O’zLiDeP: siyosiy maydonda yetakchi kuch

20.11.2023, 16:22

O’zLiDeP: siyosiy maydonda yetakchi kuch

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O’zbekiston Liberal demokratik partiyasi tashkil topganining 20 yilligi munosabati bilan “O’zLiDeP – 20 yoshda” shiori ostida bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.

Unda partiyaning Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi, shahar va tuman Kengashi xodimlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi deputatlari, xalq deputatlari shahar va tuman Kengashlari deputatlari, partiya faxriylari, keng jamoatchilik vakillari, talaba yoshlar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri, partiyaning Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi raisi S.Turmanov yig‘ilganlarni partiya tashkil topganiga  20 yil to‘lishi munosabati bilan tabriklab, o‘tgan davr mobaynida olib borilgan ishlar, erishilgan yutuqlarga to‘xtaldi.  

Qayd etilganidek, O’zLiDeP shakllanishi va rivojlanishining har bir davri mamlakatimiz, xalqimiz hayotidagi muhim jarayonlar bilan bog‘liq holda kechdi. Muhimi, O’zLiDeP mamlakat taraqqiyotining har bir bosqichida yurtni, xalqni o‘ylantirgan, ularning manfaatlariga bevosita daxldor bo‘lgan masalalarga aniq javob bera oladigan g‘oyalar, qarashlar bilan o‘rtaga chiqdi. Shu tufayli siyosiy sahnaga kirib kelgan ilk yillardanoq mamlakatdagi  yetakchi partiyalardan biriga aylana oldi va o‘tgan yillar davomida shu maqomni qo‘ldan bermay kelmoqda.  

Partiya tomonidan amalga oshirilayotgan tizimli loyihalar esa shu yillar davomida ko‘plab yoshlar, ayollarning mamlakat siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy  hayotida o‘z o‘rnini topishiga, tadbirkorlar va fermerlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga ko‘maklashib kelmoqda. Bularning barchasi bugungi kunga kelib O’zLiDePni mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotining ajralmas bir bo‘lagiga aylantirdi.  

Bugun inson manfaatini ta’minlash oliy qadriyat darajasiga chiqqan, hukumat idoralarini aholiga yaqinlashtirish davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlaridan biriga aylangan bir davrda O’zLiDeP o‘z elektoratini o‘ylantirgan muammolarni hal qilish yo‘nalishida yanada faolroq harakat qila boshladi. Bugungi kunda partiya – mamlakatimizni ijtimoiy-iqtisodiy tomondan rivojlantirish, aholining turmush darajasini oshirish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’ektlari vakillarini huquqiy jihatdan himoya qilish, qo‘llab-quvvatlashni o‘z oldiga maqsad va vazifa sifatida belgilab olgan. Maqsad va g‘oyalarning  aholiga yaqinligi, mamlakatimiz rivojlanishiga xizmat qilishi bilan partiya parlament va Prezident saylovlarida samarali ishtirok etdi.  

Qabul qilingan “O’zbekiston – 2030” strategiyasi mamlakat taraqqiyoti asosiy yo‘nalishlarini aniq belgilab berilgan vazifalar mamlakatimiz, qolaversa, uning har bir hududi barqaror rivojini, ustuvor sohalar bo‘yicha rivojlanish maqsadlarini o‘zida aks ettirgan. Ularni bajarishda faol ishtirok etish, xususiy mulk daxlsizligini va tadbirkorlik faoliyatining erkinligini ta’minlash, tadbirkorlar uchun yanada qulay shart-sharoitlar yaratish, partiyaning barcha tuzilmalari va bo‘g‘inlari faoliyatini ushbu maqsadlarga yo‘naltirish bugungi kunda O’zLiDeP oldida turgan asosiy vazifalardan biriga aylangan.  

Tadbirda partiya faollari so‘zga chiqib, partiya tomonidan erishilgan yutuqlar va partiya oldidagi ustuvor vazifalar bo‘yicha o‘z fikrlarini bildirdi. Bayram tadbiri davomida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi tomonidan partiya tizimida samarali mehnat qilayotgan deputatlar, bir guruh faollarga Faxriy yorliq, tashakkurnomalar hamda esdalik sovg‘alari topshirildi.  

Bayram tadbiri san’atkorlarning konsert dasturi bilan  davom etdi.

  • Ko'rildi
    120
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+