O’zLiDePning o‘z o‘rni bor

13.02.2023, 15:40

O’zLiDePning o‘z o‘rni bor

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O’zbekiston Liberal-Demokratik partiyasi Buxoro viloyati Kengashi tomonidan hududlardagi muammolar va ularni ijobiy hal etish masalasiga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Mahalliy Kengashlardagi partiya deputatlik guruhlari sa’y-harakati bilan joylarda tadbirkorlikni rivojlantirish, kichik, o‘rta va xususiy tadbirkorlik tuzilmalari faoliyatini davr talablari darajasida olib borish shu jumladan, hududlardagi ehtiyojmand, kam ta’minlangan, boquvchisini yo‘qotgan fuqarolarga saxovatpesha deputatlar va partiya a’zosi bo‘lgan tadbirkor hamda  homiylar tomonidan beg‘araz amaliy yordam ko‘rsatilmoqda.  

–Joylardagi muammoli masalalar vaqti-vaqti bilan o‘tkazilib kelinayotgan Xalq deputatlari shahar va tuman Kengashlari sessiyalari yig‘ilishida muhokama qilinib tegishli choralar qo‘rilmoqda, – deydi O’zLiDeP viloyat Kengashi raisi, Xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati Farmon Aminov. –Birgina 2022 yilda mahalliy Kengash deputatlari tomonidan mutasaddi idora va tashkilotlarga 872 ta deputatlik so‘rovlari yuborilgan.  Deputatlik guruhlari tomonidan 111 nafar mansabdor shaxsning eshituvlari amalga oshirilgan.  Xalq deputatlari tuman, shahar Kengashlari sessiyalariga 51 ta masala kiritilganligi o‘z amaliy natijasini berdi. Mahalliy Kengash deputatlari tomonidan joylarda  saylovchilar ishtirokida  o‘tkazilgan uchrashuv va qabullar davomida aholini qiynab kelayotgan 1058 ta masalaning  935 tasi ijobiy hal etilgan. Bir qator murojaatlar atroflicha o‘rganish va maqbul yechim topish maqsadida  vakolatli idoralarga yuborilgan.  

Viloyatda partiya a’zolari safini  kengaytirishga ham alohida e’tibor berilmoqda.  Agar partiya a’zolari soni 2022 yil boshida 60 ming 588 nafarni tashkil etgan bo‘lsa, 2023 yilning 1 yanvar holatida bu ko‘rsatkich 73 ming 228 nafarni tashkil etdi. Keyingi paytda partiya safiga umumiy hisobda 12 ming 684 nafar yangi a’zolar qabul qilindi. Buxoro shahri, Buxoro, Vobkent, Jondor, Romitan, Shofirkon, Qorako‘l, G’ijduvon tumanlarida bu borada ijobiy natijalarga erishildi. Ushbu shahar va tumanlarda 1500-2000 nafardan ziyod maslakdoshlar partiya safiga qabul qilindi. Partiyaning tayanch bo‘g‘inlari soni ham partiya a’zolari safi hisobiga oshib bormoqda. Boshlang‘ich partiya tashkilotlari son jihatdan viloyat bo‘yicha bugungi kunda 853 tani tashkil etyapti. Partiya qo‘yi bo‘g‘inlari faoliyatiga e’tibor Buxoro shahri, Buxoro, Vobkent, Jondor, Peshku, Romitan, Shofirkon va G’ijduvon tumanlarida oshmoqda.  

Partiya viloyat, shahar va tuman Kengashlarining turli yo‘nalishlaridagi faoliyati davr talablari darajasida olib borilayotganligini shu o‘rinda alohida ta’kidlash joiz. Ayniqsa, jamoatchilik bilan aloqalar  va mafkuraviy ishlar yo‘nalishida olib borilayotgan faoliyatda sezilarli natijalarga erishilyapti. Birgina keyingi paytda partiya shahar va tuman Kengashlari bilan hamkorlikda olib borilgan mafkuraviy, ma’naviy ma’rifiy tadbirlarda keng jamoatchilik vakillari, mahalliy tadbirkorlar, davlat va nodavlat korxona va tashkilotlar, o‘quv muassasalari mas’ullari, ommaviy axborot vositalari vakillari  ishtirok etib O’zLiDeP ning dasturiy maqsad va vazifalari bilan yaqindan tanishtirildi. Aksariyat tadbirlar mahalliy va markaziy ommaviy axborot vositalarda, ijtimoiy tarmoqlar va partiya saytlarida yoritildi.

– O’zLiDeP aynan tadbirkor ayollar faoliyatini kuchaytirish, xotin-qizlarning jamiyatdagi o‘rni va mavqeini oshirishga qaratilgan partiyaviy loyihalarda buxorolik ayollar faol ishtirok etmoqda, – deydi O’zLiDeP viloyat Kengashi bo‘lim mudiri Robiya Salixova. – Ayniqsa partiyaning “Ishbilarmon ayol”, “Sog‘lom oila – mustahkam oila”, “Bunyodkor ayollar”, “Bir deputat 100 ayolga ko‘makchi” loyihalarining shahar, tuman va viloyat bosqichlarida bir qator opa-singillarimizning ishtirok etib ulardan ayrimlari  viloyat bosqichi g‘olibalari sifatida respublika miqyosida o‘tkazilgan tanlovlarda qatnashgani va sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritgani bilan partiyadoshlarimiz haqli ravishda faxrlanishadi. Mamlakat Sodiqova, Mahtob Adilova, Shoira Bo‘ldiyeva, Iqlima Jo‘rayeva, Chinora Yusupova singari va boshqa bir qator tadbirkor ayollar o‘z tadbirkorlik yo‘nalishlari bo‘yicha joylarda qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratib aholi, ayniqsa, ayollar va yoshlar bandligini ta’minlashda katta hissa qo‘shmoqda. E’tiborlisi,  ular orasida mahalliy kengash deputatlari, “Tadbirkor ayol” uyushmasi a’zolari, davlat mukofoti sovrindorlari ham bor.

“Ayollar qanoti” faoliyatining muhim yo‘nalishlaridan biri – “Sog‘lom avlod uchun” xayriya jamg‘armasi viloyat bo‘limi bilan hamkorlikda joylarda bepul tibbiy ko‘riklarni o‘tkazishdan iborat. Keyingi paytda o‘tkazilgan jami 90 ta tadbirlarda  3475 nafar ayollar tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgan. Ular  75 turdagi  103 million 600 ming so‘mlik dori-darmon bilan ta’minlanib, 10 nafar nogironligi bor ayollarga nogironlik aravachalari berilgan. “Bunyodkor ayollar” loyihasi doirasida 2297 nafar ayollarga tijorat banklaridan 45 milliard 100 million so‘m imtiyozli kredit olib berishda amaliy yordam ko‘rsatilgan. Bu 2333 ta yangi ish o‘rni yaratish imkonini bergan.

– O’zLiDeP Buxoro viloyati tashkiloti o‘z o‘rni va obro‘siga ega, – deydi partiya viloyat Kengashi raisining birinchi o‘rinbosari – apparati rahbari, viloyat Kengashi deputati Bobomurod Ochilov. – Ana shu e’tiborni talab darajasida saqlab qolish va uni yanada mustahkamlash zarur. Buning uchun  faoliyatimizdagi ayrim kamchiliklarni bartaraf etishimiz kerak. Partiyamiz dasturiy maqsad va vazifalarining joylardagi  ijrosi xalqimizning bugungi islohotlardan rozi bo‘lishiga xizmat qilishi darkor.  

Zarif Komilov, O’zA

  • Ko'rildi
    340
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+