Mahalliy mahsulotlarni birja savdolariga chiqarish tartibi soddalashtiriladi

18.05.2022, 15:59

Mahalliy mahsulotlarni birja savdolariga chiqarish tartibi soddalashtiriladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 17-may kuni tovar-xomashyo birjasida savdolarni va unda mahalliy korxonalar ishtirokini kengaytirish masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

Birja bu – bozor iqtisodiyotining alifbosi. Undagi savdolar erkin raqobatni shakllantiradi, tadbirkorlar uchun yangi bozorlarni ochadi, “yashirin iqtisodiyot” va korrupsiyani keskin kamaytiradi. 

Shu boradagi islohotlar natijasida so‘nggi uch yilda yurtimizda birja savdo aylanmasi 2 baravarga o‘sib, 90 trillion so‘mga yetgan, sotiladigan tovarlar soni esa 3 baravarga ko‘paygan.

Bundan tashqari, xorijiy davlatlarda O‘zbekiston tovar-xomashyo birjasining 20 ta savdo maydonchasi tashkil etilib, joriy yilning 4 oyida ular orqali 170 million dollarlik mahsulot sotilgan. Shuningdek, 1 ming 200 dan ortiq xorijiy kompaniyalar yurtimiz birjasiga katta hajmda mahsulot qo‘yishni boshladi. 

Ilgari savdolarda “o‘rtakash”lar ko‘p bo‘lgani sir emas. O‘tgan yili esa yirik korxonalar birjadagi ochiq-oshkora savdolar hisobiga 8 trillion so‘m qo‘shimcha daromad qilgan.

Shu bilan birga, birja savdolarini tashkil etish, mahalliy tadbirkorlarning ishtirokini kengaytirish borasida hali ham ayrim kamchiliklar bor. 

Misol uchun, birja savdolarining 85 foizini 45 turdagi yuqori likvidli tovarlar tashkil etmoqda. To‘qimachilik, ipak, charm va kabel mahsulotlari, hududlardan Sirdaryo, Andijon va Surxondaryo viloyatlari korxonalarining birja savdolaridagi ishtiroki past bo‘lib turibdi.

Shu bois davlatimiz rahbari mahalliy mahsulotlarni birjaga qo‘yishda tumanlarni faollashtirish zarurligini ta’kidladi.

Misol uchun, 1 iyuldan 500 ming tonna g‘allani birja orqali sotish yo‘lga qo‘yiladi. Yig‘ilishda bu jarayonni tashkil etish, fermer va yuk tashuvchilarni ro‘yxatdan o‘tkazib, ularga qulaylik yaratish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.  

Jumladan, fermerlar bug‘doyni birjaga qo‘yganda, ulardan garov talab etilmaydi. Sotilgan mahsulotga birja tomonidan bir kunda to‘lov amalga oshiriladi. Fermerga to‘lovlar o‘z vaqtida va to‘liq kelib tushishini birja kafolatlaydi.

– Bu tumanlarning birjadagi ishtirokini kengaytirish uchun yaxshi imkoniyat, – dedi Shavkat Mirziyoyev. 

Bugungi kunda 45 mingdan ziyod mahalliy sanoat korxonalaridan bor-yo‘g‘i 3 ming 600 tasi birjaga o‘z mahsulotini chiqarmoqda. Albatta, bu juda kam. 

Shu bois, mahalliy mahsulotlarni birja savdolariga chiqarish tartibi soddalashtiriladigan bo‘ldi.

Jumladan, 1 iyuldan birjada alohida istiqbolli tovarlar seksiyasi tashkil etilib, mahalliy tadbirkorlarning o‘z mahsulotini ortiqcha hujjatlarsiz sotishi yo‘lga qo‘yiladi. Eng yaxshi sotilgan tovarlar, keyinchalik, birjaning asosiy savdo maydonlariga joylashtiriladi. Tadbirkorlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishda, bir vaqtning o‘zida, birjada ham hisobga olish tartibi joriy etiladi.

Yana bir qulayligi – mahalliy tadbirkorlarning mahsulotlari uchun birja to‘lovlari 2 baravarga qisqartiriladi. Soliq nazoratida tadbirkorlarning birja orqali sotgan yoki xarid qilgan tovarlari bo‘yicha qo‘shimcha o‘rganishlar o‘tkazilmaydi.

Bunday imkoniyatlardan foydalanib, birjadagi tovar aylanmasini 2 baravarga oshirish mumkinligi ta’kidlandi. Xususan, kimyo, neft-gaz, metallurgiya, to‘qimachilik va oziq-ovqat sanoatidagi ulkan zaxiralar ko‘rsatib o‘tildi.  

Birjada eksport-import mahsulotlari savdosi hajmini oshirish masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi. Bu boradagi tartib-taomillarni ham yengillashtirish choralari belgilandi. 

Yig‘ilishda birja savdolarida qatnashish istagidagi tadbirkorlarga ko‘maklashish, bu sohada mutaxassislar tayyorlash bo‘yicha qator topshiriqlar berildi. 

Tarmoq va hudud rahbarlari birja savdolarini kengaytirish rejalari bo‘yicha axborot berdi.

  • Ko'rildi
    496
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+