Yoshlarning fikr-mulohazalari tinglandi

22.01.2024, 16:59

Yoshlarning fikr-mulohazalari tinglandi

Mamlakatimizda yoshlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularga hayotda, jamiyatda munosib  o‘rin egallashlari uchun imkoniyatlar yaratish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Davlatimiz rahbari tomonidan 2016 yilda imzolangan "Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida'gi  va undan keyin o‘tgan yetti yil ichida qabul qilingan qator farmon, qaror va dasturlar ham shu maqsadga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

Bundan tashqari Prezidentimiz BMT minbaridan turib ham yoshlarning huquq va manfaatlariga oid tashabbuslarni ilgari surdi. Mahalla tizimining takomillashtirib borilayotgani, unda yoshlar masalalari bo‘yicha yetakchi xodim faoliyati yo‘lga qo‘yilgani, "Yoshlar daftari" shakllantirilgani va yuzlab yoshlarga ijtimoiy, iqtisoliy va huquqiy yordam ko‘satilayotgani ana shular jumlasidan.

Namangan viloyatida ham  bu borada ibratli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, yoshlarni kasb-hunarga o‘qitish, tadbirkorlikka jalb etish bo‘yicha qator chora-tadbirlar bajarildi.

Davlatimiz rahbarining O’zbekiston xalqiga yangi yil bayram tabrigida 2024 yilni "Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili" deb e’lon qilingani haqidagi xabarni barcha namanganliklar, shu jumladan, yoshlar  katta qiziqish va mamnuniyat bilan kutib olishdi.

Shuningdek, yangi yilda yoshlarni qo‘llab-quvvatlash tizimi yanada takomillashuvi, iqtisodiyotni rivojlantirishga, investitsiyalar miqdorini ko‘paytirishga, raqamlashtirish va  "yashil" texnologiyaga, IT sohasini rivojlantirishga va bunda, albatta, yoshlarning ishtirokini, dahldorligini oshirishga alohida ahamiyat berilishi ta’kidlandi.

O‘zLiDeP Namangan viloyat Kengashi tomonidan Namangan muhandislik-qurilish institutida “Yangi avlod kadrlari” loyihasi doirasida  tashkil etilgan ochiq muloqotda ham shu mavzuda so‘z yuritildi. 

O’zLiDeP Namangan shahar Kengashi apparat rahbari Sohiba G’apparova va viloyat Kengashi bo‘lim mudiri Eldorbek Jo‘rayevlar partiya Dasturi, unda yoshlarga berilgan imkoniyatlar, xususan, “Yangi avlod kadrlari” loyihasining mazmun-mohiyati haqida tushuncha berdilar.

Ayniqsa, partiya tavsiyasi bilan davlat boshqaruvi idoralarida ishlayotgan tashabbuskor yoshlar, tadbirkorlar, deputatlar faoliyati haqidagi ma’lumotlar talabalarda katta qiziqish uyg‘otdi.

Muloqotda faol, namunali yoshlardan bir nechtasi amaldagi va istiqbolli kadrlar zahirasiga olindi, 5 nafari  partiya safiga qabul qilindi.

  • Ko'rildi
    81
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+