O’zLiDeP vakillari buxorolik bolajonlarga yangi yil sovg‘asini ulashdilar

27.12.2023, 16:23

O’zLiDeP vakillari buxorolik bolajonlarga yangi yil sovg‘asini ulashdilar

Buxoro viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazining onkogemotologiya bo‘limida viloyatimizning bir qator shahar va tumanlarida istiqomat qiluvchi 80 nafar voyaga yetmagan o‘g‘il-qizlar ro‘yxatga olingan bo‘lib, bugungi kunda ularning 25 nafari statsionar tarzda davolanmoqda. Onkogemotologiya bo‘limida 40 nafarga yaqin tibbiyot xodimlari faoliyat olib borishmoqda.

Shifoxonada barcha bemorlarning shifo topib, hayotga qaytishlari uchun yetarli sharoitlar yaratilgan. Bo‘lim zamonaviy tibbiyot asbob-uskunalari bilan jihozlangan.

Buxoro viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazining onkogemotologiya bo‘limida davolanayotgan bolajonlarga bayramona kayfiyat bag‘ishlash maqsadida O‘zLiDeP Buxoro viloyat Kengashi tashabbusi bilan “Hech kim e’tibordan chetda emas!” shiori ostida yangi yil tadbiri tashkil etildi.

Bayramona tadbirda so‘zga chiqqan O‘zLiDeP viloyat Kengashi raisi, mahalliy Kengash deputati Obidjon Xamidov, partiya viloyat Kengashi bo‘lim mudiri Robiya Salixova va boshqalar Yangi O’zbekiston sharoitida har tomonlama sog‘lom va barkamol avlodni voyaga yetkazish, avvalo, oila, onalik hamda bolalikni muhofaza qilish davlatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilab olinganligini, buning uchun yurtimizda barcha sharoitlar yaratib berilganligini, O‘zLiDePning dasturiy maqsad va vazifalari orasida aynan shu masalalar ham yetakchi o‘rin egallab turganligini ta’kidladilar. Qolaversa, yurtimizda amalga oshirilayotgan barcha islohotlarning mazmun-mohiyatini tashkil qiluvchi “Inson qadri uchun” tamoyili, albatta, bolalarga g‘amxo‘rlikni ham nazarda tutadi.

Bayram munosabati bilan tashkilotchilar tomonidan bolalar uchun turli xil ko‘ngilochar chiqishlar namoyish etilib, bolajonlarga bir qator shirinlik va yangi yil sovg‘alari ulashildi.

  • Ko'rildi
    65
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+