Nazorat bo‘shashtirilmaydi

26.10.2023, 12:12

Nazorat bo‘shashtirilmaydi

Jamoatchilik nazorati tadbirlari doirasida Namangan viloyatida ijtimoiy soha ob’ektlarning kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik holatini o‘rganish ishlari davom etmoqda.

Partiya ishchi guruhi To‘raqo‘rg‘on tumanida ham bo‘lib, bir qator ijtimoiy soha ob’ektlarida kuz-qish mavsumiga tayyorgarlikning ahvoli o‘rganildi. Unda ishchi guruhi a’zolarining e’tibori binolar, isitish tizimlari, qozonxonalarning sozligiga, eshik-derazalarning yaroqliligiga, ko‘mir zahirasining mavjudligiga qaratildi. Jumladan, 2-maxsus maktabgacha ta’lim tashkilotida isitish  tarmog‘i, kanalizatsiya quvurlari shu paytgacha sinovdan o‘tkazilmagan. Shahand kasb-hunar maktabida rejadagi 100 tonna ko‘mir haligacha to‘liq jamg‘arilmagan bo‘lib, o‘tgan yilgi zahiradan 25 tonnasi shu holatda turibdi, ko‘mirxonaning o‘zi esa ta’mirtalab holatda, 10-maktabgacha ta’lim tashkilotida isitish tizimi  ko‘mirga o‘tkazilgan bo‘lishiga qaramay 2 ta qozonxona bunga moslashtirilmagan. Ushbu kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan tuman maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limiga axborotlar kiritildi va bajarilishi nazoratga olindi.

– Biz jamoatchilik nazoratini aslo bo‘shashtirmaymiz, - deydi partiya tuman Kengashi apparat rahbari Nigora Nazarova. – Bu ishga partiya faollari, deputatlar to‘liq jalb etilgan. Kelgusida tumandagi ijtimoiy soha ob’ektlarida, ko‘p qavatli uylarda kuz-qish mavsumiga tayyorgarligi, korxona, tashkilotlarda, bozorlarda kartoshka, piyoz, sabzi kabi sabzavotlarning omborlarga jamg‘arilganligini muntazam ravishda monitoring qilib boriladi va aholini arzon va sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan uzluksiz ta’minlash, narx-navolarning asossiz ravishda oshib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik chora-tadbirlarini belgilab olganmiz.

  • Ko'rildi
    60
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+