Agrar sohada bozor islohotlari samarali bo‘lmoqda

04.07.2024, 10:13

Agrar sohada bozor islohotlari samarali bo‘lmoqda

Bu davlatimiz rahbarining agrar sohani zamonaviy yo‘nalishga  aylantirishga qaratilgan qat’iy siyosiy irodasi, dehqonlarga  ko‘rsatayotgan doimiy g‘amxo‘rligi va mirishkorlarimizning zahmatli mehnati natijasidir, albatta.

Bundan to‘rt yil avval davlat buyurtmasi asosida boshoqli don ekinlari yetishtirish amaliyoti bekor qilinib, bosqichma bosqich bozor tamoyillari joriy etilgani bugungi muvaffaqiyatning garovidir. Fermer xo‘jaliklariga g‘alla yetishtirish uchun ajratilgan imtiyozli kredit mablag‘laridan erkin foydalanish, xizmat ko‘rsatuvchi va resurs ta’minotchilarni ixtiyoriy tanlash huquqining berilishi, shuningdek, donni  xarid qilish hamda sotishda birja mexanizmiga o‘tilishi yuqori manfaatdorlikning bosh sabablaridan biri bo‘lgani ham shubhasiz.

Tejamkor texnologiyalar va yangi tizim sharofati

Mamlakatimiz miqyosida oladigan bo‘lsak, o‘tgan yil kuzda 1 million 012 ming gektar suvli maydonlarga baraka urug‘i sochilgan edi. Joriy yil g‘alla hosildorligini oshirish maqsadida biologik eskirgan navlar o‘rniga serhosil, noqulay ob­havo sharoitlariga chidamli kuzgi bug‘doy navlari ekilgan maydonlar 585 ming gektarga kengaytirildi. Texnika parki modernizatsiyasini moliyaviy qo‘llab­quvvatlash hisobiga ekish mavsumida 105 ming gektar maydon lazerli tekislandi hamda 300 ming gektardan ortiq ochiq maydonga so‘nggi rusumdagi seyalkalar yordamida don ekildi. Zamonaviy texnikalardan foydalanish natijasida ekish ishlari o‘tgan yillarga nisbatan 10­12 kun erta yakunlandi.

Suv tejovchi texnologiyalar uchun subsidiya ajratilishi natijasida yomg‘irlatib sug‘orish tizimlari o‘rnatilgan g‘alla maydonlari kengaytirildi. Bundan tashqari, soha olimlarining ilmiy tavsiyalari hamda g‘alla ekish va yetishtirishning har bir bosqichida o‘tkazilgan o‘quv­amaliy seminarlar, shuningdek, bobodehqonlar ta’biri bilan aytganda, ob­havoning qulay kelishi ham mo‘l hosil yetishtirish imkonini berdi.

G’alla hosildorligini oshirish maqsadida soha olimlarining “2024 yil hosili uchun ekilgan boshoqli don ekinlarini parvarishlash to‘g‘risida” tavsiyanomalari hamda begona o‘tlar, kasallik va zararkunandalarning tarqalishi bo‘yicha ilmiy asoslar ishlab chiqilib,  fermerlar uchun muntazam o‘quv­seminarlari tashkil etildi. Mart oyining seryog‘in va salqin kelishi maysalar rivojiga ijobiy ta’sir ko‘rsatib, tuplash fazasi uzayishi hisobiga suv ta’minoti og‘ir hududlarda ham qo‘shimcha tup shakllanishiga imkoniyat yaratdi. Mart­may oylarida har bir gektar maydonga sof holda 220­250 kilogramdan azotli o‘g‘itlar solindi, makro va mikroo‘g‘itlarga boyitilgan biostimulyatorlar bilan suspenziya usulida 4­5 marta bargidan oziqlantirildi.

Mirishkor elning beminnat noni

Yaqin o‘tmishda odamlar oddiy un sotib olish uchun ham turnaqator navbatlarda turgani, ro‘yxat asosida mahsulot berilgani hali hech kimning yodidan ko‘tarilgani yo‘q. Ishonmaysiz, bir zamonlar hatto ming mashaqqat bilan o‘rib olingan g‘allaning bir kilosi ham qo‘li qadoq bobodehqonga berilmas, ustiga ustak, yana bajarib bo‘lmas og‘ir majburiyatlar yuklanardi. Yil o‘n ikki oy ishlasa­da, odamlarning kosasi oqarmasdi.

Ming shukrki, keyingi yillarda yurtimizda, boshqa sohalarni aytmaymiz, birgina agrar tizimda shaxsan Prezidentimiz tashabbusi bilan amalga oshirilgan tarixiy islohotlar juda katta samara berganiga hammamiz guvohmiz. Asosiysi, dehqon shaxsi va uning zahmatli mehnatiga munosabat tamomila o‘zgardi. Ularning yelkasiga oftob tegdi. Qadr­qimmati yuksaldi, hayoti butunlay o‘zgardi, turmush farovonligi oshdi. Shu bois barcha sohalarda bo‘lgani kabi qishloq xo‘jaligining yetakchi tarmog‘i – g‘allachilikdagi tub islohotlar ham o‘z mevasini bermoqda. G’alla yetishtiruvchilar manfaati ta’minlanib, yuqori daromadga erishilmoqda.

Joriy mavsumda ham qisqa fursatlarda suvli maydonlarga ekilgan g‘allazorlardan 2 mln 550 ming tonnadan ortiq yoki har gektar hisobiga 2,5 tonna bug‘doy jamg‘arilib, davlat xaridi to‘liq amalga oshirildi va birjalarda sotish uchun omborlarda zaxira to‘plandi, mirishkor fermerlarimizning yuzlari yorug‘ bo‘ldi.

Bunda 40 mingga yaqin g‘allachilik fermer xo‘jaliklarining munosib hissasi bor. Quvonarlisi, yuqori ko‘rsatkichga erishayotgan usta dehqonlarimiz soni yildan­yilga oshayotir. Yoki ayting, shu vaqtgacha 4,5 mingdan ortiq fermer xo‘jaliklari 100 sentnerdan yuqori xirmon ko‘targanini kim eslaydi? Misol uchun, Romitandagi “G’afurobod Zulfiya”, Olotdagi “Shukurullo o‘rin”, Koson tumanidagi “Tog‘ayev Anvar”, Paxtachidagi “O’zagro saxovat yerlari”, “Aziz bobo dalalari”, Narpaydagi “Paxtakor”, Ishtixondagi “Tojiyev Qurbon ota”, Angordagi “Xamkon tilla buloq”, Jarqo‘rg‘ondagi “Dilshod Ravshanqulovich”, Qumqo‘rg‘ondagi “Elobod ziyosi”, Sheroboddagi “Shayman ota”, Beshariqdagi “Ilhomjon Olimov”, Toshloqdagi “Boymat Shermatov saxovati”, “Ziroatchi”, Uchko‘prikdagi “Saxovatlik hamkorlik”, Yozyovondagi “Var Zulfiqor”, Gurlandagi “Sevara Feruza”, “Sanjarbek Ergashbek”, Yangibozordagi “Davronbek oltin diyori” va “Tojiboy” kabi fermer xo‘jaliklari  ana shunday yuz sentnerlik marrani egallagan peshqadamlar sirasiga kiradi.

Yana shuni alohida ta’kidlashni istardikki, belgilangan hajmdagi g‘alla xirmoni barcha hududlarda 15­16 ish kunida jamg‘arildi. Qolaversa, hali mamlakatimiz dalalarida hosil mo‘l, o‘rim­yig‘im ishlari ko‘tarinkilik bilan davom etmoqda.

Bu yilgi mavsum haqida so‘z yuritganda, g‘allachilikdagi yuqori natijalar, avvalo, dehqon va fermerlar, g‘alla klasterlari ishchi­xodimlari hamda soha fidoyilari tomonidan tunu kun qilingan mashaqqatli mehnatning, shuningdek, puxta o‘ylangan islohotlar va ilmiy yondashuvlarning mevasi ekani ko‘z oldimizda qayta­qayta gavdalanaveradi.

Zero, suvli va lalmi maydonlar va chorvachilik xo‘jaliklari dalalarida yetishtirilgan hosil, taxminiy hisob­kitoblarga ko‘ra, 9 million tonnadan ortiq bo‘lishi kutilayotir.

Muxtasar aytganda, bugungi fermerlar nafaqat iqtisodiyot lokomotivlari, balki yurtning obodligi, Vatan ravnaqi, xalq farovonligi yo‘lida astoydil jon kuydiradigan bilimdon, siyosiy yetuk kishilar sifatida shakllanib borayotgani juda muhim. Mamlakatimizning nurli istiqboli yo‘lida qilanayotgan ezgu ishlar esa bundan ke yin yanada kengroq qamrovda davom ettiriladi. Bunda davlatimiz rahbari tomonidan bildirilgan yuksak ishonch va doimiy g‘amxo‘rlik bizga yangi kuch bag‘ishlab, yanada ko‘proq izlanishga, astoydil mehnat qilishga undayveradi.

Aktam XAITOV,

O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi,

O’zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa

er egalari kengashi raisi

  • Ko'rildi
    22
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+