Vohadagi yirik sanoat korxonalari faoliyati bilan tanishildi

22.01.2024, 13:08

Vohadagi yirik sanoat korxonalari faoliyati bilan tanishildi

O’zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi Aktam Xaitov “Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi” MChJ muhandis-texnik xodimlari va ishchi-xizmatchilari bilan uchrashdi. Muloqot chog‘ida partiya yetakchisi mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy barqarorligini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar, parlament faoliyati, qonunchilikdagi yangiliklar haqida batafsil so‘zlab berdi.

A. Xaitov Prezidentimiz ishtirokida makroiqtisodiy barqarorlik va iqtisodiy rivojlanishni ta’minlash bo‘yicha bo‘lib o‘tgan selektor yig‘ilishida joriy yilda mamlakatimizda yalpi ichki mahsulot hajmini kamida 6 foizga ko‘paytirib, 100 milliard dollarga yetkazish, iqtisodiy kompleks rahbarlari va barcha davlat korxonalari uchun tannarxni qisqartirish hamda samaradorlikni oshirish, sanoatda 7 foiz o‘sishga erishish, moliyaviy intizom, soliqlar o‘z vaqtida tushirish, korxonalar xarajati asossiz o‘sishining oldini olish, bojxona, budjet tushumi uchun yana katta zahiralar yaratish, yashirin iqtisodiyot va iqtisodiy jinoyatchilikka qarshi kurashish, aholini kambag‘allikdan chiqarish va bandligini ta’minlash borasida ustuvor vazifalar belgilab berilganligi haqida ham to‘xtalib o‘tdi.

“O’zbekiston – 2030” strategiyasida barqaror iqtisodiy o‘sish orqali daromadi o‘rtachadan yuqori bo‘lgan davlatlar qatoridan o‘rin olish, aholi talablariga va xalqaro standartlarga to‘liq javob beradigan ta’lim, tibbiyot va ijtimoiy himoya tizimini tashkil qilish, aholi uchun qulay ekologik sharoitlarni yaratish, xalqqa xizmat qilishi shart bo‘lgan adolatli va zamonaviy davlatni barpo etish, mamlakat suvereniteti va xavfsizligini kafolatli ta’minlash kabi g‘oyalar aks etgan bo‘lib, shakllantirilgan ishchi guruhlar tomonidan partiyaning chora-tadbirlar rejasi tasdiqlanganligi, strategiya ijrosini ta’minlash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotganligini alohida qayd etdi.

- Prezidentimiz tashabbusi bilan uyushqoqlik bilan olib borilayotgan “Yashil makon” umummilliy loyihasida faol ishtirok etayotganligingizni ko‘rib, behad mamnun bo‘ldik, - dedi A. Xaitov. - Majmuaga kelishda yo‘l atroflarida tomchilatib sug‘orish texnologiyasi asosida mevali va manzarali daraxtlar ekilibdi. Ko‘chat ekish ishlarini yanada jadallashtirish kerak. G’uzor tumani yirik neft gaz korxonalari joylashgan hudud bo‘lgani uchun ham ko‘proq daraxtlar ekish tabiat musaffoligini ta’minlashga hissa bo‘lib qo‘shiladi. Ko‘proq dub, akatsiya, archa, qayrag‘och, tut kabi iqlimga mos manzarali daraxt ko‘chatlaridan eksangiz, bexato ko‘karadi.

O’zLiDeP rahbari Aktam Xaitov “Uzbekistan GTL” zavodida bo‘lib, korxona ishchi-xizmatchilari tomonidan mamlakat iqtisodiy barqarorligini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishdi. Korxona rahbari Alisher Bahodirov mamlakatimizda ilk bor ishlab chiqarilayotgan sintetik yoqilg‘i mahsulotlarini sifati va standartlarga muvofiqligini doimiy nazorat qilish, mahsulotlarni saqlash, sotish hamda iste’molchilarga yetkazib berish jarayonlari xususida batafsil so‘zlab berdi. 

  • Ko'rildi
    50
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+