Partiya faollari aholini tadbirkorlikka jalb qilish borasida mahorat darsi tashkil etdi

07.09.2023, 16:14

Partiya faollari aholini tadbirkorlikka jalb qilish borasida mahorat darsi tashkil etdi

Shaxsiy namuna, tajriba – ibrat maktabi. Shu sabab, ayni kunlarda hududlarda tashkil etilayotgan tadbirkorlarning aholi bilan uchrashuvlari – tadbirkorlikni rivojlantirishda, sohaga oid yangiliklarni targ‘ib qilishda juda katta ahamiyatga ega.

Mahalliy Kengash deputatlari, partiya faollari, hamkor tashkilotlar va elektorat vakillari faol ishtirok etayotgan ana shunday uchrashuvlar Baxmal tumanida ham tashkil etilmoqda. 

Partiya tuman Kengashi tashabbusi bilan “Shuhrat” medali sohibi, “Ishbilarmon ayol” respublika ko‘rik- tanlovining tuman bosqichi g‘olibi, “Chevarlik sari” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Muhayyo Baratova ishtirokida aholi bilan uchrashuv tashkil etildi.

Muhayyo Baratova yetakchilik qilayotgan jamiyatda bugungi kunda  “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlar, ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lgan ayollarning bandligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilgan. Jamiyatda 25 nafar tikuvchi va 25 nafar kasanachi ish bilan ta’minlangan bo‘lib, 10 xil turdan ortiq mahsulot ishlab chiqarilmoqda.

Tadbir ishtirokchilari nafaqat mazkur jamiyat faoliyati bilan  balki, tumandagi hunarmandchilik, tikuvchilik, quroqchilik, kashtachilik, ro‘mol to‘qish va chopon tikish borasidagi amaliy ishlar natijalari aks etgan ko‘rgazma bilan yaqindan tanishdilar. Tikuvchilikka qiziqadigan xotin-qizlar uchun “mahorat darsi” tashkil etildi.

Uchrashuv davomida bo‘lib o‘tgan ochiq muloqotda esa tadbirkor o‘z mehnat faoliyati, bu borada orttirgan tajribalari, rejalari haqida yig‘ilganlarga so‘zlab berdi. Tadbirkor o‘z biznesini yo‘lga qo‘yish ishtiyoqida bo‘lgan fuqarolarning savollariga atroflicha javob qaytarar ekan, bu borada ularni imkon qadar qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirib o‘tdi.

Ne’matilla Tugalov.

O'zLiDeP Baxmal tuman kengashi apparat rahbari

  • Ko'rildi
    195
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+