Tadbirkorlik – makon va manzil tanlamaydi!

06.10.2023, 16:44

Tadbirkorlik – makon va manzil tanlamaydi!

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek, “tadbirkorlar mamlakatimiz iqtisodiy qudratini oshirishda asosiy kuch”.

Bugun yurtimizda tadbirkorlarning obro‘si va mavqei kun sayin yuksalib, ichki va tashqi bozorda o‘z mustahkam o‘rniga, o‘z nufuzi va brendiga ega bo‘lgan ishbilarmonlar tobora ko‘payib bormoqda. Davlat idoralarida ham ularga munosabat tubdan o‘zgardi. Tadbirkorlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash davlatimiz iqtisodiy siyosatining eng muhim yo‘nalishlaridan biriga aylandi.

O’zLiDeP ham kichik biznesning ish bilan band xodimlar soni, umumiy pul aylanmasi, sanoatni rivojlantirish, iqtisodiyotga investitsiyalar kiritilishi kabi ko‘rsatkichlar hamda uning sanoat ishlab chiqarilishidagi ulushini ko‘paytirish, uning mamlakat YaIMdagi hissasini 80 foizga yetkazish, xususiy tadbirkorlik, kichik biznes va fermerlik harakatini, ayniqsa, ularning shakllanish bosqichida qo‘llab-quvvatlash tarafdori.

Bu borada partiya “Har bir oila – tadbirkor” degan olijanob g‘oyani izchillik bilan hayotga tatbiq etish, jamiyatda faol tadbirkorlik madaniyatini shakllantirish, maktabdan boshlab oliy ta’lim muasassalarida ham tadbirkorlik darslarini o‘tish, to‘garaklar tashkil etish, jumladan, Tadbirkorlar akademiyasini, sohaga qiziqayotgan yoshlar uchun esa konsalting markazlarini tashkillashtirish yo‘nalishida qator samarali ishlarni amalga oshirib kelmoqda.

Angren shahridagi partiyamiz saflarida birlashgan ilg‘or tadbirkorlar ham ayni maqsadni amalga oshirishda kamarbastalik qilishmoqda.

Shahardagi o‘z faoliyatida samarali natijalarga erishgan ilg‘or tadbirkorlar Abduqodir Begmatov,  Shohista Madiyarovalar mahallalardagi yoshlar yetakchilari, hokim yordamchilari, xotin-qizlar faollarini jalb qilgan holda mahalla va guzarlar, umumta’lim maktablari, ta’lim maskanlari, korxona va tashkilotlarda o‘z biznesini boshlash istagida bo‘lgan aholi vakillari bilan uchrashuvlar tashkil qilishmoqda.

 Uchrashuvlarda kichik biznes  va xususiy tadbirkorlik faoliyatini yanada takomillashtirish, aholining ishsiz qatlamini tadbirkorlikka jalb qilish masalalariga ustuvor ahamiyat qaratilib, biznes asoslari,  tadbirkorlikning muhim sir-asrorlari o‘rgatilmoqda.

Yirik ishbilarmon doira vakillarining biznesdagi boy tajribalari targ‘ib qilinib, ularda orttirilgan iqtisodiy, huquqiy, sohaviy bilimlarni tatbiq qilish borasidagi zaruriy maslahat va tavsiyalar berilmoqda.

O’z tadbirkorlik faoliyatini boshlash istagida bo‘lganlarga tayanch bilim va ma’lumotlar berish bilan bir qatorda amaliy yordam hamda yo‘l-yo‘riqlar ko‘rsatilmoqda.

Ilg‘or tadbirkorlar va aholi vakillarining joylardagi yuzma-yuz muloqot uchrashuvlari davom etmoqda.

Zuxro Mirzohamdamova,

O’zLiDeP Toshkent viloyat Kengashi bo‘lim mudiri

  • Ko'rildi
    118
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+