Maxtumquli – o‘zbek va turkman xalqlarining do‘stligi ramzi

04.04.2024, 11:15

Maxtumquli – o‘zbek va turkman xalqlarining do‘stligi ramzi

Muhammad Al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Nurafshon filiali hamda partiyaning Toshkent viloyat Kengashi, partiya Nurafshon shahar Kengashi hamkorligida buyuk turkman shoiri va mutafakkiri Maxtumquli tavalludining 300 yilligi munosabati bilan targ‘ibot tadbiri o‘tkazildi.

“Maxtumquli – o‘zbek va turkman xalqlarining do‘stligi ramzi” mavzusidagi tadbirda Respublika Turkman milliy-madaniy markazi, Turkman milliy-madaniy markazi viloyat bo‘limi, O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari viloyat hududiy bo‘limi, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi viloyat bo‘lmi, viloyatdagi 10 dan ortiq milliy-madaniy markazlar, partiya faollari, viloyatda o‘z obro‘siga ega nuroniy va faxriylar ishtirok etishdi.

 Tadbirda so‘zga chiqqanlar asrlar mobaynida yagona tarixiy-madaniy makonda yashab kelgan o‘zbek va turkman xalqlarini umumiy diniy qadriyatlar, urf-odat va anʼanalar o‘zaro bog‘lab turishi haqida fikr yuritishdi.

Ikki mamlakat rahbarlarining siyosiy irodasi va  ishonchi O‘zbekiston – Turkmaniston munosabatlarining yana-da rivojlanishi va mustahkamlanishida muhim rol o‘ynayotganini alohida taʼkidlashdi.

O‘zbek va turkman xalqlari o‘rtasidagi do‘stlik aloqalarini mustahkamlashda Maxtumquli maʼnaviy merosining tutgan o‘rni beqiyos ekaniga eʼtibor qaratishdi.

Bugungi kunda qardosh mamlakatlarimiz o‘rtasidagi strategik sheriklik aloqalari ko‘p asrlik do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik munosabatlariga, o‘zaro yaqin savdo-iqtisodiy va  gumanitar hamkorlikka asoslanganini eʼtirof etishdi.

Ulug‘ insonlarning pok nomi va xotirasi ham kishilarni ulug‘ va xayrli ishlar atrofida jipslashtiradi.

Maxtumquli Firog‘iy tavalludining 300 yilligini keng nishonlash maqsadida tashkil etilgan tadbir ham milliy qadriyatlarimizning amaliy namunasi bo‘lgan “Yashil makon” loyihasiga ulanib ketdi.

Unda ishtirok etgan partiya viloyat Kengashi raisi, Xalq deputatlari Toshkent viloyat Kengashi deputati To‘lqinjon Fayziyev hamda filial direktori Nurbek Nasrullayevlar mevali daraxt ko‘chatini birgalikda ezgu niyatlar bilan o‘tqazishib “Do‘stlik bog‘i”ga asos solib berishdi.

Birgalikda barpo etilgan “Do‘stlik bog‘i”da 100 dan ortiq turli mevali daraxat ko‘chatlari katta uyushqoqolik va hamjihatlikda o‘tqazildi.

Bugungi tadbir va barpo etilgan bog‘ nafaqat, qardosh turkman xalqi balkim, jonajon O‘zbekistonimizda istiqomat qilayotgan 130 dan ortiq turli millat va elat vakillari bilan millatlararo do‘stlik muhitini yana-da mustahkamlanayotganining ramzi bo‘lib qoladi.  

Zuxro Mirzohamdamova,

O‘zLiDeP Toshkent viloyat Kengashi bo‘lim mudiri

  • Ko'rildi
    41
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+