Ishchilar sonini 200 nafarga yetkazmoqchi bo‘lgan Oilaviy korxonaga yana qo‘shimcha bino zarur

02.03.2023, 17:14

Ishchilar sonini 200 nafarga yetkazmoqchi bo‘lgan Oilaviy korxonaga yana qo‘shimcha bino zarur

O’zLiDeP Xorazm viloyat Kengashi Yoshlar va biznes tuzilmalar bo‘limi Urganch tumanida Sharofat Rajapova rahbarlik qilayotgan oilaviy korxona faoliyati bilan tanishdilar.

Oilaviy korxona tarkibida tikuvchilik sexi, oilaviy bog‘cha, asalarichilik hamda maishiy texnika do‘konlari tarmog‘i mavjud.

Bundan 4 yil ilgari tikuvchilik sexini 20 ishchi bilan boshlagan tadbirkor ayol bugun ularni 50 nafarga yetkazib, mahsulotlar eksportini ham yo‘lga qo‘ygan. Ishchilarining asosiy qismini “Yoshlar daftari” ro‘yxatida turuvchi yosh xotin-qizlar tashkil etadi.

Korxona o‘tgan yil mobaynida 1 milliard so‘mlik tirikotaj mahsulotlarini Rossiya Federatsiyasi, Belorussiya kabi davlatlarga eksport qilgan. Muloqotlar davomida tadbirkorni o‘ylantirayotgan muammolar ham muhokama etildi. Ma’lum bo‘lishicha tikuvchilik sexini kengaytirish uchun binoga ehtiyoji borligini bildirdi va kelgusidagi rejalari bilan ham o‘rtoqlashdi.

-Yurtimizda tadbirkorlarga yaratilgan imkoniyatlardan samarali foydalangan holda ishlab chiqarishni kengaytirib, yana 200 ishchi o‘rin hamda shaxsiy brendimizni yaratishni, mahsulotlarimizni Germaniya va Yevropa davlatlariga eksport qilishni niyat qilganmiz, - deydi korxona rahbari Sharofat Rajapova.

Shuningdek, o‘rganishlar davomida partiya vakillari oilaviy maktabgacha ta’lim tashkiloti faoliyati bilan ham tanishdilar. 25 o‘ringa mo‘ljallangan ta’lim tashkilotiga “Chakka ko‘l” mahallasi va qo‘shni mahallalardan kelgan bolajonlarga ta’lim tarbiya berilmoqda. Zamonaviy va barcha qulayliklarga ega ta’lim tashkilotida Sharofat Rajapova oilasining 3 nafar kelinlarining bandligi ta’minlangan.

Tadbirkor  o‘z bog‘ida 30 quti asalari ham parvarishlab har mavsumda 200 kilogramdan ortiq asal oladi. Oilasi ehtiyojidan oshgan asalni ichki bozorga sotib qo‘shimcha daromad qiladi. Tikuvchilik sexi va oilaviy ta’lim tashkilotini ham tabiiy asal bilan ta’minlaydi.

Xulosa o‘rnida aytganda, yurtimizda tadbirkorlik qilishga bel bog‘lagan fuqarolar uchun barcha qulayliklar mavjud. Ishbilarmonlarni, ayniqsa, oilaviy tadbirkorlarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgani nafaqat oila daromadi oshishi va ish o‘rniga ega bo‘lishini ta’minlaydi, balki mamlakat iqtisodiyoti ravnaqiga munosib hissa bo‘lib qo‘shiladi. Zotan, tadbirkori ko‘p yurtning taraqqiyoti yuksak bo‘ladi.

Sevara Ro‘zmetova,

O’zLiDeP  Xorazm viloyati Kengashi Yoshlar

va biznes tuzilmalar bilan ishlash bo‘limi mudiri

  • Ko'rildi
    125
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+