O’zLiDeP bo‘lajak saylovlar jarayonida faol yoshlar va volontyorlar bilan yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘ydi

28.04.2021, 13:16

O’zLiDeP bo‘lajak saylovlar jarayonida faol yoshlar va volontyorlar bilan yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘ydi

Joriy yil oktabr oyida bo‘ladigan O’zbekiston Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish maqsadida 28 aprel kuni Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O’zbekiston Liberal-demokratik partiyasi (O’zLiDeP) va Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari qo‘mitasi tomonidan O’zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi, Yoshlar ishlari agentligi, Yoshlar parlamenti, O’zbekiston volontyorlar assotsiatsiyasi hamda ilmiy ekspert doiralar vakillari ishtirokida “Saylov jarayonlarida volontyorlar bilan samarali ishlash masalalari”ga bag‘ishlangan davra suhbati o‘tkazildi.

Tadbirda O’zLiDePning Oliy Majlis Qonunchilik palatasi hamda mahalliy Kengashlardagi deputatlari, partiya faollari, Markaziy saylov komissiyasi va Yoshlar parlamenti a’zolari, olim va ekspertlar, tashabbuskor va volontyor yoshlar, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda qayd etilganidek, joriy yilda bo‘ladigan O’zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga puxta tayyorgarlik ko‘rish va uni umume’tirof etilgan xalqaro tamoyillar asosida o‘tkazish uchun saylov jarayoni ishtirokchilarining milliy saylov qonunchiligi va xalqaro saylov standartlari bo‘yicha bilim va amaliy ko‘nikmalarini oshirishga yangicha yondoshiladi.

Shu nuqtai nazardan, tadbir jarayonida “Saylov huquqi va saylov jarayonining tashkiliy-huquqiy asoslari”, “Saylovlarni yuqori saviyada o‘tkazish jarayoni va uning o‘ziga xos xususiyatlari”, “Saylov jarayonlarida volontyorlar bilan ishlashning huquqiy asoslari va zamonaviy uslublari”, “Saylovlarda yoshlarning ishtiroki va uni samarali tashkil etish tizimi”, “Saylov jarayonlarida volontyorlar bilan ishlashning huquqiy asoslari va zamonaviy uslublari” kabi mavzularda mutasaddi vakillarning ma’ruzalari, taqdimot materiallari hamda bo‘lajak saylov jarayonida o‘zaro hamkorlik qilish rejalari eshitildi va keng muhokama qilindi.

O’zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan 2021 yil 14 aprel kuni qabul qilingan O’zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha asosiy tadbirlar dasturi va Markaziy saylov komissiyasining O’zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga oid nizomlariga asosan O’zLiDeP ham bo‘lajak saylovlarga mas’uliyat bilan tayyorgarlik ko‘rishni va Prezidentlik saylovlarida O’zLiDePdan ko‘rsatiladigan nomzodning saylovoldi dasturi loyihasini tayyorlash jarayonini boshlaganligini e’lon qildi... Asosiy tadbirlar dasturida saylovchilarning huquqiy madaniyatini va faolligini oshirish, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy qilish, ushbu jarayonda axborot-tushuntirish ishlarini tashkil etish, saylovga tayyorgarlik jarayonini koronavirus pandemiyasi sharoitini hisobga olgan holda o‘tkazish bo‘yicha vazifalar belgilanganligi ham qayd etildi.

Davra suhbatida mamlakat taraqqiyotini yangi bosqichga ko‘tarish yo‘lida o‘z oldiga buyuk maqsadni qo‘ygan Yangi O’zbekistonda Prezident saylovi bu yil yangi milliy saylov qonunchiligi, umume’tirof etilgan xalqaro standartlarga amal qilingan holda, demokratik tamoyillar asosida va butunlay yangicha muhitda o‘tishi alohida ta’kidlandi. Zero, bu yilgi Prezident saylovi mamlakatimizni rivojlantirishning beshta muhim ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida o‘z ifodasini topgan ilg‘or demokratik g‘oyalarning amaldagi yana bir yorqin ifodasi bo‘ladi.

Bugun O’zbekiston aholisining 60 foizini, O’zLiDeP a’zolarining 50 foizga yaqinini tashkil etuvchi yoshlar va ko‘pming sonli volontyorlarni saylov jarayonlariga keng jalb qilish hamda ularning salohiyatidan samarali foydalanish partiyaning ustuvor yo‘nalishlaridan hisoblanadi. O’zLiDePning Saylovoldi dasturida ham “Biz bugun mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotiga yuqori fuqarolik mas’uliyati va zamonaviy dunyoqarashga ega yoshlar kirib kelayotganini alohida e’tirof etamiz” deb yozilgan.

Qolaversa, O’zbekistonda keyingi yillarda fuqarolik jamiyati, uning institutlari faol rivojlanyapti. Aholining ijtimoiy faolligi o‘sib bormoqda. Odamlarning jamiyatda amalga oshirilayotgan demokratik islohotlarga daxldorlik hissi kuchayib, fuqarolik pozitsiyasi shakllanmoqda. Shular qatorida volontyorlik ham fuqarolik jamiyatining muhim tarkibiy qismi va uning rivojlanganlik ko‘rsatkichi bo‘lib xizmat qilmoqda.

Volontyorlar — yurt xizmatiga bel bog‘lagan haqiqiy vatanparvarlardir. Mamlakatimizda xorijiy davlatlardagi kabi volontyorlik turli milliy va xalqaro tadbirlarni o‘tkazishda keng uchraydi. Masalan, xayriya tadbirlari va aksiyalar o‘tkaziladi. Sport musobaqalari, yirik ijtimoiy-siyosiy ommaviy tadbirlar, xususan, saylovlarni tashkil qilishda ham ko‘ngillilarning faol ishtiroki kuzatiladi.

Shularni hisobga olgan holda O’zLiDeP bo‘lajak saylovlar jarayonida faol yoshlar va volontyorlar bilan yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘yish maqsadida O’zbekiston Yoshlar ishlari agentligi, Yoshlar parlamenti, Yoshlar ittifoqi hamda O’zbekiston volontyorlar assotsiatsiyasi bilan hamkorlik memorandumlarini tuzishga kelishib olindi.

  • Ko'rildi
    265
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+