O'zLiDeP Buxoro viloyat Kengashining o‘tgan yillardagi faoliyati sarhisob qilindi

27.11.2023, 17:52

O'zLiDeP Buxoro viloyat Kengashining o‘tgan yillardagi faoliyati sarhisob qilindi

Buxoro shahrida Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati –O’zbekiston Liberal-demokratik partiyasi tashkil etilganligining 20 yilligi munosabati bilan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.

Tantanali tadbirni O'zLiDeP Buxoro viloyat Kengashi raisi, xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati Obidjon Xamidov kirish so‘zi bilan ochib, tadbir ishtirokchilarini partiya tashkil etilganligining 20 yilligi bilan samimiy qutladi. Asosiy elektorati tadbirkor, fermer va hunarmandlardan iborat bo‘lgan O'zLiDePning mamlakatimiz siyosiy sahnasida yetakchi kuch sifatida o‘z o‘rniga ega ekanligi, o‘tgan davr mobaynida amalga oshirilayotgan islohotlarga qo‘shayotgan hissasi, ayniqsa ushbu siyosiy tuzilmaning mamlakatimiz iqtisodiyotini mustahkamlashdagi ulushi salmoqli ekanligini alohida ta’kidladi. “O’zbekiston-2030” strategiyasining ustuvor maqsad va vazifalari partiyaning saylovoldi dasturi bilan hamohang ekanligini  qayd etdi.

Tadbirda 20 yil davomida partiyaning Buxoro viloyat Kengashi tomonidan amalga oshirilgan ishlar qisqacha sarhisob qilib o‘tildi.

O’tgan vaqt davomida jamiyatimizda partiyaning nufuzi yildan yilga oshib, xalq ishonchini qozonib bormoqda. Buni partiya safining yildan yilga oshib borayotganida ham ko‘rish mumkin.

2004 yilning 1 yanvar holatida viloyat bo‘yicha 7507 nafar partiya a’zosi ro‘yxatga olingan bo‘lsa, bugungi kunda bu ko‘rsatkich 93 ming nafarni tashkil etib turibdi. Boshlang‘ich partiya tashkilotlari soni esa aytib o‘tilgan davrga mos ravishda 341 tadan 866 taga yetkazilgan. Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlarida jami 145 nafar partiyadan saylangan deputatlar faoliyat olib bormoqdalar.

Birgina joriy yilning o‘tgan davri mobaynida mahalliy Kengash deputatlari tomonidan 700 dan ortiq deputatlik so‘rovlari chiqarilgan. Salkam 110 ta mutasaddilarning hisoboti tinglangan. Mahalliy Kengash sessiyalariga 50 ga yaqin masala kiritilgan. Deputatlarga saylovchilar tomonidan qilingan 690 taga yaqin murojaatlarning aksariyati o‘z ijobiy yechimini topgan. Bir qator murojaatlar deputatlik va partiyaviy nazoratga olingan.

Tadbirda so‘zga chiqqan O'zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi Siyosiy ta’lim markazi rahbari Nasim Alimov va boshqalar bugungi kunda yurtimizda Prezidentimiz boshchiligida amalga oshirilayotgan ulkan islohotlarning samaradorligini ta’minlashda va “O’zbekiston – 2030” strategiyasida belgilangan maqsad va vazifalarni hayotga tadbiq etishda buxorolik partiya faollari bundan keyin ham oldingi saflarda bo‘lishlariga ishonch bildirdilar.

Tadbir yakunida partiyaviy faoliyatda bir qator yutuqlarga erishgan, safdoshlariga o‘rnak va namuna bo‘lib kelayotgan, ushbu siyosiy tuzilmaning dasturiy maqsad va vazifalarini targ‘ib qilish va amalga oshirishda jonkuyarlik ko‘rsatib kelayotgan bir guruh faollarga partiyaning tashakkurnoma, faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari topshirildi.

  • Ko'rildi
    70
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+