Navbahorlik tadbirkor banan, papayya, mandarin yetishtirmoqda

25.01.2024, 14:33

Navbahorlik tadbirkor banan, papayya, mandarin yetishtirmoqda

Yurtimizda o‘zini o‘zi band qilishga, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.  

O’zLiDeP Navoiy viloyati hududiy partiya tashkiloti xodimlari Navbahor tumanida faoliyat olib borayotgan tadbirkorlar tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishish maqsadida tadbirkor Farhod Ochilov xonadonida bo‘ldi.

Mahallada “serqirra tadbirkor” nomi bilan mashhur F.Ochilov tumanning Navkar mahallasida istiqomat qiladi. Uning xonadoniga kirishingiz bilan ko‘zingiz quvnab, kayfiyatingiz ko‘tariladi. Yo‘laklar uzra ekilgan arab anoridan tortib, turli uzum nihollari e’tiboringizni tortadi.  

U noana’anaviy biznesga qo‘l urgan. To‘rt faslda ham tinim bilmaydigan tadbirkor tropik mevalar ko‘chatlarini yetishtirib, nafaqat tumandoshlari, balki respublikamizning turli hududlariga yetkazib bermoqda.  

Dastavval 2 sotixdan iborat tomorqasiga Xitoy, Hindiston davlatlaridan keltirilgan sitrus mevalarning ko‘chat, urug‘larini ekib, parvarishladi. Ayni paytda birgina bananning 4-5 xil navi, papaya, tuvaklarga ekilgan mandarin hosilga kirgan. Son-sanoqsiz ko‘chatlar bo‘y cho‘zmoqda.

– Banan ko‘chatlarini yerga qadagandan so‘ng 14-15 oydan keyin sekin- asta mevalari yetila boshlaydi, – deydi F.Ochilov. – Bahor, yoz oylarida havo haroratining issiqligi tufayli hosil mo‘l va barakali bo‘ladi. Bitta banan daraxti 23-24 kilogramgacha, donaga hisoblasa 300-350 tagacha meva berishi mumkin. Xaridorlar uydan kelib olib ketishadi. 1-2 oy oldindan buyurtma beruvchilar ham bor. Ko‘chatni hosil berish muddatini hisobga olgan holda ekib, parvarishlansa, yil 12 oy davomida daromad olsa bo‘ladi.  

Bugun Farhodning tadbirkorlik faoliyatiga qiziquvchilar soni ortib borayapti. Xorazm, Surxondaryo, Samarqand, Buxoro viloyatlaridan banan yetishtirishga qiziqadigan tadbirkorlar kelib, undan banan va papayani o‘stirish sir-asrorlarini o‘rganib ketishmoqda.

Partiya vakillari xonadon sohibi bilan suhbatlashar ekan, uning rejalari bilan qiziqdi. Uning ta’kidlashicha, hozir yer olib, faoliyatini kengaytirish maqsadida issiqxona qurmoqda. Banan, papaya, mandarin ko‘chatlarini ko‘paytirish niyatida. Shuningdek, baliqchilik, asalarichilik va parandachilik yo‘nalishlarida ham o‘zini sinab ko‘rmoqchi.  

  • Ko'rildi
    62
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+