Ekilgani emas, ko‘kargani hisob

12.01.2024, 18:18

Ekilgani emas, ko‘kargani hisob

“Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida Qashqadaryo viloyatining Qamashi tumanidagi Oxunboboyev hududidagi adirlar bag‘rida mevali bog‘ tashkil etishga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy seminar tashkil etildi.

Tadbirda Farg‘ona viloyati Quva tomorqa yer uchastkalarini rivojlantirish ilmiy amaliy markazi MChJ mutaxassislari tomonidan mevali daraxt ko‘chatlarini ekish, oziqlantirish, qator oralariga ishlov berish yuzasidan amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazildi.

Markaz mutaxassisi Axrorjon O’lmasovning ta’kidlashicha, markaz tasarrufida 400 gektar yer maydoni bo‘lib, har yili 100 xil mevali ko‘chatlar  yetishtiriladi. Bu yil ular voha fermerlari va tomorqa yer egalariga 100 ming tupga yaqin ko‘chat yetkazib berishni rejalashtiryapti. Bugungi tadbirga 2 ming dona bodom ko‘chatlari olib kelishgan.       

Seminarda O’zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi hamda O’zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisi Aktam Xaitov rahbarligidagi respublika ishchi guruhi a’zolari ham ishtirok etdi.

Partiya yetakchisi Prezidentimiz tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasidagi ko‘chat ekish ishlarini har bir fuqaro qo‘llab-quvvatlagan holda hovlisi sahniga bir dona bo‘lsa ham ko‘chat o‘tqazsa, yaxshi niyat bilan ekilgan nihollar yashillikka burkanib, chor-atrofga go‘zallik baxsh etibgina qolmasdan havoning musaffoligini ta’minlashi, shirindan-shakar mevalari esa aholi dasturxonini bezashini alohida ta’kidladi. 

- Qamashi kengliklarini kezar ekanmiz, adirliklar, yo‘l chetlarida  o‘tgan yili ekilgan ayrim daraxt ko‘chatlari qurib qolganligini guvohi bo‘ldik, - dedi O’zLiDeP Siyosiy kengashi Ijroiya qo‘mitasi hamda O’zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisi  Aktam Xaitov. - Chunki lalmikor maydonlarga ko‘chat ekishdan oldin, ularni sug‘orish haqida o‘ylash kerak. Elektr ta’minoti doimo ham bo‘lmasligi mumkin. Shuning uchun plyonka qoplamali hovuzlar tashkil etib, ularda yig‘ilgan suv zahirasini quvurlar orqali tomchilatib sug‘orishda ishlatish yaxshi samara beradi. Elektr bor paytda hovuzni bir to‘ldirib olsangiz, bir hafta tomchilatib sug‘orishga yetadi. Ekilgani emas, ko‘kargani hisob. Ko‘chatlar uchun sarflanayotgan mablag‘larni ko‘ka sovurishimiz kerak emas. Bu yildan e’tiboran har bir hududda yaratilgan bog‘lar uchun mas’ullar belgilanadi va ular har bir ko‘chatning ko‘karishi uchun javobgar bo‘ladi.  Qashqadaryoning go‘zal tabiati hamisha mehmonlarni o‘ziga maftun etib keladi.  Viloyat aholisi azaldan bog‘ yaratishni ezgu an’anaga aylantirishgan. “Yangi O’zbekistonni yashil makonga aylantiraylik!” shiori ostida o‘tkazilayotgan ko‘kalamzorlashtirish ishlarida deputatlarimiz va partiyamiz a’zolari faollik bilan qatnashishlari kerak. Bugungi kunda ko‘chat ekish ishlari barcha korxona, tashkilot va muassasa, mahallalarda jadallik bilan olib borilayotir. Deputatlarimiz o‘zi ulg‘aygan mahallasi, ta’lim olgan bilim maskani hududiga ko‘chatlar ekishib, boshqalarga ibrat bo‘lishayapti.

Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, “Yashil makon” umummilliy loyihasi – bu bir yillik tadbir emas, balki muntazam ravishda qilishimiz lozim bo‘lgan ezgu a’maldir. Darhaqiqat, yashab turgan joyimizni ozoda saqlab, bizdan keyingi avlod ham munosib tabiiy muhitda yashashlari uchun bugun biz tabiatga mehr va e’tibor bersak kelajak avlod ham munosib ekologik sharoitda yashaydi. Buning uchun chor atrof musaffoligini ta’minlash maqsadida daraxt ko‘chatlarini ekishimiz zarur. 

Mazkur hududdan Chiroqchi tuman tomorqachilik ilmiy-amaliy markazi uchun 80 gektar yer maydoni ajratilgan bo‘lib, mavsum poyoniga qadar 70 ming dona mevali daraxt ko‘chatlari ekish rejalashtirilgan. Seminar bo‘lib o‘tgan kuni 8 ming tup ko‘chat zamin bag‘riga qadaldi.

  • Ko'rildi
    80
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+