Jamoatchilik nazorati kerak ekan-da!

29.02.2024, 12:11

Jamoatchilik nazorati kerak ekan-da!

Kengashimiz huzuridagi deputatlik guruhi a’zolari nihoyat shunday qarorga kelishdi. Nega? Chunki ular partiya elektorati vakillari va aholining turli qatlamlari bilan kechgan jonli muloqotlarda qator masalalarga birgalikda javob izlashdi.

Masalan, oilaviy tadbirkorlik bilan shug‘ullanayotganlarning ko‘pchiligi issiqxona faoliyati hamda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish bo‘yicha ayrim jo‘yali takliflarni o‘rtaga tashlashdi. Albatta, bu jarayonda arzon va sifatli urug‘ topish keyingi paytda oson bo‘lmayapti. Ayniqsa, eksportbop va bozorbop urug‘ navlarini qimmat narxlarda sotib olishga majbur bo‘lishayotgani ham sir emas.

Jamoatchilik guruhi a’zolari Jarqo‘rg‘on tumanidagi “Markaziy Surxon” mahallasida bo‘lishib, bulg‘or qalampiri yetishtirish bilan shug‘ullanayotgan oilaviy tadbirkorlar bilan suhbat jarayonida birinchi navbatda ularning daromadlari qandayligi bilan qiziqishdi. Tabiiyki, keyingi yillarda barcha sohalarda bo‘lgani kabi, o‘z tomorqasida issiqxona qurgan xonadon sohiblarining iqtisodiy jihatdan baquvvat bo‘lib borayotgani kuzatilyapti. Mazkur mahallada ham to‘rt faslda tomorqasini gullatib qo‘yganlar safi yil sayin ko‘paymoqda. Ammo yuqorida tilga olingan muammo – sifatli urug‘ni qimmatiga xarid qilish oqibatida ko‘pchilikning xarajatlari ko‘payib, foydasi kamayishi odamlarning hafsalasini pir qilayotgani  haqiqat. Shuning uchun ayni masalada deputatlar va partiya faollarining ko‘magi nihoyatda zarurligi bejiz ta’kidlanmadi.

Birinchi navbatda ushbu muammoni ijobiy hal qilish uchun ikkita taklif o‘rtaga tashlandi: Avvalo, tadbirkorlarga urug‘ yetkazib berishda imtiyozlar qo‘llanilsa, natijadorlik va manfaatdorlik oshadi. Xorijdan keltirilayotgan sifatli urug‘lar muqobilini O’zbekistonda ham yetishtirish choralarini ko‘rish lozim!

Shuningdek, guruh a’zolari viloyat miqyosida oilaviy tadbirkorlik bilan mashg‘ul bo‘lgan jismoniy va yuridik shaxslar duch kelayotgan muammolar orasida elektr va gaz ta’minoti liniyalari bo‘lmagan yoki uzilishlar ro‘y beradigan ayrim hududlarda bu borada uzluksiz ta’minotni yo‘lga qo‘yish uchun qayta tiklanuvchi elektr manbalari hamda ko‘mir mahsulotlari yetkazishda imtiyozli shartlarni qo‘llash bo‘yicha ham amaliy takliflarni o‘rtaga tashlashdi.

Chunki hozirgi kungacha, ayniqsa, issiqxona tashkil etgan tadbirkorlar o‘sha hududda, masalan, umuman gaz quvurlari bo‘lmasa-da, noilojlikdan kuz-qish mavsumida ko‘mir mahsulotlarini ishlatishga majbur. Lekin ularni qo‘llab-quvvatlash uchun ba’zi imtiyozlarni qo‘llash vaqti kelmadimikan? Yana bir jiddiy muammo, bu suv ta’minoti masalasidir.

Viloyatimizning Bandixon, Qiziriq, Muzrabot, Sherobod va Termiz tumanlarida faoliyat ko‘rsatayotgan fermerlar, ya’ni partiyamiz elektorati vakillari, ayniqsa, qizg‘in mavsum paytida suv yetishmasligidan aziyat chekmoqda. Bu borada, albatta, hukumatimiz va tegishli idoralar qonuniy asoslarga ko‘ra barcha chora-tadbirlarni ko‘rishmoqda. Lekin baribir bu muammoga birgalikda, hamjihatlikda yechim topish uchun harakat qilmasak, keyin kech bo‘ladi. Shuning uchun jamoatchilik guruhimiz hamfikr bo‘lib, sanab o‘tilgan tumanlarda suv tejovchi texnologiyalarni yanada keng roq joriy qilish, ayniqsa, tomchilatib sug‘orish uskunalaridan unumli foydalanish, artezian quduqlari orqali suv chiqarish uchun imtiyozlar va subsidiya lar ajratish zarur deb hisob laydi! Kuzatuvlarimiz davomida guvoh bo‘ldikki, nomlari sanalgan ana shu hududlarning deyarli yarmidan ko‘pida asosan tomorqachilar faqatgina ertaki ekinlar yetishtirish bilan cheklanib qolishayotgani achinarli holdir.

Yana bir e’tibor qaratish zarur bo‘lgan soha, bu meva-sabzavot eng ko‘p yetishtiriladigan tumanlar, masalan, Angor, Denov, Jarqo‘rg‘on, Oltinsoy tumanlarida aholi tomorqalariga kompleks xizmat ko‘rsatishni tashkil etish uchun tomorqa xizmati klasterlari faoliyatini yo‘lga qo‘yish kechiktirib bo‘lmaydigan vazifa ekanligini alohida ta’kidlashni istardik. Bu tajriba aksariyat hududlarda o‘zini oqlayotgani uchun shunday taklifni o‘rtaga tashlayapmiz. Bu esa, birinchi navbatda, eksport salohiyatimizni yanada oshirishga xizmat qilsa, qolaversa, odamlarning iqtisodiy manfaatdorligini ta’minlashda o‘ziga xos ko‘prik vazifasini o‘taydi.

Umuman olganda, kengashimizning faol a’zolari, deputatlik guruhimiz vakillaridan iborat jamoatchilik guruhi qisqa o‘rganish jarayonida xalqimizning mamlakatda olib borilayotgan izchil islohotlardan roziligini aslida har doim ana shunday mezonlar asosida o‘lchashimiz lozimligiga yana bir bor guvoh bo‘ldik.

Alisher RO’ZIYEV,

O‘zLiDeP Surxondaryo viloyat  kengashi raisi

  • Ko'rildi
    35
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+