Davlat dasturi ijrosi deputatlar nazoratida

12.08.2020, 15:00

Davlat dasturi ijrosi deputatlar nazoratida

So‘nggi yillarda tadbirkorlikni rivojlantirish orqali aholi bandligini ta’minlash, xalqimizni turmush farovonligiga o‘z kuchi bilan erishish, moddiy manfaatdorlik asosida ishlab chiqarish omilini kuchaytirishga hissa qo‘shish bo‘yicha bir qancha me’yoriy hujjatlar qabul qilindi. 

Ulardan biri O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 24 oktyabrdagi «Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish davlat dasturlari doirasida amalga oshirilayotgan loyihalarni kreditlash tartibini takomillashtirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori hamda «Har bir oila – tadbirkor» Davlat dasturi bo‘lib, ushbu hujjatlar aynan oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, shu orqali ishsiz fuqarolarimizni o‘zini-o‘zi band qilish, ularni doimiy daromad manbaiga ega bo‘lishini ta’minlashga qaratilgandir.

Xalq deputatlari Quva tuman Kengashidagi OʼzLiDeP deputatlik guruhi tomonidan fuqarolarning murojaatlari asosida yuqoridagi qaror va dastur ijrosi tahliliy o‘rganib chiqildi. Dastur ijrosi bo‘yicha kuni-kecha mas’ullarning hisoboti eshitildi.

Yig‘ilishda tuman hokimining moliya, iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha 1-o‘rinbosari-iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish bo‘limi boshlig‘i N.Umarov, AT «Xalq banki» tuman bo‘limi boshqaruvchisi N.Ismoilov, kredit bo‘limi mutaxassisi A.G’ofurov, chakana xizmatlar bo‘limi mutaxassisi A.Jumaboyevlarning «Har bir oila – tadbirkor» Davlat dasturining ijrosi yuzasidan hisobotlari tinglandi.

Shuningdek, ko‘rilayotgan masala bo‘yicha xalq deputatlari Farg‘ona viloyat Kengashi deputati, OʼzLiDeP tuman Kengashi raisi X.Hojimatov, deputatlik guruhi a’zolari B.Ahmedov, D.Ismoilov, N.Abdullayev, M.Sayfiddinovlar tomonidan fuqarolarning murojaatlari asosida «Har bir oila – tadbirkor» Davlat dasturi ijrosi yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar tahliliy o‘rganish maqsadida olib borilgan nazorat-tahlil tadbirlari, ularda aniqlangan muammo va kamchiliklar yuzasidan ma’lumotlar berildi.

Xususan, tijorat banklari xodimlarining mijozlar bilan muomala madaniyatini yuksak saviyada emasligi, ayni vaziyatdagi pandemiya sharoitida bank muassasalarida karantin tartib-qoidalari to‘laqonli tashkil etilmaganligi, fuqarolarning deputatlarga ariza bilan qilgan murojaatlari mazmuniga asosan ayrim holatlarda barcha mezonlarga javob berib, bankka tegishli hujjatlarni taqdim etgan fuqarolarga kredit mablag‘lari chiqarib berilmayotganligi, hujjatlar mazmuni to‘liq tushuntirilmay, imzo qo‘ydirilayotgani va boshqa kredit olish bilan bog‘liq masalalar muhokama etildi. «Quva», «Sanoatchilar», «Xonobod», «Turkrovot» MFYlaridan tashrif buyurgan fuqarolarning murojaatlari tinglandi.

Yig‘ilish yakunida o‘n kunlik muddatda O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 24 oktyabrdagi «Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish davlat dasturlari doirasida amalga oshirilayotgan loyihalarni kreditlash tartibini takomillashtirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori hamda «Har bir oila – tadbirkor» Davlat dasturi ijrosi yuzasidan aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish va deputatlik guruhiga yozma ma’lumot taqdim etish, dasturda belgilangan tadbirkorlik bilan shug‘ullanish istagida bo‘lgan aholining tadbirkorlik tashabbuslarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularga imtiyozli kreditlar ajratish hamda tadbirkorlik faoliyatini tashkil etish va amalga oshirishning har bir bosqichida tizimli amaliy yordam ko‘rsatilishini ta’minlash, bank muassasasida «Mijoz – bank uchun emas, Bank – mijoz uchun» tamoyiliga to‘liq amal qilinishini ta’minlash, bank xodimlarining mijozlar bilan muomala madaniyatini yuksak saviyada tashkillanishiga alohida e’tibor qaratish bo‘yicha «Xalq banki» tuman bo‘limiga tegishli ko‘rsatma va tavsiyalar berildi.

Deputatlik guruhi tomonidan esa har oyda kamida bir marta tadbirkorlikni yangi tashkil qilgan oilalarga tashrif buyurib, faoliyati davomida yuzaga kelayotgan muammolarni o‘rganib borish, ularni bartaraf etish va ajratilgan imtiyozli kreditlardan foydalanish samaradorligini o‘rganish va fuqarolarda tadbirkorlik ko‘nikmalarini shakllantirish bo‘yicha vazifalar belgilab olindi.

Sh.To‘xtamatov,

OʼzLiDeP Farg‘ona viloyati

Kengashi matbuot kotibi

  • Ko'rildi
    533
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+