Buxoro viloyat kengashi sessiyasida oilaviy tadbirkorlik masalasi muhokama qilindi

29.11.2023, 11:11

Buxoro viloyat kengashi sessiyasida oilaviy tadbirkorlik masalasi muhokama qilindi

Ma’lumki, joriy yilning 22 noyabrida xalq deputatlari Buxoro viloyati kengashidagi O’zLiDeP deputatlik guruhining kengaytirilgan yig‘ilishi o‘tkazilib, unda “Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida aholining biznes tashabbuslarini qo‘llab- quvvatlashga doir amalga oshirilgan ishlar haqida”gi masala atroflicha ko‘rib chiqilgan hamda xalq deputatlari viloyat kengashining navbatdagi sessiyasi kun tartibiga ushbu masalani kiritish bo‘yicha tegishli qaror qabul qilingan edi. 

Oradan ko‘p o‘tmay viloyat kengashining 87-sessiyasida oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish masalasi qizg‘in bahs-munozaralarga sabab bo‘ldi. Mazkur masala bo‘yicha so‘z olgan O’zLiDeP viloyat Kengashi raisi, xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati O.Xamidovning ta’kidlashicha, partiya vakillari tomonidan jamoatchilik nazorati tartibida hududlarda tegishli o‘rganishlar olib borilganda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlariga binoan aholining biznes tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida muayyan ishlar amalga oshirilgan. Davlatimiz rahbarining ushbu sohani rivojlantirishga qaratilgan tegishli qarori asosida viloyat bo‘yicha 1,1trilion so‘m ajratilgan bo‘lib, 40 mingta ish o‘rni yaratish ko‘zda tutilgan. Shu kungacha o‘zlashtirilgan 827,4 milliard so‘m imtiyozli kredit hisobiga 34 mingta ish o‘rni barpo etilganligi, joylarda kasanachilik, hunarmandchilik, shuningdek qishloq xo‘jaligining bir qator sohalarida fuqarolar bandligi ta’minlanganligi o‘z amaliy natijasini berib turibdi.

Garchi shunday bo‘lsada oilaviy tadbirkorlikni davr talablari darajasida rivojlantirish masalasida bir qator yechimini kutib qolgan muammolar ham yo‘q emas. Ba’zi bir mahalla fuqarolar yig‘inlaridagi hokim yordamchilari tomonidan ishlab chiqarishning qator yo‘nalishlarini puxta bilmasliklari, o‘z hududlarini to‘liq o‘rganib chiqmaganliklari yuzasidan e’tirozli fikrlar bildirildi. Bu esa o‘z navbatida tadbirkorlik bilan shug‘ullanish istagida bo‘lgan oilalarning ijtimoiy ahvoli, oila a’zolarining yoshi, sog‘lig‘i va boshqa jihatlarini hisobga olmagan holda va aniq ma’lumotlarga tayanmagan holda fuqarolarga tavsiyalar berishda  noaniqliklarni keltirib chiqarmoqda.

Fuqarolarda huquqiy savodxonlikning yetishmasligi, tadbirkorlik ko‘nikmalari yo‘qligi banklar tomonidan ajratiladigan kreditlardan unumli foydalanishga to‘sqinlik qilayapti. Mahalla raislari bilan maslahatlashmagan holda hokim yordamchilari tomonidan berilayotgan tavsiyanomalardan ham kutilgan natijalarga erishilayotganligi yo‘q. Olingan kreditlarning belgilangan muddatlarda qaytarishda mavjud qiyinchiliklar yuzaga kelayotgani asosiy sabablaridan biri ham shudir. Joriy yilning 1 sentabr holatida tegishli dasturlar doirasida ajratilgan kreditlar bo‘yicha yuzaga kelgan muammoli (NPL) kredit qarzdorligi viloyat bo‘yicha 53,9 milliard so‘m bo‘lib, bu kredit portfeli  (1,6 trillion so‘m)ning 3,0 foizini tashkil etadi.  

Endilikda mahalliy kengash deputatlari va O’zLiDePning barcha faollari zimmasida oilaviy, shu jumladan, ayollar va yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish, shu tariqa hududlarda amalga oshirilayotgan islohotlar natijadorligiga erishish bo‘yicha alohida mas’uliyat turibdi. Ana shu yuksak mas’uliyat teran anglab yetilgandagina mazkur yo‘nalishdagi ishlarda kutilgan natijalarga erishilgan bo‘ladi.

Sessiyada kun tartibidagi mazkur masala bo‘yicha deputatlarning ham fikr-mulohazalari tinglandi, mavjud muammolar va ularning yechimlariga qaratildi. Muhokama qilingan masalalar yuzasidan tegishli qaror qabul qilindi.

  • Ko'rildi
    100
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+