O‘zLiDeP fraksiyasi a’zolari Sayxunobodda aholi daromadlarini oshirish bo‘yicha qilinayotgan ishlarni o‘rganyapti

17.04.2024, 13:22

O‘zLiDeP fraksiyasi a’zolari Sayxunobodda aholi daromadlarini oshirish bo‘yicha qilinayotgan ishlarni o‘rganyapti

Prezidentimizning Sirdaryo viloyatiga tashrifi davomida Sayxunobod tumanida bo‘lib o‘tgan tomorqa va uy xo‘jaliklaridagi imkoniyatlarni to‘liq ishga solish orqali aholi daromadlarini oshirish chora-tadbirlari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishida muhim ustuvor vazifalar belgilab berilgan edi.

Shu kunlarda mazkur vazifalar ijrosini ta’minlash, ularni amalga oshirish va hayotga tatbiq etishda amaliy ko‘mak berish maqsadida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari Barno Mirzamova va Odinaxon Otaxonovalar Sirdaryo viloyati Sayxunobod tumanida o‘rganishlar olib bordi.

Deputatlar tumanda mahalliy davlat hokimiyati organlari, tomorqa egalari, dehqon xo‘jaliklari, tadbirkorlar, fermerlar, hududiy tijorat banklari vakillari bilan o‘zlariga biriktirilgan mahallalar hamda aholi xonadonlarida bo‘lib, fuqarolar bilan muloqotlar olib bordi.

O‘rganishlar davomida davlatimiz rahbari tomonidan videoselektor yig‘ilishida ilgari surilgan tashabbuslar aholi tomonidan yakdillik bilan qo‘llab-quvvatlanib, belgilab berilgan chora-tadbirlar izchillik bilan amaliyotga tatbiq etilayotgani ma’lum bo‘ldi.

Ayniqsa, hududiy tijorat banklari tomonidan aholining tomorqa va uy xo‘jaliklardagi imkoniyatlarini to‘liq ishga solish, xonadonlarda kichik ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, yangi zaxiralarni ishga solishga qaratilgan tashabbuslari faol qo‘llab-quvvatlanmoqda.

Bundan tashqari, “mahalladagi yettilik” faoliyati yo‘lga qo‘yilgani joylarda aholi muammolarini samarali hal etish imkonini berayotgani, aholi bilan ishlashning bunday tartibi davlat organlari va aholi o‘rtasida o‘zaro yaqinlikni hamda ishonchli hamkorlikni yangi pog‘onaga olib chiqayotgani alohida qayd etildi.

Shuningdek, muloqotlar davomida xonadonlarda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishda agronom xizmatlari ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yish, banklar tomonidan ajratilayotgan kreditlar uchun mahalla kafilligini joriy qilishni huquqiy jihatdan ta’minlash bo‘yicha bir qator takliflar bildirildi.

Xalq vakillari tumandagi “Sintob” va “Mustaqillik” MFYlarda bo‘lib, aholi xonadonlariga tashrif buyurdilar hamda qiynab kelayotgan muammolarini o‘rgandilar.

Ushbu mahallada istiqomat qilayotgan Raxim Boboyorov o‘z xonadonida bog‘dorchilik va asalarichilik bilan shug‘ullanib kelmoqda. 25 quti asalarichilikdan yiliga 2 marta asal olib, yiliga 120 million so‘m daromad topyapti. Bundan tashqari xonadon egasi o‘z tomorqasini turli-xil mevali daraxtlar va gullar bilan boyitgan.

Yana bir xonadon vakillari Usmon Mullayev ham o‘z tomorqasida issiqxona tashkil qilgan va quyonchilik bilan shug‘ullanib kelyapti.

O‘rganishlar davomida mahalla yettiligi vakillari tomonidan aholi daromadlarini oshirish bo‘yicha yaqindan ko‘maklashib kelayotganligi aniq bo‘ldi. Xususan, chetga ishlash uchun qaytib kelgan fuqarolarni agronom sifatida ishga qabul qilinib, 1 tadan mini traktor olib berishda ko‘maklashilgan. Mahallada aholini tomorqadan unumli foydalanish maqsadida “1 sotix tomorqadan kamida 1-2 million so‘m daromad” degan mezon asosida aholi uchun biznes reja ishlab chiqildi.

          Mahallalardagi 5 ta xonadon tanlab olinib yiliga uch marta hosil olish bo‘yicha namunaviy xonadon qilindi. 10 ta xonadon vakillari fermerlar maktabida o‘qitilmoqda. 5 ta xonadonda 2-3 sotixlik kichik issiqxona, 10 ta xonadonga namunaviy intensiv bog‘ tashkil qilindi, 2 ta fuqaroga chorva olish uchun 15 million so‘m imtiyozli kreditlar garovsiz, naqd pulda berildi.

Qonunchilik palatasi deputatlari mahallalarda aholi tomorqalarini ko‘zdan kechirar ekan, tomorqasi qarovsiz holga kelib qolgan va yerdan besamar foydalanib kelayotgan xonadonlarga ham duch keldilar. Deputatlar ko‘magida ushbu xonadon tomorqalariga mevali daraxt ko‘chatlari o‘tqazildi hamda bo‘sh turgan yerlarga ishlov berilib kartoshka, piyoz, pomidor, bodring bulg‘or qalampiri nihollari ekildi.

Deputatlarning o‘rganishlari davom etmoqda.

  • Ko'rildi
    25
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+