Navoiyda O'zLiDeP deputati tozalik posbonlariga saxovat ko‘rsatdi

02.05.2020, 14:50

Navoiyda O'zLiDeP deputati tozalik posbonlariga saxovat ko‘rsatdi

Mamlakatimizning har bir hududida Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmalari qoshida tashkil etilgan homiylik xayriyalarini muvofiqlashtirish markazlari COVID-19 pandemiyasidan jabr ko‘rgan aholiga, birinchi navbatda, ehtiyojmand oilalarga birlamchi oziq-ovqat mahsulotlari va dori-darmonlarni yetkazish bilan shug‘ullanmoqda.

Ushbu homiylik xayriyalarini muvofiqlashtirish markazlariga mutaxassislar, volontyorlar jalb etilgan bo‘lib, shu kunlarda ularning qo‘li-qo‘liga tegmaydi.

Shunday dolzarb bir paytda bunday fidoyilarning xizmatlariga alohida e’tibor ko‘rsatilishi o‘zlarining ham xayollariga kelmagandir balki.

Xalq deputatlari Navoiy shahar Kengashiga O'zLiDePdan saylngan deputat Sardor G‘afforov viloyatda tashkil etilgan Homiylik xayriyalarini muvofiqlashtirish markaziga anvoyi gullar bilan kirib borganida, markazda faoliyat ko‘rsatayotgan mutaxassislar, ayniqsa, xotin-qizlar hayajonlarini yashira olmadi. Deputatning e’tiboridan chinakamiga to‘lqinlanib, charchoqlarini ham unutishdi.

Deputat ularning har birlariga guldastalar taqdim eta turib, xalq uchun qilayotgan beqiyos xizmatlarini e’tirof etdi va butun millat nomidan minnatdorlik bildirdi.

Shu kuni o‘z noodatiy xayriyasini davom ettirgan yosh va salohiyatli deputat Navoiy shahrining orastaligini ta’minlayotgan tozalik posbonlarini ham kutilmagan bir paytdagi e’tibor bilan xursand qildi.

Ma’lumki, Navoiy shahri Respublikamizdagi eng toza hudud sifatida e’tirof etiladi. Shahar ozodaligi Navoiy shahar Obodonlashtirish boshqarmasi xodimlari tomonidan amalga oshiriladi, albatta.


“Abduqodir orzusi” eksport-import kompaniyasi rahbari Sardor G‘afforov “Saxovat qutilari”ni xalq vakili sifatida kunning sovug‘iyu, issig‘ida, ayniqsa, hozirgi pandemiya davrida ham shahar tozaligi uchun tinmay mehnat qilayotgan obodonlashtirish malikalariga taqdim etdi. Ehtiromdan boshlari ko‘kka yetgan farroshlar va gul ekuvchilarning ko‘nglini kim ham eslabdi, deysiz shunday sinovli pallada.

Yaxshilikning chegarasi yo‘q. Sardorbekning keyingi yo‘qlovi oilaviy yotoqxonada istiqomat qiluvchi oilalar bo‘ldi. Oilaviy yotoqxonada yashagan kishi borki, albatta, uning bir tashvishi bor. Ko‘nglida zarra miqdoricha kemtigi bor yurtdoshlarimizning davlatimiz bag‘rikengligi, mehr-muruvvatini dildan his etishlari uchun mana shunday e’tiborning o‘zi yetarli.

Yotoqxonada yashovchilarga ulashilgan 10 turdagi oziq-ovqat jamlanmalari bu yerdagi oilalarning bir oylik yeguligini ko‘taradi.

– Mehrga mushtoq ko‘ngillarni ziyorat etish bir yaxshilikdir, – deydi xalq deputatlari Navoiy shahar kengashi deputati Sardor G‘afforov. – Bugun qaysi hamshahrimni yo‘qlamaylik, qay xonadonga kirib bormaylik, ularning ko‘zlaridagi quvonchni, mamnunlikni ko‘rib ko‘nglim tog‘dek ko‘tarildi. Ayniqsa, bildirilgan shukronalar, qilingan duolar ruhimga bir tetiklik beradi.

Darhaqiqat, jonkuyarlik bilan bir insonning og‘irini yengil, uzog‘ini yaqin qilish, ko‘ngillarga yorug‘lik ulashish, el dardida yashash ulkan bir saodatdir aslida.

  • Ko'rildi
    1043
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+