So‘z va amal birligining yana bir yorqin namunasi

27.08.2021, 12:21

So‘z va amal birligining yana bir yorqin namunasi

Ayniqsa, tadbirkorlar yaxshi xabardor, shu yil 20 avgust kuni davlatimiz rahbari xususiy biznes vakillari bilan ochiq muloqot o‘tkazdi. Uchrashuvda Prezident, jumladan, umumiy ovqatlanish korxonalariga soliq bo‘yicha yengilliklar berilishini e’lon qildi. Bir necha kun o‘tgach, aniqrog‘i – kecha Prezidentimizning “Umumiy ovqatlanish va turizm sohalarini qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Mazkur hujjatda shunday jumlalar bor: “...2021 yil 1 sentyabrdan boshlab:        2021 yil 31 dekabrga qadar umumiy ovqatlanish korxonalari yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘i va yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliqni to‘lashdan ozod qilinadi; 2023 yil 1 sentyabrga qadar turistik (mehmonxona) yig‘imini hisoblash va to‘lash to‘xtatiladi”.

Ko‘plab tadbirkorlar muloqotda tilga olingan yengillikning amalga oshishini, amalga oshganda ham uning bunchalik tez joriy etilishini kutmagan bo‘lsalar kerak.  Biroq, Yangi O’zbekiston bu! So‘z va amal birligining yana bir yorqin namunasi bu!

Karantin cheklovlari kuchaytirilgan paytda ma’lum sabablarga ko‘ra, restoran, kafe, choyxona, shuningdek, mehmonxona, otel kabi tadbirkorlik sub’ektlariga juda qiyin bo‘ldi. Albatta, hamma ishbilarmonlarga ham oson bo‘lmadi. Lekin, masalan, xo‘jalik mollari bilan savdo qiluvchilar xaridorlarni do‘konga kiritmay, eshik yo darcha orqali faoliyatini davom ettiraverdi. Oshxonalarda esa bunday imkoniyat yo‘q edi. Yegulikni olib ketish esa deyarli ommalashmadi. Ofitsiant, farrosh, oshpaz  singari o‘n minglab ishchi-xizmatchilar ishsiz qoldi. Xorijiy va mahalliy sayyohlar oqimi deyarli to‘xtagani boisidan mehmonxonalar ham zararga kirdi. Mazkur sub’ektlarning faoliyati bugunga kelib ham to‘la izga tushib ketgani yo‘q. Binobarin, bunday e’tibor, g‘amxo‘rlik soha vakillari uchun ayni muddao bo‘ldi. Asosiy elektoratimiz bo‘lgan tadbirkorlar rosmana qo‘llab-quvvatlanayotganidan biz – partiya vakillari ham nihoyatda mamnunmiz.

To‘g‘ri, rejalashtirilgan qanchadir mablag‘ endilikda budjetga tushmaydi. Shunga qaramay,  davlatimiz rahbari ana shu dadil va qat’iy qadamni qo‘ydi. Bu esa xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlash Yangi O’zbekistonda davlat siyosatining ustuvor  yo‘nalishlaridan biriga aylanganidan dalolat beradi.

Davlatimiz sohaning kelajagi uchun ham qayg‘urmoqda. Misol uchun, “gastronomik turizm” degan yo‘nalish bor. Bu qaror ana shu tarmoqning ham jadal rivojlanishiga xizmat qiladi.

Prezidentimiz chiqishlaridan birida  “Yagona yo‘limiz – tadbirkorlar sonini ko‘paytirish, odamlarni ishbilarmon qilish” deya ta’kidlagan edi. Bugun ana shu g‘oya, da’vat hayotga tatbiq qilinayotganining guvohi bo‘lib turibmiz.          

Akbar Muzaffarov,

O'zLiDeP Siyosiy Kengashi

Ijroiya qo‘mitasi bo‘lim mudiri

  • Ko'rildi
    265
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+