Oziq-ovqat mahsulotlari narxi tahlil qilinib, soha uchun yangi imkoniyatlar belgilandi

06.09.2022, 17:53

Oziq-ovqat mahsulotlari narxi tahlil qilinib, soha uchun yangi imkoniyatlar belgilandi

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 5-sentabr kuni asosiy oziq-ovqat mahsulotlari narxining barqarorligini ta’minlash va zaxirasini yaratish chora-tadbirlari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

Dunyoda iqlim o‘zgarayotgani, ko‘p joylarda qurg‘oqchilik bo‘lgani oqibatida oziq-ovqat yetishmovchiligi kuzatilmoqda. Buning ustiga, xalqaro maydondagi vaziyat tufayli mahsulot ishlab chiqarish va yetkazib berish murakkab bo‘lib bormoqda.

Davlatimiz rahbari bu masalaga avval ham e’tibor qaratib, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash yo‘llarini ko‘rsatgan edi. Xususan, yil boshida 80 ming gektar paxta va g‘alla maydonlari qisqartirilib, yegulik mahsulotlar yetishitirish uchun aholiga ajratib berildi. Buning natijasida 785 ming kishi ish bilan ta’minlanib, 3 trillion so‘mlik 1 million 500 ming tonna qo‘shimcha oziq-ovqat hosili olindi.

Bu ishlarni davom ettirish maqsadida xalqimiz rizq-ro‘zi uchun yana 20 ming gektar yer ajratish bo‘yicha Prezident qarori qabul qilindi. Kelgusi yilda yana qo‘shimcha 100 ming gektar ekin maydoni aholiga tanlov asosida beriladi. Buning hisobiga qo‘shimcha 1 million 200 ming aholini band qilish mumkin bo‘ladi.

Yig‘ilishda asosiy oziq-ovqat mahsulotlariga talab hududlar kesimida tahlil qilinib, ichki imkoniyatlar ko‘rsatib o‘tildi.

Masalan, mamlakatimizda kartoshkaga bo‘lgan yillik ehtiyoj 3 million 400 ming tonnani tashkil qiladi. Shundan 20-25 foizi import hisobidan qoplanmoqda. Jumladan, Qoraqalpog‘istonga yiliga qo‘shimcha 100 ming tonnaga yaqin, Navoiy viloyatiga 45 ming tonna, Jizzax viloyatiga 35 ming tonna kartoshka yetishmaydi.

Yoki, o‘simlik yog‘iga yillik ehtiyojimiz 515 ming tonna bo‘lib, buning 46 foizi xorijdan olib kelinmoqda. Yurtimizdagi yog‘-moy korxonalari esa to‘liq quvvatda ishlamayapti.

Umuman, ichki bozorda 25 turdagi oziq-ovqat mahsulotlari ta’minoti importga bog‘liq bo‘lib qolmoqda. Shu bois Qishloq xo‘jaligi vazirligiga hokimliklar bilan birga ushbu mahsulotlarni o‘zimizda ishlab chiqarish bo‘yicha loyihalar tayyorlash vazifasi qo‘yildi.

Yurtimizda oziq-ovqat mahsulotlari narxining mavsumiy o‘zgarishlari ham sezilarli. Chunki qishloq xo‘jaligiga ixtisoslashgan 50 ta tumanda muzlatkichli omborlar yetishmaydi. Umuman, bugungi kunda mavjud saqlash quvvatlari 1,5 million tonnani tashkil etib, jami yetishtirilayotgan mahsulotlarning 7 foiziga ham yetmaydi. Bu albatta “narx o‘ynashi”ga ta’sir qiladi.

Shundan kelib chiqib, viloyat hokimlariga mazkur 50 tumanda saqlash quvvatlarini keskin oshirish bo‘yicha topshiriq berildi.

Bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini rivojlantirish agentligiga oziq-ovqat mahsulotlari maydonini 300 ming gektarga yetkazish, ekinlarni aholi talabi va import tahlilidan kelib chiqib oqilona joylashtirish vazifasi qo‘yildi.

Davlatimiz rahbari videoaloqa orqali joylardagi mutasaddilar, tadbirkor va dehqonlar bilan muloqot qildi. Xususan, qashqadaryolik va farg‘onalik mirishkorlarning moliya masalalarini yengillashtirish bo‘yicha fikrlarini qo‘llab-quvvatladi. 15 sentabrdan boshlab, hokim yordamchilari tavsiyasiga ko‘ra, sabzavot, dukkakli va moyli ekinlar bo‘yicha urug‘lik, o‘g‘it, yoqilg‘i, o‘simliklar himoyasi hamda aylanma mablag‘ uchun 150 million so‘mgacha garovsiz kredit ajratish yo‘lga qo‘yilishi belgilandi. Bu mablag‘larning yarmini naqd pulda ajratishga ham ruxsat beriladi. Buning uchun Bog‘dorchilik agentligiga qo‘shimcha 300 milliard so‘m ajratiladi.

Meva-sabzavotchilikni kreditlash bo‘yicha ham yangi tizim joriy qilinadi. Endi kartoshka, sabzavot, yog‘-moy ekinlari ekadigan klaster va dehqonlarga hosilni sug‘urtalash xarajatining 50 foizi davlat hisobidan qoplab beriladi. Bundan buyon paxta va g‘alladagi kabi, oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirishda ham sug‘urta polisi kredit ta’minoti hisoblanadi. Bu yangilik ko‘plab dehqonlarning ishini osonlashtiradi.

Mahsulotlar mo‘l-ko‘l bo‘lishi sifatli uruqqa ham bog‘liq. Bugungi kunda mamlakatimiz bo‘yicha har yili 300 ming tonna kartoshka, 6 ming tonna dukkakli va 11 ming tonna moyli ekinlar urug‘ini tayyorlash zarur.

Bu borada yaxshi tajribalar ham talaygina. Masalan, Samarqand viloyati Oqdaryo tumanida tadbirkorlar 450 sentnergacha hosil beradigan elita kartoshka urug‘i yetishtirmoqda.

Prezidentimiz bu tajribani kengaytirib, xususiy sektor bilan birga, dukkakli va moyli ekinlar urug‘chiligida ham yo‘lga qo‘yish zarurligini ta’kidladi.

Har bir viloyatda kamida bittadan intensiv sabzavot ko‘chatchilik xo‘jaligi tashkil etish, hosildor yerlarning barchasini intensivga o‘tkazish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.

Yig‘ilishda qish-bahor oylarida meva-sabzavotlar narxini barqaror saqlash masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi.

 Mahsulotlarni saqlash va tashish imkoniyatlarini kengaytirish uchun yuk mashinalari, saralash va qadoqlash uskunalari xarid qilishga ham imtiyozli kredit ajratish taklifi bildirildi.

Prezidentimiz bu taklifni qo‘llab-quvvatladi. Ushbu maqsad uchun tijorat banklariga 140 million dollar ajratilgani, yana 330 million dollar yo‘naltirish imkoniyati borligi qayd etildi.

Agrologistika loyihalarida yuk avtomobillari xaridini ham nazarda tutish, issiqxona egalariga yengilliklar berish muhimligi ta’kidlandi.

“Agrolizing” aksiyadorlik jamiyatini transformatsiya qilib, dehqon va fermerlarga moliyaviy ko‘makchi bo‘ladigan tizimga aylantirishga ko‘rsatma berildi.

Tomorqachilikni rivojlantirish borasidagi ishlar ham ko‘rib chiqildi. Ko‘chma muzlatkichlar uchun yer maydonlarini ijaraga berish muddatlarini uzaytirish, aholiga o‘simliklarni himoya qilishda ko‘maklashish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.

Davlatimiz rahbari joylarda ko‘zbo‘yamachiliklar, qo‘shib yozish holatlari uchrayotganini keskin tanqid qilib, soha mutasaddilarini ogohlantirdi.

Oziq-ovqat mahsulotlarini ko‘paytirib, xalqimiz farovonligini ta’minlash, fermer va dehqonlarning bu boradagi muammolarini hal qilib, ularga ko‘maklashish asosiy vazifa ekani ta’kidlandi.

  • Ko'rildi
    150
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+