.

O’zLiDeP Qashqadaryo viloyat kengashi

Matbuot xizmati.

  • Ko'rildi
    156
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+