O‘zLiDeP vakillari ICAPP Yoshlar qanoti yig‘ilishida ishtirok etdi

28.02.2024, 08:49

O‘zLiDeP vakillari ICAPP Yoshlar qanoti yig‘ilishida ishtirok etdi

O‘zLiDeP so‘nggi besh yil ichida Osiyo mamlakatlaridagi siyosiy partiyalar o‘rtasida o‘zaro ishonchni oshirish va barqaror tinchlikni o‘rnatish doirasida Osiyo siyosiy partiyalarining Xalqaro konferensiyasi (ICAPP) bilan samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘ydi. Ushbu tuzilma Osiyo va Okeaniya mamlakatlari siyosiy partiyalarining xalqaro birlashmasi bo‘lib, uning maqsadi Osiyo mintaqasidagi turli mamlakatlarning siyosiy partiyalari o‘rtasidagi almashinuv va hamkorlikka ko‘maklashishdan iborat.

Mo‘g‘uliston poytaxti Ulan Bator shahrida mazkur konferensiyasining “Biz, parlamentda yoshlarga ha deymiz” mavzusida Yoshlar qanotining VII yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Ushbu uchrashuv Osiyoning 12 mamlakatidagi 17 ta siyosiy partiyaning Yoshlar qanotlari vakillarini birlashtirib, davlatlar, umuman mintaqadagi muammolar haqida fikr almashish imkonini berdi.

Konferensiyada Davlat buyuk Xurali spikeri Gombojavin Zandanshatar parlament mexanizmida yoshlar ishtiroki masalalariga alohida to‘xtalib o‘tdi. Xususan, Mo‘g‘uliston yoshlarining siyosat va qonunlar qabul qilinishi jaryonidagi ishtirokini raqamlashtirish borasida yo‘lga qo‘yilgan tajriba konferensiya ishtirokchilarining eʼtiborini tortdi. Bu tajriba orqali fuqarolarni qonunchilik faoliyatidagi ishtirokini qo‘llab-quvvatlovchi “D-parliament” tizimi va yoshlarga o‘z fikrini bayon qilish imkonini beruvchi “D-petition” ommaviy murojaatlar tizimi joriy qilingan.

Mazkur anjumanda bevosita O‘zLiDeP vakillari Sardor G‘iyosov va Otabek Sobitovlar ham ishtirok etishdi. Uchrashuv davomida ishtirokchilar yoshlarning jamiyat va davlat hayotidagi shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy huquqlarini taʼminlash borasidagi masalalarda o‘zaro fikr almashishdi.

O‘zLiDeP matbuot xizmati

  • Ko'rildi
    63
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+