Holva degan bilan og‘iz chuchimaydi yoki nega Sirdaryodagi yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalari faoliyati jonlanmayapti?

22.03.2024, 14:49

Holva degan bilan og‘iz chuchimaydi yoki nega Sirdaryodagi yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalari faoliyati jonlanmayapti?

O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan loyihalar jamoatchilikda tobora katta qiziqish uyg‘otmoqda. Ularning har biri aholining muayyan toifasi yoki qatlamiga mo‘ljallangani esa ijobiy natijaga erishishda o‘ziga xos kompas vazifasini bajarayotir.

Partiya faoliyatidagi istiqbolli yo‘nalishlardan biri “O‘zLiDeP yoshlar minbari” loyihasidir. Hayotga kirib kelayotgan navqiron avlod muammolarini o‘rganish maqsadida tashkil etilgan mazkur loyiha respublikada yoshlarga oid qonunchilik ijrosi ustidan jamoatchilik nazoratini yo‘lga qo‘yishni ham nazarda tutadi.

Loyiha doirasidagi o‘rganishlarning dastlabkisi Sirdaryo viloyatida o‘tkazildi. Bir guruh deputatlar va faol yoshlar tomonidan Prezidentimizning 2021 yil 21 apreldagi “Yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalari faoliyatini tashkil etish hamda yoshlarning tadbirkorlikka oid tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida viloyatda tashkil etilgan kichik va yoshlar sanoat zonalari faoliyati joyiga chiqqan holda o‘rganildi.

Unga ko‘ra, erkin iqtisodiy zonalar bo‘yicha mavjud tajriba asosida hududlarda yoshlar kichik sanoat zonalarining tashkil etilishi, ularda o‘sib kelayotgan avlod vakillarining biznes loyihalari joylashtirilishi belgilab berilgan edi. Shuningdek, yoshlarning loyihalarini moliyalashtirish uchun jamg‘arma tashkil etilib, unga 100 million dollar mablag‘ ajratilishi belgilangan. Jamg‘arma yoshlarning namunali loyihalarini ro‘yobga chiqarish uchun qulay shartlarda va past foizlarda moliyalashtiradi. Bundan tashqari, kichik sanoat zonalarida ishlab chiqarish binolari qurilib, yoshlarga imtiyozli shartlarda ijara va lizing asosida berilishi ham ko‘zda tutilgan.

Qarorga muvofiq, Sirdaryo viloyatida 2021 yilning o‘zida Guliston shahri, Mirzaobod, Boyovut, Sirdaryo tumanlarida va Yangiyer shahrida, 2022 yilda esa qolgan 7 ta tuman (shahar)da yoshlar kichik sanoat zonalari tashkil etilishi, umumiy hisobda 21,9 gektar yer maydonlari ajratilishi belgilangan edi.

Xo‘sh, oradan shuncha vaqt o‘tib ketdi. Ahvol qaysi tomonga qarab o‘zgardi?  Natijalar qog‘ozda qolib ketdimi yoki amalda biror tayinli ishlar bajarildimi?

Bu kabi jumboqli savollarga javob topish jarayonida bir qator yoshlar sanoat tadbirkorlik zonalariga 68,9 mlrd. so‘mlik 19 ta loyiha joylashtirilgani ma’lum bo‘ldi. Ularni ishga tushirish natijasida 466 ta yangi ish o‘rni yaratilishi ko‘zda tutilgandi. 2022 yilda Guliston tumanidagi “Oq oltin” MFYda 3,0 gektar, Sayxunobod tumani “Farovon” MFYda 32,08 gektar va Guliston shahar “Ulug‘obod” MFYda esa  50,0 gektar yer maydonida yangi tashkil etilgan kichik sanoat zonalarini muhandislik kommunikatsiyalar infratuzilmasi bilan ta’minlash maqsadida O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 28 noyabrdagi PQ-431sonli qaroriga asosan 12 350,0 mln.so‘m mablag‘ ajratilishi belgilangan bo‘lib, bugungi kunda tegishli tashkilotlar tomonidan loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqilmoqda.

Viloyatning Mirzaobod tumanida joylashgan “Navro‘z” kichik sanoat zonasi faoliyati o‘rganilganda, bu yerdagi “Navroʻz Total Textile” MChJ korxonasi trikotaj mahsulotlarini ishlab chiqarishga ixtisoslashtirilganligi hamda mazkur korxona dastgohlarini ishga tushirish maqsadida ko‘plab xorijiy mamlakatlardan va mahalliy mutaxassislardan iborat 160 nafar yoshlar jalb etilgani ma’lum bo‘ldi.

Afsuski, bu korxonani ishga tushirish uchun kuchlanishi 110 kv bo‘lgan 17,5 km havo tarmog‘ini tortish va 16 MVA kuchlanishli transformator va 110/35 podstansiya punktini qurish zarur bo‘lib, bu masala haligacha hal etilmaganligi sababli ishlar ortga surilmoqda.

Agar mazkur korxona ishga tushadigan bo‘lsa, birinchi bosqichda mahalliy aholining 500 nafari, ikkinchi bosqichda yana 500 nafari doimiy ish joyiga ega bo‘lishi rejalashtirilgani kishini quvontiradi. Lekin holva degan og‘iz chuchimaydi-da.

Masalan, Mirzaoboddagi “Navro‘z” kichik sanoat zonasida joriy yil oxiriga qadar bir nechta loyihalarni ishga tushirish mo‘ljallangan. Ammo 2024 yilning uchinchi oyi ham oyoqlab borayotgan bo‘lsa-da, hamon bu yerda jo‘yaliroq ishlar boshlanmagan.

3 ta tadbirkorlik sub’ektining muammolari tahlil qilinganida kichik sanoat zonasi infratuzilmasi (yo‘l, gaz, elektr tarmoqlari)ning ahvoli yomonligi ma’lum bo‘ldi. Aniqlangan kamchilik va muammolarni batafsil ko‘rib chiqish uchun deputatlik guruhi yig‘ilishiga taqdim etish bo‘yicha tegishli hujjatlar rasmiylashtirildi.

O‘zLiDeP matbuot xizmati

 

  • Ko'rildi
    46
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+