O’zLiDeP “Yoshlar qanoti”ning o‘tgan davrdagi faoliyati sarhisob qilindi

01.11.2023, 17:18

O’zLiDeP “Yoshlar qanoti”ning o‘tgan davrdagi faoliyati sarhisob qilindi

O’zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi Yoshlar bilan ishlash bo‘limining o‘tgan vaqt davomidagi faoliyati yakunlari hamda kelgusidagi ustuvor vazifalari muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Hisobot davrida “Yoshlar qanoti” tomonidan bugungi kunda mamlakatimizda yoshlarga oid olib borilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyatini jamoatchilikka yetkazish, muhim tarmoq va sohalarda mavjud muammolarni muhokama qilish hamda ularni bartaraf etish yuzasidan tegishli takliflarni ishlab chiqishga bag‘ishlangan qator tadbirlar o‘tkazildi.

“Yoshlar qanoti” Jamoatchilik Kengashi tomonidan joriy yilning 9 oyi davomida 285 ta seminar, 598 ta davra suhbati, 23 ta konferensiya, 45 ta event targ‘ibot tadbirlari, 22 ta sport musobaqalari tashkil etildi. Mazkur tadbirlarga 5 mln 200 mingdan ortiq respublika yoshlari qamrab olindi.

Jumladan,Yoshlarning siyosiy va huquqiy bilimlarini oshirishga qaratilgan “Parlamentda yoshlar o‘rni”, “Yosh siyosatchilar Ligasi”, “Qonun loyihasi yoshlar nigohida” kabi loyihalari, “O’zLiDePdan huquqiy ko‘mak” aksiyalari, shuningdek “Yoshlar qanoti” Jamoatchilik Kengashi qoshida “Yosh siyosatchi qizlar” klubi tashkil etildi.

Shuningdek, yoshlarning tadbirkorlikka bo‘lgan qiziqishlarini oshirish, yosh tadbirkorlar faoliyatini yanada qo‘llab-quvvatlash hamda tadbirkorlikka oid yangi qabul qilinayotgan normativ-huquqiy hujjatlarni yosh tadbirkorlar o‘rtasida targ‘ibot qilishga qaratilgan “Yosh muvaffaqiyatli tadbirkor”, “Yosh tadbirkorlar Ligasi” kabi loyihalar tashkil etildi.

Bundan tashqari Yosh olimlarni safini kengaytirish va yangi texnologiyalarini joriy etishda yoshlarning ulushini oshirishga qaratilgan “Yosh olimlar Ligasi”, “Yosh innovatorlar va texnologlar”, “Intellektual avlod” loyihalari, “Yoshlar tashabbuslar Forumi” tashkil etilib, tizimli yangi innovatsiyalar faoliyati yo‘lga qo‘yilmoqda.

Xorijda mehnat qilayotgan va ta’lim olayotgan yosh vatandoshlarimiz bilan tizimli muloqotlarni tashkil etish va ularning muammolarini hal etishga ko‘maklashishga qaratilgan “Vatandoshlik ovozi” hamda “Vatandoshga maslahat” loyihalari ham amalga oshirilmoqda.

Shuningdek yoshlar masalalariga aloqador vazirlik va idorlarini jalb etgan holda Prezidentning muhim ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy va tashqi siyosat sohalaridagi dolzarb masalalar bo‘yicha 23 ta jamoatchilik nazorati tadbirlari, 58 marotaba Yoshlar parlamenti a’zolarining deputatlar bilan birgalikdagi nazorat-tahlil faoliyati amalga oshirildi.

Yoshlar bilan ishlashning yangicha tizimi asosida yoshlarning muammolarini hal qilish, ularning dardiga quloq solish eng ustuvor vazifasi sifatida belgilanib, Partiya o‘zining oldiga qo‘yilgan ustuvor Dasturiy maqsadlarni izchillik bilan amalga oshirib kelmoqda.

Sarhisob yig‘ilishida “O’zbekiston - 2030” strategiyasidan kelib chiqqan holda ishlab chiqilgan 20 ga yaqin yangi partiyaviy loyihalarni samarali tashkil qilish, yoshlar bilan doimiy muloqotda bo‘lish, ularning jamiyatdagi faolligini oshirish, tadbirkorlikning turli yo‘nalishlariga jalb qilish, shu orqali ularning bandligini ta’minlash borasida aniq vazifalar belgilab olindi.

  • Ko'rildi
    190
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+