Jamaoatchilik nazorati: issiqxona uchun subsidiya zarur

13.02.2024, 09:32

Jamaoatchilik nazorati: issiqxona uchun subsidiya zarur

O‘zLiDeP Surxondaryo viloyati Kengashi vakillari va deputatlaridan iborat ishchi guruh hududlarda jamoatchilik nazorati tadbirlari doirasida oilaviy tadbirkorlar faoliyatini o‘rganishda davom etmoqda.

Bunda 2023 yilda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida loyihalarni moliyalashtirish uchun yo‘naltirilgan mablag‘larni hududlar kesimidagi maqsadli ishlatilishi, ularning yagona elektron platformasi orqali mablag‘larning ajratilishi, haqiqiy ehtiyojdan hamda moliyalashtirish taklif etilayotgan loyihalarning istiqboli va qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratishga yo‘naltirilganligidan kelib chiqqan holda, ajratilayotgan mablag‘larni vakolatli banklar va viloyatlar kesimida tezkor qayta taqsimlanish holatiga alohida eʼtibor qaratilyapti.

Jumladan, ishchi guruh Jarqo‘rg‘on tumani “Qoraqursoq” hamda “Suyunkamar” mahallalaridagi oilaviy tadbirkorlarning faoliyatini ko‘zdan kechirishdi. Ulardan biri Xo‘jamurod Eshqobilov o‘zining xonadonidagi tomorqasidagi 7 sotix joyga issiqxona qurib, pomidor yetishtirmoqda. Issiqxonaning bir chetida esa 8 tup limon ko‘chati ham ekilgan. Xonadon egasi bu issiqxonada yetishtirib kelayotgan mahsulotlaridan yiliga 20 million so‘m daromad qilayotganligini taʼkidladi.

—  Faqat issiqxonada poliz mahsulotlari va limon yetishitirish bilan cheklanib qolmasdan, xonadon egasi asalarichilik bilan ham shug‘ullanar ekan, — deydi ishchi guruh vakili O‘zLiDeP Surxondaryo viloyati Kengashi deputati Gulbahor Tangirova. — 2017 yildan buyon asalarichilikdan (23 quti)  yiliga 10 mln.dan ortiq daromad oladi. Bundan tashqari, xonadonda zotdor chorva mollari hamda parrandalar ham boqilib, go‘sht va tuxum mahsulotlari ham yetishtirilmoqda. Xonadonda ushbu faoliyat orqali tabirkorning o‘zi, ikkita kelini hamda nevaralari ish bilan taʼminlangan. Ham oila aʼzolari mehnat qilishadi, ham daromad olishadi. Bunday xonadonlar ushbu mahallada ko‘pchilikni tashkil etadi.

O‘rganish jarayonida Xo‘jamurod Eshqobilov yana 9 sotix joyga issiqxona qurish uchun subsidiya ajratilishi hamda issiqxonalarni isitish uchun tabiiy gaz tarmog‘iga ulash bo‘yicha yordam so‘radi.

Albatta, jamoatchilik nazorati doirasida o‘rganilayotgan bu kabi muammolar va takliflarning yechimi bo‘yicha ishchi guruh vakillari mutasaddi tashkilot rahbarlar ishtirokida deputatlik eshituvlari, doimiy komissiya majlislari va sessiyalarda atroflicha muhokamalar qilinadi.

O‘zLiDeP Surxondaryo viloyati Kengashi matbuot xizmati

  • Ko'rildi
    44
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+