Deputatlar Jizzax shahri va Do‘stlik tumanida qurilish sohasida amalga oshirilayotgan loyihalar bilan tanishdi

31.03.2024, 10:26

Deputatlar Jizzax shahri va Do‘stlik tumanida qurilish sohasida amalga oshirilayotgan loyihalar bilan tanishdi

Avval xabar berganimizdek, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlaridan iborat ishchi guruh aʼzolari hududlarda bo‘lib, Davlatimiz rahbari raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishlarda belgilab berilgan makroiqtisodiy barqarorlik, iqtisodiy rivojlanishni taʼminlash, investitsiya va eksport hajmini oshirish, sanoat, qurilish, transport, ekologiya hamda ijtimoiy sohalarda 2024 yilda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ustuvor vazifalar ijrosi holatini o‘rganmoqdalar.

- Joriy yil 29 yanvarda Prezidentimiz raisligida uy-joy va kommunal xo‘jaligi, qurilish, transport va ekologiya sohalaridagi ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan videoselektor yig‘ilishida mazkur sohalardagi amalga oshirilayotgan ishlar tanqidiy tahlil qilinib, amalga oshirilishi zarur bo‘lgan dolzarb vazifalar belgilab berilgan edi.

Ayni paytda ishchi guruh aʼzolari qurilish sohasida Jizzax shahri va Do‘stlik tumanida amalga oshirilayotgan loyihalar bilan yaqindan tanishib, mavjud muammo va kamchiliklarni o‘rganmoqdalar, - deydi ishchi guruh aʼzosi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zLiDeP fraksiyasi aʼzosi Feruza Nigmatova.

Xalq noiblari Jizzax shahrining bosh rejasiga asosan “Toshloq” MFY hududida  barpo etilayotgan  ko‘p qavatli turar joy binolarida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik jarayoni bilan tanishdilar. Mazkur hududda shaharning  “Shifokorlar” va Narimonov ko‘chalarini bog‘lovchi 500 metr avtomobil yo‘li qurilishi belgilangan. Ushbu yo‘lning yoqasidan 1276 xonadonga mo‘ljallangan 15 ta ko‘p qavatli uylar qurilishi boshlab yuborilgan. Mazkur aholi turar joy majmuasida 105 ta savdo, maishiy-xizmat ko‘rsatish shaxobchalari ham bunyod etilishi rejalashtirilgan.

Ushbu turar joy majmuasini bunyod etish uchun 38 ta turar joy va 6 ta noturarjoy binolari buzilgan bo‘lib, “snos”ga tushgan mazkur obyektlarningg kompensatsiya summasi 38.166.518 ming so‘mni tashkil qiladi.

Qolaversa, mazkur bunyodkorlik jarayonlari uchun “Jizzax suv taʼminoti” MCHJga qarashli yerning bir qismi jamoat ehtiyoji uchun o‘tkazilgani munosabati bilan, qurilish ishlarini amalga oshirishga kirishgan “Aziza Kredo max” MCHJ, shaharlik suv taʼminotchilarga yangi maʼmuriy bino va boshqa obyektlarni qurib berish sarf-harajatlarini o‘z hisobidan qoplaydi va 2 dona artezian quduqlar himoya zonasini beton to‘siq bilan o‘rab beradi.

Quruvchilar bilan bo‘lgan muloqotlar chog‘ida, xalq noiblari, turar joy binolarining tannarxi, sifati, ichimlik suvi, tabiiy gaz, elektr energiya, kanalizatsiya taʼminoti masallari bilan atroflicha tanishib chiqdilar. Quruvchilarni o‘ylantirayotgan muammolar bilan qiziqdilar.

Shuningdek, mazkur qurilish jarayonlarida doimiy va mavsumiy ish bilan taʼminlangan 1000 nafardan ortiq ishchi xodimlarga yaratilgan shart-sharoitlar ham deputatlar nazaridan chetda qolmadi.

Ishchi guruh aʼzolarining Jizzax viloyatidagi o‘rganish ishlari davom etmoqda.

 O‘zLiDeP Jizzax viloyat hududiy partiya tashkiloti

Matbuot xizmati

  • Ko'rildi
    38
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+