Oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilmoqda

29.09.2023, 15:49

Oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilmoqda

O‘zLiDeP Sirdaryo viloyat Kengashi va Toshkent kimyo-texnologiya instituti Yangiyer filiali o‘rtasida “Yangi avlod kadrlari” loyihasi asosida memorandum imzolandi.

Tadbirni Toshkent kimyo-texnologiya instituti Yangiyer filiali rektori, texnika fanlari doktori Zafar Hakimov ochdi va olib bordi. Unda oliygohning professorlari, o‘qituvchilar va talaba yoshlar ishtirok etdi.

Bugungi talabalar orasidan zamonaviy fikrlaydigan, ma’nan yetuk, vatanparvar, partiyaviy ishlarni tashkiliy masalalarida davr talablariga javob bera oladigan, yetarli malakaga ega bo‘lgan kadrlarni tanlash hamda ularni joy-joyiga qo‘yish loyihaning asosiy vazifalaridan biri.

Mazkur oliygoh bilan partiyaning uzviy hamkorligini yo‘lga qo‘yish, institut bitiruvchilarini siyosiy jarayonlarga keng jalb etish, ularni siyosiy partiyalar faoliyati bilan yaqindan tanishtirish, partiyaning amaldagi va istiqbolli kadrlar zahirasiga tavsiya etish uchun faol yosh mutaxassislarni aniqlash borasidagi ishlarni tizimli amalga oshirishga kelishib olindi.

Oliygohda ta’lim olayotgan bakalavr yoki magistratura bosqichlari bitiruvchi talabalari orasida “Yangi avlod kadrlari” loyihasida muvaffaqiyatli ishtirok etganlari partiyaning amaldagi va istiqbolli kadrlar zahirasiga kiritiladi. Ularning kelgusida yaxshi mutaxassis, shuningdek, partiyaning maqsad va vazifalarini sidqidildan amalga oshiradigan fidoiy inson bo‘lishlari uchun ham harakat qilinadi.

Albatta, yoshlarning bilimli va yetuk kadr bo‘lishi nafaqat bilimda, balki ularning siyosiy tushunchalarini ham kengaytirib borishga ham bog‘liqligi memorandumda o‘z aksini topgan. Bu boradagi ishlar amalda natijasini ko‘rsatishi uchun har ikki tomon o‘ziga xos birdamlikda ish boshlashdi.

Tadbir so‘ngida O’zLiDeP viloyat Kengashi Yoshlar va biznes tuzilmalar bilan ishlash bo‘limi mudiri Elyor Jo‘rayev, partiyaning viloyat Kengashi deputati, Yangiyer shahar Kengashi “Ayollar qanoti” faoli Gulchehra Jonjigitova va boshqalar so‘zga chiqib, bugungi yosh avlodni Vatanga muhabbat, bilimli, ma’rifatli, komil inson bo‘lib tarbiya topishida o‘qituvchi va murabbiylarning o‘rni beqiyos ekanligini alohida ta’kidlab o‘tdilar.

  • Ko'rildi
    179
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+