Surxondaryoda oilaviy tadbirkorlik: rivojlanish bosqichlari va muammolar

22.02.2024, 11:05

Surxondaryoda oilaviy tadbirkorlik: rivojlanish bosqichlari va muammolar

Bugungi kunda respublikamizda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish orqali aholi daromadlarini ko‘paytirish, ularning yashash farovonligini oshirish maqsadida ko‘plab loyihalarga qo‘l urilmoqda. Mazkur sa’y-harakatlarning samarasi o‘laroq bugun o‘z biznesini boshlagan tadbirkorlik sub’ektlarining faoliyati, ularni qiynayotgan muammolar,  aholining biznes tashabbuslari O’zbekiston Liberal-demokratik partiyasining Surxondaryo viloyati tuman va shahar Kengashlari huzurida tashkil etilgan ishchi guruhlari tomonidan jamoatchilik nazorati tartibida o‘rganib chiqildi.

Xalq deputatlari viloyat Kengashidagi O'zLiDeP deputatlik guruhining navbatdagi kengaytirilgan yig‘ilishida ushbu o‘rganishlar natijalari muhokama etildi. Eshituv tarzda o‘tgan yig‘ilishda viloyat mahallabay va tadbirkorlikni rivojlantirish boshqarmasi hamda Markaziy bankning Curxondaryo viloyati bosh boshqarmasi vakillari 2023 yil davomida oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish va aholini tadbirkorlikka jalb etilishi, ish o‘rinlarini yaratilishi hamda kredit mablag‘larining maqsadli sarflanishi bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar xususida hisobot berishdi.

Davlatimiz rahbarining 2023 yil 31 yanvardagi “Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida aholining biznes tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashni yangi bosqichga olib chiqishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga asosan, o‘tgan yilda viloyatda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish uchun 890 milliard so‘m imtiyozli kreditlar ajratilgan. Shundan 444 milliard so‘m mablag‘ xotin-qizlar hissasiga to‘g‘ri keladi. Natijada minglab fuqarolarning bandligi ta’minlangan.

Jumladan, qishloq xo‘jaligi, xizmat ko‘rsatish sohasi va  ishlab chiqarish, hunarmandchilikni rivojlantirishga qaratilgan va boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha ishlab chiqilgan loyihalarga binoan tegishli miqdordagi imtiyozli kreditlar ajratilgan. 

Yana 8476 gektar yer maydoni 14 447 nafar daftarlarda ro‘yxatda turgan fuqarolarga ekin ekish uchun bo‘lib berildi. Endilikda 2024 yilda 2540 ta mikro loyihalar amalga oshirilishi rejalashtirilmoqda. Natijada esa 8 ming ish o‘rni yaratiladi. Aholini tadbirkorlikka jalb qilish jamg‘armasi mablag‘laridan bu yilga yana 28,7 milliard so‘m subsidiya ajratilishi ko‘zda tutilmoqda.

Biroq viloyatda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirishda ayrim kamchilik va muammolar ham yo‘q emas. Eshituvda ushbu masala yuzasidan deputatlar qator og‘riqli masalalarni o‘rtaga tashlashdi. Ushbu dasturlar doirasida ajratilgan kreditlarning 4 900 tasi muammoli ekanligi yoki bo‘lmasa, ta’minotchi korxonalarning yetkazib berayotgan mahsulotlari har doim ham ko‘ngildagidek emasligi, bu aholining e’tirozlariga sabab bo‘layotgani ta’kidlandi.

Qolaversa, oilaviy tadbirkorlar yetishtirayotgan mahsulotini to‘g‘ridan to‘g‘ri eksportga chiqarishga qiynalishayotgani ham aytib o‘tildi.

–  Tadbirkorlikni boshlash arafasida turgan hamyurtlarimiz huquqiy savodxonligini oshirish, ularga har tomonlama ko‘maklashish, ajratilayotgan kreditlardan maqsadli foydalanishga o‘rgatish bugungi kunning dolzarb vazifalaridan biridir, – deydi. Xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati Dilbar Suvonova. – Ushbu muhim masalaga partiyamiz faollari, mahalliy Kengash deputatlari, hamkor tashkilotlar tomonidan ham jiddiy yondashilsa, jumladan, muammoli kreditlarni ham o‘z vaqtida qaytarish imkoniyati yaratilgan bo‘lardi.

  • Ko'rildi
    62
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+