Soliq yukini kamaytirish va sohani raqamlashtirish vazifalari belgilandi

17.03.2022, 09:58

Soliq yukini kamaytirish va sohani raqamlashtirish vazifalari belgilandi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Davlat soliq qo‘mitasida sohani takomillashtirish bo‘yicha navbatdagi vazifalar yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi.

So‘nggi yillarda mamlakatimiz soliq ma’muriyatchiligi tubdan isloh qilinmoqda. 2019-yil dekabrda yangi tahrirdagi Soliq kodeksi qabul qilinib, to‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘llanuvchi normalar joriy etildi. Soliqlar soni 13 tadan 9 taga kamaytirildi. Mulk solig‘i stavkasi 5 foizdan 1,5 foizga, qo‘shilgan qiymat solig‘i 20 foizdan 15 foizga tushirildi. Ish haqiga nisbatan soliq yuki qariyb 2 baravar kamaytirildi.

Bularning natijasida tadbirkorlarning islohotlarga ishonchi ortib, soliq tushumlari 4 baravar ko‘paydi. Qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchilar soni 6 mingdan 152 mingtaga yetdi.

Taraqqiyot strategiyasida bu boradagi islohotlarni davom ettirib, soliq ma’muriyatchiligini soddalashtirish vazifalari belgilangan.

- Biz inson qadrini ulug‘lashni e’lon qildik, xalqimizni rozi qilishga harakat qilayapmiz. Xalqimiz qachon rozi bo‘ladi? Soliq kam bo‘lib, daromadi oshsa, - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Xususan, 2026-yil borib iqtisodiyotga soliq yukini 25 foizgacha kamaytirish maqsad qilingan. Shuningdek, 2023-yildan qo‘shilgan qiymat solig‘ini 12 foizgacha tushirish, keyinchalik yer va mulk soliqlarini birlashtirish mo‘ljallangan.

Yig‘ilish avvalida mutasaddilar bajarilgan ishlar to‘g‘risida axborot berdi.

Davlatimiz rahbari soliq idoralari faoliyatini yaxshilash, buning uchun axborot texnologiyalarini keng joriy etish zarurligini ta’kidladi.

Buning natijasida jarayonlar to‘liq avtomatlashtiriladi, «yashirin iqtisodiyot» hajmini kamaytirish uchun soliq to‘siqlari bartaraf etiladi, kadrlar salohiyati mustahkamlanadi.

Davlatimiz rahbari dunyodagi tez o‘zgaruvchan, murakkab vaziyatda soliq tushumlari barqarorligini ta’minlash, tadbirkorlarga ko‘mak berish zarurligini alohida ta’kidladi.

- Men bu yerga soliq to‘lovchilarning vakili bo‘lib keldim, - dedi Prezident. - Bizga hozir tushum oshishi asosiysi emas. Birinchi navbatda, tizimni to‘g‘ri qilib, bilmaganlarga o‘rgatib, soliq yukini kamaytirib, tadbirkorlarning emin-erkin, halol ishlashini yo‘lga qo‘yishimiz kerak. Soliqchilar jazolovchi emas, ko‘makchi bo‘lishi kerak.

Aytib o‘tilganidek, ayrim hollarda tadbirkorlar yangi dastur va talablarni tushunmagani sababli ko‘plab savollar ham paydo bo‘lmoqda. Shuning uchun “Soliqchi – ko‘makchi” tamoyili asosida ularga yangicha ishlashni o‘rgatish, elektron xizmatlar qamrovini oshirish zarurligi ta’kidlandi. Soliq qo‘mitasiga barcha hududlarda tadbirkorlar bilan muloqotlar o‘tkazish, ommaviy axborot vositalari orqali xalqqa hisobot berib borish vazifasi qo‘yildi.

Soliq tizimi davlat korxonalarini transformatsiya qilishda faol ishtirok etishi, ularga tannarxni pasaytirish va moliyaviy barqarorlik bo‘yicha yo‘l-yo‘riq ko‘rsatishi kerakligi aytildi.

Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 4 noyabrdagi qaroriga muvofiq, Davlat soliq qo‘mitasi huzurida Fiskal institut tashkil etilgan edi. Davlatimiz rahbari u yerda kadrlar tayyorlash sifatiga e’tibor qaratdi. Soliq idoralari xodimlarini tizimda joriy qilinayotgan yangi IT-dasturlar bo‘yicha o‘qitish, shuningdek, xorijda mutaxassislar malakasini oshirish muhimligi qayd etildi.

Soliq idoralarini korrupsiyadan xoli tizimga aylantirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

  • Ko'rildi
    111
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+