Xalq deputatlari Guliston shahar Kengashining sessiyasida dolzarb masalalar muhokama etildi

24.08.2023, 15:19

Xalq deputatlari Guliston shahar Kengashining sessiyasida dolzarb masalalar muhokama etildi

Joriy yilning 23 avgust kuni Xalq deputatlari Guliston shahar Kengashining 81-sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Sessiya ishida Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Spikeri o‘rinbosari Aktam Xaitov, Qonunchilik palatasi deputatlari, mahalliy Kengash deputatlari, shahar sektor rahbarlari, shahar hokimining o‘rinbosarlari, bo‘lim boshliqlari, shahar huquqni muhofaza qiluvchi idoralar rahbarlari, siyosiy partiyalar rahbarlari, jamoat va boshqa tashkilot rahbarlari, MFY raislari, hokim yordamchilari, yoshlar yetakchilari, xotin-qizlar faollari, profilaktika inspektorlari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Sessiya kun tartibiga 2 ta masala kiritilib, sessiya yig‘ilishida Guliston shahrida yoshlar o‘rtasida huquqbuzarliklarning oldini olish va jinoyatchilikka qarshi kurashish borasida amalga oshirilayotgan ishlarning samaradorligi to‘g‘risida hamda Guliston shahridagi ta’lim muassasalarining 2023-2024-o‘quv yiliga tayyorgarlik holati va ta’lim sifatini oshirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar muhokama etildi.

Birinchi masala yuzasidan Guliston shahar Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi boshlig‘i B.Sayitnazarov axborotini eshitildi.

Guliston shahar hududida yoshlar tomonidan sodir etilayotgan jinoyatlarni oldini olish bo‘yicha qator chor-tadbirlar amalga oshirilib, unga ko‘ra, viloyat hokimi tomonidan tasdiqlangan “Yo‘l xaritasi”ga asosan Guliston shahar hududida voyaga yetmaganlar va yoshlar o‘rtasida jinoyatchilikni jilovash bo‘yicha “Sirdaryo tajribasi” yaratilib, yangicha ishlash mexanizmi joriy etilgan.

Shuningdek, haftaning shanba kuni “Yoshlar o‘rtasida huquqiy targ‘ibot va huquqbuzarliklar profilaktikasi kuni” sifatida belgilanib, kun davomida yoshlar bilan tizimli ishlash yo‘lga qo‘yilgan.

Shaharda sodir etilayotgan har bir jinoyat mutasaddi idoralar rahbarlari ishtirokida mahallalarda keng muhokama qilinib, shahardagi kriminogen vaziyati og‘ir bo‘lgan “qizil” va “sariq” toifaga kiritilgan mahallalarni “yashil” toifaga o‘tkazish masalalariga alohida e’tibor qaratilayotganligi qayd etildi.

Sessiyada huquqbuzarliklarga qarshi kurashish yo‘nalishida tizimli ishlar olib borilayotganiga qaramay, Guliston shahrida jinoyatchilik soni oshayotgani qayd etildi. Xususan, joriy yilning o‘tgan 6 oyida barcha sohadagi jinoyatlar o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1 foizga ko‘paygani tanqid ostiga olindi.

Ayniqsa Guliston shahar hududida yoshlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar tahlil qilinganda 2023 yilning 6 oyi davomida Yoshlar tomonidan 30 ta jinoyatlar sodir etilganligi alohida muxokamalarga sabab bo‘ldi.

Jumladan: Sodir etilgan jinoyatlarni turlari bo‘yicha tahlillarga ko‘ra, o‘g‘irlik jinoyati 4 ta, firibgarlik 6 ta, bezorilik 1 ta, boshqa jinoyatlar 19 tani tashkil etgan.

Sessiyada kun tartibidagi birinchi masala yuzasidan deputatlar Guliston shahrida Prezidentimiz tomonidan jinoyatchilikni jilovlash
va huquqbuzarliklarni oldini olish borasida belgilab berilgan vazifalardan kelib chiqqan holda, fuqarolarning huquq va erkinliklarini, qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini himoya qilish, jinoyat sodir etilishining kelib chiqish sabablarini aniqlash va ularni bartaraf etish borasidagi ishlar yuzasidan ta’sirchan jamoatchilik nazoratini olib borishga qaror qildilar.

Kun tartibidagi ikkinchi masala, “Guliston shahridagi ta’lim muassasalarining 2023-2024-o‘quv yiliga tayyorgarlik holati va ta’lim sifatini oshirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida” shahar hokimi o‘rinbosari Lazizbek Axmedov axborot berdi.

Bugungi kunda Guliston shahrida 18 ta umumiy o‘rta ta’lim maktabi, 3 ta kasb-hunar texnikumi va 2 ta Oliy ta’lim muassasasi faoliyat yuritmoqda.

2023 yil mobaynida shahardagi 18 ta umumiy o‘rta ta’lim maktabarini joriy ta’mirlash uchun Respublika va mahalliy budjet hisobidan mablag‘lar ajratilgan bo‘lib, ushbu maktablarda ta’mirlash ishlari to‘liq bajarilgan.

Shuningdek, ayrim umumta’lim maktablaridagi qurilish va ta’mirlash ishlari yakuniga yetmaganligi deputatlarning haqli e’tirozlariga sabab bo‘ldi. Bu esa, umumta’lim maktablarida o‘quv jarayonlarini tashkil etilishiga bevosita ta’sir ko‘rsatishi mumkinligi ta’kidlandi.

Shu bilan bir qatorda, shahardagi texnikumlar va Oliy ta’lim muassasalarida talabalarning yotoqxona va turar joylar bilan ta’minlanganlik holatlari deputatlar tomonidan muhokama etildi.

Ma’lum bo‘lishicha, turar joyga ehtiyoji bo‘lgan, 4278 nafar talabalarning 2494 nafari (42.6%) talabalar turar joylariga joylashtiriladi, qolgan 1784 nafari (57.4%) universitetga yaqin bo‘lgan mahallalardagi xususiy xonadonlarda ijara shartnomasi asosida joylashtirish rejalashtirilgan.

Yakunlangan o‘quv yili tahlillari bo‘yicha, Maktabgacha va maktab ta’limi Vazirligi tomonidan e’lon qilingan “Ta’lim sifati Milliy reytingi”da Guliston shahri respublikada 24-o‘rinda, viloyatda esa 2-o‘rinni egalladi.

Sessiya yig‘ilishida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlaridan iborat ishchi guruhi a’zolarining ham muhokama etilgan masalalar bo‘yicha fikr va mulohazalari eshitildi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining o‘rinbosari A.Xaitov mamlakatimizda amalga oshirilgan konstitutsiyaviy islohotlar, uning mohiyati va ahamiyati, mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlarining o‘rni va mas’uliyati haqida, shuningdek, Prezidentimizning shu yil
28 iyul kuni Farg‘ona shahrida o‘tkazilgan va hududlarda huquqbuzarlikni oldini olish va jinoyatchilikka qarshi kurashish borasidagi ustuvor vazifalar yuzasidan qilgan ma’ruzasi va unda belgilab berilgan vazifalar haqida alohida to‘xtaldi.

Sessiya kun tartibidagi masalalar yuzasidan deputatlarning savolllariga mutasaddi xodimlarning javoblari tinglandi, sohada yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar yuzasidan muxokamalar olib borildi, ularni bartaraf etish yuzasidan sessiyaning tegishli qarori qabul qilindi.

  • Ko'rildi
    217
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+