O‘zLiDeP davra suhbatida hunarmandchilik sohasidagi ayrim muammolarga atroflicha yechim izlandi

05.04.2024, 11:19

O‘zLiDeP davra suhbatida hunarmandchilik sohasidagi ayrim muammolarga atroflicha yechim izlandi

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O’zbekiston Liberal-demokratik partiyasi Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasida “O’zbekistonda hunarmandchilikni rivojlantirishning dolzarb masalalari va ularning huquqiy yechimlari” mavzusidagi davra suhbatida ana shular haqida so‘z bordi.

Videokonferensaloqa tarzida o‘tgan tadbirda partiyaning Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi a’zolari, mahalliy kengashlar deputatlari va faollar, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Hunarmandchilik va kasanachilikni qo‘llab­quvvatlash jamg‘armasi, O’zbekiston Savdo­sanoat palatasi va “Hunarmand” uyushmasi mas’ul xodimlari hamda hunarmandlar qatnashdilar. Ishtirokchilar O’zbekistonda hunarmandchilikni rivojlantirishning huquqiy asoslari, sohani moliyaviy qo‘llab­quvvatlash, “usta­shogird” an’analari,  mazkur yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlar va uchrayotgan muammolarni qizg‘in muhokama qilishdi.

 – Xalqimiz kundalik hayotining ajralmas qismi bo‘lgan hunarmandchilik san’ati, xususan, yog‘och o‘ymakorligi, ganchkorlik, kulolchilik, to‘qimachilik, zardo‘zlik, sozgarlik, kandakorlik, zargarlik va boshqa shakllarining har biri necha ming yillik tarixga, o‘ziga xos ijodiy maktab va an’analariga, atoqli namoyandalariga ega, – dedi O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi huzuridagi Siyosiy ta’lim markazi rahbari Nasimjon Alimov. –  O’zbekistonlik ustalar tomonidan tayyorlangan ko‘plab badiiy hunarmandchilik va amaliy san’at mahsulotlari dunyoning mashhur muzeylarida saqlanishi ularning jahon xalqlari tarixida naqadar buyuk ahamiyat kasb etishini ko‘rsatadi. So‘nggi yillarda mamlakatimizda sohani rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, jumladan, hunarmandlarni soliqqa tortish tizimini takomillashtirish, ularni zarur xomashyo va moliyaviy resurslar bilan uzluksiz ta’minlash, mahsulotlarini realizatsiya qilish uchun infratuzilma yaratish va bozorlarni kengaytirish borasida samarali ishlar amalga oshirilmoqda.

Ochiq muloqot savol­javoblarga boy o‘tgan tadbirda soha vakillari, partiya faollari va deputatlar tomonidan ko‘plab taklif va mulohazalar bildirildi.

Xususan, davlatimiz rahbarining 2023 yil  12 iyundagi “Aholini hunarmandchilikka jalb qilish va hunarmandchilik faoliyatini rivojlantirish uchun qulay shart­sharoitlar yaratish chora­tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida belgilangan “Hunarmand” uyushmasining ustuvor vazifasi sifatida hududlarda hunarmandchilik faoliyatining har bir yo‘nalishini alohida yondashuvlar asosida rivojlantirish dasturlarini amalga oshirish, bu sohaning yo‘qolib ketayotgan turlarini saqlab qolish, ushbu faoliyat bilan shug‘ullanish uchun ijaraga beriladigan davlat mulki bo‘lgan moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk ob’ektlari ro‘yxatini shakllantirish va ularni muntazam yangilab borish zarur. Ro‘yxatga asosan hunarmandchilik faoliyati bilan shug‘ullanish uchun ijaraga beriladigan davlat mulki bo‘lgan moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk ob’ektlarini elektron onlayn auksionga chiqarish ayni muddao bo‘ladi. “Xalq amaliy san’ati ustalarining milliy katalogi” va “Turizm sohasida faoliyat yuritayotgan hunarmandlar reyestri”ni e­auksion elektron savdo platformasiga integratsiya qilish kerak.

Bundan tashqari, import o‘rnini bosuvchi qattiq turdagi yog‘och xomashyo bazasini yetishtirish uchun Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumani hududida zaxiradagi 300 gektar qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarni hunarmandlarga ijaraga berish uchun belgilangan tartibda elektron tanlovlarni tashkil etish soha rivoji uchun xizmat qilishi ta’kidlandi. Toshkent shahridagi “Yangi O’zbekiston” bog‘iga tutash hududda zaxiradagi yerlarning 0,3 gektar yer uchastkasida mahalliy budjet mablag‘larining orttirib bajarilgan qismi va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa mablag‘lar hisobidan namoyish zali, “Usta­shogird” maktabi va ustaxonani o‘z ichiga olgan “Hunarmandlar” maskanini barpo etish va ularga belgilangan tartibda ijaraga berish kabi vazifalar ijrosiga alohida e’tibor qaratildi.

Hunarmandlarning yuridik shaxs tashkil qilgan holda faoliyat yuritishi uchun qulay sharoit yaratish maqsadida ular faoliyatini iqtisodiy faoliyat turlari umumdavlat tasniflagichi ro‘yxatiga qo‘shish, milliy hunarmandchilik mahsulotlarini jahon bozorlariga olib chiqishda doimiy amaliy yordam ko‘rsatish, jumladan, elektron tijorat (E­commerce) yo‘nalishi orqali sotishni kengaytirish joizligi aytildi. Pichoqchilik, o‘choq, bolta, cho‘yan qozon kabi eksportbop mahsulotlarni eksportga tashish xarajatlarining bir qismini kompensatsiya qilish, milliy matolar va kashtachilikdagi gul va naqshlarni milliy hunarmandchilik boyligi sifatida asrab­avaylash, himoya qilish va ushbu turlarini rivojlantirish tilga olindi.

Ayniqsa, faoliyatni har tomonlama qo‘llab­quvvatlashga qaratilgan normativ­huquqiy asoslarni takomillashtirish – “Hunarmandchilik faoliyati to‘g‘risida”gi qonun loyihasini ishlab chiqish vazifalarining ijrosi yuzasidan hududlardan qatnashgan hunarmandlar tomonidan e’tirozlar hamda takliflar bildirildi.

Baxshillo JUMAYEV, “Sovg‘a ustozodai zardo‘zon” oilaviy korxonasi rahbari, O‘zLiDeP faoli, O’zbekiston Respublikasi xalq ustasi, Buxoro shahri:

Buxorolik zardo‘zlarning umrboqiy mahsulotlari asrlar davomida butun dunyoni hayratga solib kelgan. Ushbu betakror san’atni yanada rivojlantirishga davlatimiz tomonidan katta e’tibor qaratilmoqda.

Shunday bo‘lsa-da, sohada yechimini kutayotgan muammolar ham yo‘q emas. Gap shundaki, ko‘hna va hamisha navqiron Buxoroi Sharifda shu kungacha yaratilgan yuzlab va minglab nusxadagi zardo‘zlik mahsulotlari tarqoq holda, shaharning har yer-har yeridagi savdo shoxobchalarida namoyish etilgan holda savdoga qo‘yilgan. Ularni bir butun, yaxlit holda namoyish etadigan joyning o‘zi yo‘q. Holbuki, eng noyob zardo‘zlik namunalari bir qator xorijiy davlatlardagi ko‘rgazmalardan mustahkam o‘rin olgan. Birgina shu misolning o‘zi chet ellik sayyohlarning diqqat e’tibori nafaqat ko‘p asrlik tarixiy yodgorliklarimiz va osori-atiqalarimizga, balki zargarlik va zardo‘zlik san’atimizga ham qaratib kelinayotganligini isbotlab turibdi.

Yuqoridagi fikr-mulohazalarni hisobga olgan holda Buxoro shahrida Zardo‘zlik san’ati davlat muzeyini tashkil etish maqsadga muvofiq deb hisoblaymiz. Shuningdek, Buyuk ipak yo‘li chorrahasida joylashgan ko‘hna shaharda viloyat tarixiy muzeyi tashkil etilsa yanada xayrli ish bo‘lardi.

Siroj MADRAHIMOV, gilamdo‘z hunarmand, Xiva shahri:

Xalqimizning asrlar bo‘yi shakllangan ijodiy mehnati natijasida yaratilgan va yaratilayotgan o‘zbek xalq hunarmandchiligi, amaliy san’atini ko‘z qorachig‘idek asrash, ularni kelgusi avlodlarga yetkazish asosiy vazifamizdir.  Masalan, biz qo‘lda gilam to‘qish faoliyati bilan ancha yillardan beri shug‘ullanib kelamiz. Oldin har oyda 8 mln  so‘m miqdorida ijara puli to‘lab kelar edik. Bugungi kunga kelib hech qanday asoslarsiz ijara shartnomasini 43 mln so‘mga oshirishdi. Bu esa biz kabi hunarmandlarga katta qiyinchilik tug‘dirmoqda.

Bu borada o‘z vaqtida amaliy chora ko‘rilsa ayni muddao bo‘lar edi. Aks holda mashaqqatli va nozik hunar egalari yanada qiyinchilikka duch kelishi, bu esa faoliyat rivojiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi tabiiy.

Nurxon ELMIRZAYEVA,

“XXI asr” muxbiri

  • Ko'rildi
    20
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+