Oziq-ovqat mahsulotlari eksportini ko‘paytirish masalasi muhokama qilindi

20.03.2024, 19:25

Oziq-ovqat mahsulotlari eksportini ko‘paytirish masalasi muhokama qilindi

Prezident raisligida qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat tarmoqlarida investitsiyalar va eksportni ko‘paytirish yuzasidan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishga eng faol 100 dan ziyod eksportchi-tadbirkorlar va logistika korxonalari vakillari taklif qilindi. Ularning muammolari va takliflari o‘rganildi.

Joriy yilda qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat eksportini 3,5 milliard dollarga yetkazish ko‘zda tutilgan. Bunga erishish uchun nimalar qilish kerak degan savol bilan murojaat qilindi.

Davlatimiz rahbari sohadagi muammolarni birma bir sanab o‘tdilar, uning yechimlari bo‘yicha aniq taklif va tashabbuslarini berdi, soha vakillarning ham takliflari tinglandi.

Xususan, 1 million gektar g‘alladan bo‘shaydigan maydon, 508 ming gektar aholi tomorqasi, 260 ming gektar odamlarga bo‘lib berilgan yerlar imkoniyatidan to‘liq foydalanilmayotgani qayd etildi. Masalan, 16 ta tuman umuman meva-sabzavot eksport qilmagan. Yoki, paxta ekmaydigan 28 ta tumanda eksport ko‘rsatkichlari qoniqarsiz. Ushbu tumanlarda mahsulot yetishtirish, saqlash, saralash va sotish bo‘yicha eksportchilar hamda dehqonlar o‘rtasida kooperatsiya tizimli yo‘lga qo‘yilmagan.

Yana bir muhim masala, bu yil hududiy dasturlar doirasida respublika bo‘yicha oziq-ovqat yo‘nalishida 833 million dollarlik 528 ta loyihani ishga tushirish reja qilingan. Lekin, 14 ta tumanda oziq-ovqat bo‘yicha birorta loyiha yo‘qligi tanqid qilindi.

Bu yili oziq-ovqat sanoatida kamida 100 trillion so‘mlik mahsulot ishlab chiqarish va 1 milliard dollar eksport qilish reja qilingan. Lekin, oziq-ovqat yo‘nalishidagi ayrim korxonalar aylanmasi uchun mablag‘ ola olmagan, ayrimlari sifat bo‘yicha raqobatga bardosh berolmagan, tejamkor texnologiya o‘rnatmagani uchun tannarx baland bo‘lgan.

Shu sababdan davlatimiz rahbari eksportni anʼanaviy bozorlardan yuqori narxda mahsulot sotib oluvchi davlatlarga yo‘naltirish zarurligini taʼkidladi.

Muloqotda yurtimizdagi laboratoriyalar xalqaro standartlarga mos emasligi oqibatida o‘zbek meva-sabzavotlariga ishonch so‘nayotgani taʼkidlandi.

Davlatimiz rahbari ko‘tarilgan masalaning o‘rinli ekanini qayd etdi. Mutasaddilarga 5 ta laboratoriyani xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkazib, xorijiy davlatlar karantin xizmatlari ro‘yxatiga kiritish, yil yakunigacha Toshkent shahrida Referens laboratoriya tashkil qilib, xususiy laboratoriyalar ishini xalqaro standartlarga mosligini taʼminlash topshirildi.

Bundan buyon, xalqaro tan olingan reagentlar import bojidan ozod qilinadi, ularga majburiy ekologik sertifikat olish talab etilmaydi. Meva-sabzavot sifati bo‘yicha Yaponiya, Koreya, Avstraliya, Kanada kabi davlatlarning milliy talablari o‘rganilib, o‘zimizda joriy qilinadi.

Yig‘ilishda mahalliy korxonalarga xalqaro ko‘rgazmalarda qatnashishda ko‘maklashish masalasiga to‘xtatilib o‘tilarkan, endilikda yuqori va o‘rta reytingga ega bo‘lgan tadbirkorlar uchun ko‘rgazmalarda qatnashish xarajati 100 foiz oldindan to‘lab beriladi. Past reytingga ega bo‘lganlar ko‘rgazmada ishtirok etganini tasdiqlovchi hujjat taqdim etgandan keyin xarajatining 50 foiz qismi qoplab beriladi.

Shuningdek, dehqonlardan mahsulotlarni yig‘ib, eksportchilar uchun yetkazib beruvchi taʼminotchilar faoliyatini tartibga solish, importi yuqori bo‘lgan asosiy oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish uchun import qilinadigan xom ashyoni bojxona to‘lovidan ozod etish bo‘yicha takliflar muhokama qilindi.

Meva-sabzavot va oziq-ovqat eksporti bo‘yicha Bosh vazir boshchiligida komissiya tuzilishi belgilandi, eksportni ko‘paytirishda ekin ekishdan boshlab, mahsulotni saqlash, qadoqlash, qayta ishlash va sotish zanjirini to‘liq qamrab oladigan uch yillik katta dastur qabul qilishga qaror qilindi.

Barno MIRZAMOVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati

  • Ko'rildi
    24
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+