O’zLiDeP ishchi guruhi a’zolari hunarmandchilik markazlari faoliyatini o‘rganyapti

24.02.2024, 12:05

O’zLiDeP ishchi guruhi a’zolari hunarmandchilik markazlari faoliyatini o‘rganyapti

Davlatimiz rahbarining mamlakatimizda hunarmandchilikni rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, xususan hunarmandlarni soliqqa tortish tizimini takomillashtirish, ularni zarur xomashyo va moliyaviy resurslar bilan uzluksiz ta’minlash, hunarmandchilik mahsulotlarini realizatsiya qilish uchun infratuzilma yaratish va bozorlarni kengaytirish hamda aholini hunarmandchilikka keng jalb etish maqsadida 2023 yil 12 iyunda qabul qilingan “Aholini hunarmandchilikka jalb qilish va hunarmandchilik faoliyatini rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni buxorolik soha xodimlari faoliyatini ham yangi bosqichga ko‘tarish, ularni har tomonlama ijtimoiy-iqtisodiy va huquqiy himoyalashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

O’zLiDePdan mahaliy Kengash deputatligiga saylangan xalq vakillari, partiya faollari va mas’ullaridan iborat ishchi guruhi a’zolari belgilangan rejaga binoan viloyatdagi bir qator turdosh, jumladan, oilaviy va xususiy korxonalar faoliyati bilan tanishishga kirishdilar. Dastlabki o‘rganishlar Buxoro shahridagi “Sovg‘a ustozodai zardo‘zon” oilaviy korxonasi faoliyati bilan tanishishdan boshlandi.

Peshqadam hunarmandlardan biri Baxshullo Jumayev rahbarligidagi ushbu oilaviy hunarmandchilik korxonasi 2013 yilda tashkil etilgan bo‘lib, bu yerda zardo‘zi choponlar, bir qator ro‘zg‘or buyumlari, jumladan, zardo‘zi dasturxon, joynamoz, yelpig‘ichlar va hokazolar ishlab chiqarilmoqda. Bu mahsulotlar mahalliy va xorijiy sayyohlarga katta qiziqish uyg‘otmoqda.

Yaqinda Xitoy poytaxti Pekinda o‘tkazilgan hunarmandchilik ko‘rgazmasida ham “Sovg‘a ustozodai zardo‘zon” oilaviy korxonasida tayyorlangan zardo‘zlik mahsulotlarining yuqori baholanganligi ahil jamoaning samarali mehnati e’tirofidir.

Ishchi guruhi a’zolari korxona rahbari B.Jumayev bilan o‘tkazilgan suhbat davomida ushbu maskanda ustoz-shogird an’anasi ham bardavom ekanligiga, mohir zardo‘zning ko‘plab iqtidorli shogirdlari bugungi kunda mustaqil ravishda faoliyat olib borayotganligiga amin bo‘ldilar.

O’rganishlar chog‘ida hunarmandchilik sohasini rivojlantirishga to‘sqinlik qilayotgan ayrim muammolar ham muhokama qilindi. Hunarmandlarga beriladigan xonalar uchun to‘lanadigan ijara narxlarining qimmatligi, bu o‘z navbatida ularning talab darajasida faoliyat olib borishlariga qiyinchilik tug‘dirmoqda.

Ana shunday muammolardan yana biri beshiksozlar faoliyatiga taaluqli bo‘lib, ular tol daraxtlaridan tegishli tashkilotlarining ruxsatisiz o‘z ehtiyojlariga ko‘ra foydalana olishmayapti.

Shuningdek, ishchi guruh a’zolari Buxoro tumanidagi “Naqshband” hunarmandchilik markazi ish faoliyati bilan ham tanishib, uning ishlab chiqarish jarayonini ko‘zdan kechirdilar. 2021 yilda tashkil etilgan ushbu hunarmandchilik markazi asosan 3 ta binodan iborat bo‘lib, birinchi binoda tasviriy san’at muzeyi, restoran hamda sayyohlar uchun mehmonxona o‘rin egallagan bo‘lsa, ikkinchi binodan Buxoro qadimiy ipak qog‘ozi, kashtachilik-so‘zanachilik namunalari, somondan tasviriy san’at asarlari tayyorlanadigan sexlar, uchinchi binodan esa yog‘och o‘ymakorligi ustaxonasi o‘rin egallagan. Ushbu maskanda korxona rahbari Akmal Muxitdinov boshchiligida 30 dan ortiq yoshlar hunarmandchilik kasbi sir asrorlarini o‘rganmoqdalar. Markazda shuningdek, tosh o‘ymakorligi, xattotlik, miniatyura hunarmandchiligi bo‘yicha ham o‘quv kurslari tashkil etilgan.

Ishchi guruhining o‘rganishlari viloyat miqyosida davom etmoqda.

  • Ko'rildi
    30
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+